O‘zbekiston | 14:41 / 07.03.2018
17517
3 daqiqa o‘qiladi

Jazoni o‘tash muassasalarida inson huquqlarini ta'minlash bo‘yicha Bosh prokuraturaga axborot kiritildi – Oliy sud

Foto: Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash yuzasidan Oliy sud tomonidan ilk marotaba jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazish uchun javobgarlik belgilangan Jinoyat kodeksining 235-moddasi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish bo‘yicha 2016 va 2017 yillardagi sud amaliyoti umumlashtirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati.

Umumlashtirish natijalari Oliy sud Rayosatida ko‘rib chiqilib, qiynoqqa solish va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llash jinoyatlari bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha jazoning muqarrarligi ta'minlash, yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qarorini ishlab chiqish taklif etildi.

Oliy sud tomonidan ichki ishlar idoralari xodimlari orasida bu toifa jinoyatlarni sodir etishga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritildi.

Shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov va jazo o‘tash muassasalarida inson huquqlari muhofazasini ta'minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga axborot kiritildi.

Viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlar raislari e'tibori Jinoyat protsessual kodeksining 298-moddasiga muvofiq xususiy ajrim chiqarib tegishli davlat organlari mansabdor shaxslaridan mazkur jinoyatlar sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishni talab qilishga qaratildi.

Ma'muriy sudlar sudyalaridan huquqbuzarlarga ma'muriy qamoq bilan bog‘liq jazo tayinlashda, huquqbuzarlikni tasdiqlovchi omillarning mavjudligi, ma'muriy qamoq tayinlashning maqsadga muvofiqligiga qat'iy baho berish talab etildi.

Shuningdek, barcha sudlarga joylarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jazoni ijro etish muassasalari xodimlari orasida ushbu jinoyatlarni oldini olish maqsadida targ‘ibot tadbirlarini keskin kuchaytirish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid