O‘zbekiston | 23:50 / 06.03.2018
65104
7 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirishga qaratilgan qarori imzolandi

6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev PQ-3589-sonli «Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zAda ushbu qarorga sharh berildi. So‘nggi yillarda respublika iqtisodiyoti va aholisiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tarmog‘i ko‘lami 1,4 baravarga ortdi, respublika bo‘yicha 117 ta yo‘lovchi avtovokzali va avtostansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 

Harakatdagi tarkibni zamonaviy, qulay avtobuslar, mikroavtobuslar, yuk avtomobillari bilan yangilash, yo‘nalishlarni oqilona tashkil etish va kengaytirish, tashishlar xavfsizligi choralarini kuchaytirish hisobiga aholining avtomobil tashishlariga ehtiyojini imkon qadar to‘laqonli ta'minlash avtomobil transportini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishidir. 

Ushbu faktorlarni hisobga olgan holda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi: 

birinchidan, sohada kichik tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qonunchilik darajasida qulay shart-sharoitlar yaratildi; 

ikkinchidan, yo‘lovchilar avtovokzallari va avtostansiyalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, yangi yo‘lovchi yo‘nalishlarini ochish, avtomobil transporti harakatdagi tarkibini yangilash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda; 

uchinchidan, tashishlar yo‘nalishlarini tender orqali joylashtirish mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan avtomobil transporti xizmatlari bozorida bozor munosabatlari va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda; 

to‘rtinchidan, avtomobil tashishlarini boshqarish tizimiga tadbirkorlar tomonidan tegishli davlat xizmatlarini olishda ruxsat berish va litsenziya jarayonlarini maksimal darajada soddalashtirish, talab etilayotgan hujjatlar soni, ularni taqdim etish muddatlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi yagona axborot-integrallashuv tizimi joriy etilgan. 

Shu bilan bir qatorda, avtotransport xizmatlari sohasini jadal rivojlantirishning mavjud imkoniyatlari va zaxiralaridan to‘liq hajmda foydalanilmayapti. Avtotransport xo‘jaliklarini modernizatsiya qilish zamonaviy talablar darajasida emas, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va intellektual transport tizimlari yetarli darajada joriy etilmayapti, avtotransport xizmatlari eksporti-importi va tranzit salohiyatidan foydalanish darajasi pastligicha qolmoqda. 

Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, tashkiliy va institutsional o‘zgarishlarni samarali amalga oshirish, avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga ko‘maklashish va avtomobil tashishlari xavfsizligini ta'minlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi: 

birinchi – Agentlikning kemachilik Registri tomonidan daryo transportining davlat boshqaruvi va tartibga solish funksiyalari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining kichik hajmli kemalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat inspeksiyasi funksiyalari bilan o‘xshashligi inobatga olinib, Agentlikning kemachilik Registri O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqaruviga o‘tkazilmoqda; 

ikkinchi – avtotransport sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organlarining ortiqcha takrorlovchi jarayonlari bekor qilinmoqda; 

uchinchi – 2018-2021 yillarda 437 ta yangi yo‘lovchi yo‘nalishlarini tashkil etish hamda 84 ta avtovokzal va avtostansiyani qurish va rekonstruksiya qilishning, iqtisodiyot sohalari va aholining respublika chekka mintaqalarida tashishlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda yangilangan maqsadli ko‘rsatkichlari, shuningdek, yuklarni xalqaro avtomobilda tashishlarni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilarning og‘ir yuk tashuvchi 3824 ta avtotransport vositalari parkini yangilashning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanmoqda; 

to‘rtinchi – avtomobil tashuvlari bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun shaharlar va tumanlarda avtomobil tashuvlarini muvofiqlashtirish shu'balari tashkil etilmoqda; 

beshinchi – avtomobil transportini boshqarish tizimiga intellektual transport tizimi innovatsiya loyihalarining zarur elementlarini joriy etishni nazarda tutuvchi, umumiy qiymati taxminan 90 milliard so‘mni tashkil etuvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish Dasturi tasdiqlanmoqda, jumladan: 

umumiy foydalanishdagi yo‘lovchilar tashishlarni amalga oshirishni onlayn tarzda avtomatlashtirilgan monitoring qilish tizimini tezkor xizmatlar tizimlari bilan integrallashgan holda yaratish va joriy etish; 

umumiy foydalanishdagi shahar yo‘lovchilar transportida yagona avtomatlashtirilgan yo‘l haqi to‘lovi tizimini joriy etish; 

belgilangan vazifalar va funksiyalar bajarilishining tezkorligi va sifatini oshirishga hamda ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirishga imkon yaratuvchi “O‘zavtotrans” agentligi faoliyatining avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini yaratish; 

oltinchi – tashishlar jarayoni, avtovokzallar va avtostansiyalar faoliyatining markazlashgan nozimlik nazorati va boshqaruvi tizimini yaratish va joriy etish nazarda tutilmoqda; 

yettinchi – joylardagi mahalliy davlat organlari qaramog‘ida bo‘lgan umumiy foydalanish yo‘lovchi yo‘nalishlaridagi to‘xtash bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash nazarda tutilmoqda; 

sakkizinchi – sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadlari uchun O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. 

to‘qqizinchi – Avtomobil transporti sohasini yosh mutaxassislar bilan ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tarkibidagi 3 ta (Nukus avtomobil yo‘l xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji, Andijon transport va xizmatlar ko‘rsatish kasb-hunar kolleji hamda Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji) “O‘zavtotrans” agentligi tarkibiga o‘tkazilmoqda. 

«O‘zavtotrans» agentligi qoshida avtomobilda yo‘lovchilar yoki yuklar tashish, transport-logistika faoliyatini amalga oshiruvchi mustaqil ixtisoslashgan, yuridik shaxs huquqlari bilan unitar korxonalar tashkil etiladi. 

Avtotransport vositalarining og‘irlik va gabarit ko‘rsatkichlari nazoratini joriy etish bo‘yicha statsionar va ko‘chma maskanlarni amalda joriy etish chora-tadbirlari rejalashtirilmoqda. 

Mazkur qarorning ijrosini ta'minlash O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportini tashkil etish tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi va tartibga solish funksiyalarini aniq belgilab olish, tashkiliy va institutsional o‘zgartirishlar, xizmat ko‘rsatish bozori hamda avtomobil tashishlari xavfsizligini shakllantirish va rivojlantirish masalalarini hal etishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblangan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi faoliyati samaradorligini oshirishga imkon yaratadi. 

Mavzuga oid