Jamiyat | 15:38 / 07.03.2018
117553
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda dahshatli qotillik ro‘y berdi

3 mart kuni soat 13:30-14:00 lar atrofida Namangan shahri, Nodim Nomongoniy ko‘chasi, 8-uy, 18-xonadonda yuz bergan yong‘in ichidan Namangan shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi M.E.ning urib o‘ldirilgan jasadi topildi. Bu haqda «KUN.UZ» muxbiriga «Obihayot» mahalla fuqarolar yig‘ini faollaridan biri xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mudhish jinoyatga qo‘l urganlar - 1994 va 1997 yillarda tug‘ilgan yangiqo‘rg‘onlik aka-uka M va R ko‘pqavatli uy oldida 15 yoshli bolaning maktabdan chiqib, uyiga kelishini kutib turishgan. Manbaning aytishicha, ular xonadon sohibi, kasbi shifokor bo‘lgan I.E. bilan avvaldan tanish bo‘lishgan, mazkur xonadonga bir necha marta kirib-chiqib turishgan. Ular M.E uyga kirgach, eshikni taqillatib kirishgan va kirib olishgach, eshikni ichkaridan qulflashgan. Bu shaxslar o‘smirni elektr toki bilan qiynoqqa solishgan, boshi va tanasining turli qismlariga to‘mtoq jism bilan urib, o‘ldirishgan. So‘ngra uyni yoqib yuborishgan va voqea joyidan ketishgan.

1968 yilda tug‘ilgan I. Esonovning uyida yuz bergan yong‘in hidini sezgan qo‘shnilar zudlik bilan tegishli joyga xabar berishgan, ko‘rilgan choralar natijasida yong‘in o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida uyning 20 kv.m. maydonida shift qismi, uy-jihozlari yonib zarar ko‘rgan. Yong‘inni o‘chirish vaqtida M.E.ning boshi va tanasining turli joylariga urib jarohat yetkazilgan va kuygan holdagi jasadi topilgan.

Huquqni muhofaza qilish organlarining sa'y-harakatlari bilan mazkur mudhish xunrezlikka qo‘l urgan aka-uka ushlandi. Ayni vaqtda ushbu holat yuzasidan dastlabki surishtiruv-tergov ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid