Qizini kaltaklagan otaga sud hukmi o‘qildi: aslida voqeaga nima sabab bo‘lgan?
5 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudining ochiq sud majlisida Xurshid Abdurahmonovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar beradi.
Dastlab, «Uchburchak» ko‘rsatuvida, keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan videolavhada ota o‘z qizini kaltaklagani tasvirlangandi. Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar IIBBga qarashli «Qo‘riqlash 6-alohida bataloni» sobiq xodimi Xurshid Abdurahmonov ushbu jinoyatni sodir etgani sud tomonidan aniqlangan. Abdurahmonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismining «a,v» bandlari, 139-moddasi 3-qismining «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topildi. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida yuqorida sanab o‘tilgan moddalardan tashqari, JKning 140-moddasi 2-qismi va 130-moddasi 2-qismining «a» bandi bilan ayblov e'lon qilingandi. Biroq sudda JKning 140-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi topilmagan, shuningdek, Abdurahmonov JKning 130-moddasi 2-qismining «a» bandi bilan aybsiz deb topilgan. Unga nisbatan jinoyat ishini bu qismi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan tugatildi.
Abdurahmonovga nisbatan uzil-kesil o‘tash uchun 6 oyga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Sudya Dilmurod Valiyev hukmni o‘qib tanishtirarkan, jazoni o‘tash muddati 2017 yil 13 noyabrdan, ya'ni Xurshid Abdurahmonov ehtiyot chora sifatida qamoqda saqlanayotgan davrdan boshlab hisoblanishini ta'kidlab o‘tdi. Demak, Abdurahmonov sud hukmi o‘z kuchiga kirgan paytdan boshlab, ikki oy o‘tib o‘z oilasiga qaytishi mumkin.
KUN.UZ muxbiri bilan suhbatlashgan Abdurahmonovning yaqin qarindoshini aytishicha, Xurshid qiziga nisbatan otalik huquqidan mahrum etilgan.
«Uchtepa tuman hokimiyati huzuridagi Vasiylik masalalari bo‘yicha faoliyat olib boruvchi Xaqnazar ismli yigit barchasiga birdan nuqta qo‘ydi: birtaraflama o‘rganilgan ishda Xurshid otalik huquqidan mahrum etildi. O‘g‘li esa onasi bilan ketishni istamayapti. MIB xodimlari ham bunga majburlay olmadi. Qizini emizikli paytidan boqib, tarbiya qilib kelaman. U otasini sud majlisida ko‘rib, rosa dodlab yig‘ladi», deydi u.
Abdurahmonovning yaqin qarindoshi «ota qizini urgani»ga nima sabab bo‘lganini izohlab o‘tdi.
«Kelinimiz opasining qistovi bilan 2015 yil may oyida tijorat maqsadida Turkiyaga bordi. O‘sha yili 23 sentabr kuni ikki yoshli qizaloqni begona shaxsga tashlab ketgan ona o‘g‘lini ham unutgandi. Buning ustiga u Xurshidga fahsh aralash suratlarini yuborgan. Alamzada bo‘lib, xotinini O‘zbekistonga qaytishini istagan Xurshid qizini kaltaklagan. U o‘z harakatlarini anglamagan. 2017 yildagina qaytib kelgan kelinimizni o‘z qizi ham tanimadi», deb so‘zlab beradi u.
Shuningdek, KUN.UZ muxbiri sudlanuvchi Xurshid Abdurahmonov bilan sud binosida suhbatlashdi.
«Men qizimni kaltaklaganimni tan olaman, xotinimni qaytarish uchun lavhani unga yuborganman. O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, Turkiyada uning turli aysh ishlar bilan shug‘ullanib yurgani bilan hech kimning ishi bo‘lmadi. Qizimni mendan nohaq tortib olishdi va axloqi buzuq ayolning qo‘liga topshirishdi», deydi sudlanuvchi.
Kun.uz muxbiri Abduraxmonovning sobiq xotini tasvirlangan hayosiz suratlar bilan tanishib chiqqach, Abdurahmonovning 7-sinfda tahsil olayotgan o‘g‘li bilan suhbatlashdi. Bola ko‘zlariga yosh olib, onasi uni begona uyda qoldirib ketganini esladi.
«Men onamga qaytmayman. U meni shunchalar xo‘rlaganki, bunday ruhiy iztirobni qaytadan boshdan kechirish niyatim yo‘q. 16 may kuni tug‘ilgan kunim, shu kunga qadar otam uyda bo‘ladi. Singlimni ham olib kelamiz, biz endi o‘zimiz yashayveramiz», deydi Abdurahmonovning 14 yoshli o‘g‘li.
Sud majlisiga to‘plangan Abdurahmonovning qarindoshlari «Uchburchak» ko‘rsatuvida barcha voqealar birtaraflama aks ettirilgani, aslida ayolning Turkiyada nima ishlar qilib yurgani, farzandlarining intervyusi efirdan uzib qo‘yilganini iddao qildi.
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
15:05 / 12.11.2024