Jahon | 11:06 / 12.03.2018
50630
18 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi Mao. Raqiblarini qamoqqa tashlagan va Xitoy yetakchisiga aylangan «kamgap Si»

Foto: REUTERS/Tyrone Siu

Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi deputatlari (BXVY) - qonun chiqaruvchi oliy organ - Xitoy Xalq Respublikasi raisi lavozimini egallashga cheklovlarni bekor qildi. Bugungi kunga qadar ushbu lavozimlarni ketma-ket ikki muddatdan ortiq egallash mumkin emas edi. Endi esa, bosh kotib Si Jinping ikkinchi muddati tugagach, 2023 yildan keyin ham o‘z lavozimida qolishi mumkin. Xitoyning hozirgi yetakchisi tarjimai holidan ba'zi tafsilotlarni keltiramiz.

Ko‘pchilik hozirgi Xitoy haqida faqat ikki narsani biladi: u yerda juda ko‘p odam yashaydi va u yerda, katta ehtimol bilan, hamon kommunizmni qurishmoqda, ammo kapitalistik jihat bilan. Biroq, aksariyat Xitoy prezidentining nomini eslay olmaydi, aynan uning pozitsiyasi hozirda jahon siyosati va iqtisodiyotiga ta'sir ko‘rsatmoqda.

Biroq, xitoyliklarning o‘zi ham o‘z yetakchilari haqida ko‘p narsani bilishmaydi.

«Indamas Si» - Si Jinping besh yil oldin Xitoy yetakchisi bo‘lganida ko‘pchilik uni shunday atagan. Bundan tashqari, Xitoy bosh kotibining g‘azab otiga minganini ko‘rish deyarli imkonsiz, deyishgan - nima bo‘lishidan qat'i nazar, uning yuzida doimo qat'iy tabassum o‘ynaydi va bu ming yillik Xitoyning tashqi dunyoga bo‘lgan munosabatini o‘zida aks ettiradi.

Katta sakrash qurboni

Si Jinping 1953 yilning 1 iyun kuni Pekinda, partiya yetakchilaridan biri Si Junsunning oilasida tug‘ilgan. Si Junsun partiya MQ mafkura bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan. U 1959 yilda, partiyaning VIII qurultoyida Siyosiy byuro tarkibiga saylangan va XXR Davlat kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan – ya'ni Maodan so‘ng mamlakatdagi ikkinchi shaxs.

Si Jinping (chapda) otasi va ukasi bilan, 1958 yil. Foto: wikipedia.org

Biroq Si Junsunning partiyadagi faoliyatiga adabiyotga bo‘lgan muhabbati zarar yetkazdi. U 50-yillar boshida yoshlikdagi do‘sti – qiziq qo‘mondon Lyu Jidan haqida kitob yozgan. Hammasi ham yomon emasdi, biroq “qizil bahodir Lyu”ning eng yaqin safdoshlaridan biri sifatida u Gao Ganni tilga olgan – XXR Davlat reja qo‘mitasi sobiq raisi – kitob chiqqanidan ikki yil o‘tib u xalq dushmani sifatida e'lon qilindi. Si Junsunning kitobi haqida faqat 1962 yilda, Xitoy partiyasida “katta tozalash” vaqti kelganida eslashdi.

Ammo, Sining qulashiga sabab bo‘lgan boshqa narsa ham bor edi. Mao 50-yillar oxirida Katta sakrash yangi strategiyasi boshlanganini ma'lum qildi. Yakunda ushbu Katta sakrash iqtisodiy falokat bilan tugadi: mamlakatda ocharchilik boshlandi, u bir necha yil ichida 45 mln odamni hayotdan olib ketdi.

Foto: wikipedia.org

Albatta, Katta sakrashning muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga kimdir javob berishi kerak edi, hamda Maoda partiyada tozalash boshladi, o‘shanda o‘n minglab partiya rahbarlari xalq dushmani sifatida e'lon qilindi. Ular orasida Si Junsun ham bor edi.

Xalq dushmanining o‘g‘li

Foto: REUTERS/Jason Lee

Lekin Si Junsunga omad kulib boqdi – uni otib ham tashlashmadi, qamoqda ham chiritib yuborishmadi. Uni shunchaki barcha lavozimlardan ozod etib, Xenan provinsiyasidagi Loyan shahrida qurilayotgan traktorsozlik zavodiga direktori qilib jo‘natib yuborishadi.

U lagerga faqat 1967 yilda tushdi, Xitoyda Madaniy inqilob boshlangan paytda. O‘shanda Maoning siyosiy raqiblari “ichki va tashqi revizionizm bilan kurash” niqobi ostida yo‘q qilina boshlandi. Dushmanlar bilan esa yosh xunveybinlar kurash olib bordi. Ular Siga ham hujum qilib, uni chala o‘lik holatga kelgunicha do‘pposlashdi, so‘ng lagerga jo‘natib yuborishgan.

O‘shanda yosh Si Jinping endi 13 yoshda edi. U onasi Si Sin, singlisi Tsyaotsyao va ukasi Yuanpin bilan Shansi provinsiyasiga qochib o‘tdi. Qishloqda esa ular baribir mahalliy xunveybinlarning qo‘liga tushishdi.

“Aksilinqilobchi”ning o‘g‘li sifatida Si Jinping ukasi bilan cho‘chqalarga qarashi va cho‘chqaxonada yashashi kerak edi.

Si Jinpingning o‘zi oradan ancha yillar o‘tib Xitoy jurnallaridan biriga bergan intervyusida shunday eslagan:

- Yoshligim haqida nima eslay olaman? Faqat doimiy ochlik va sovqotish hissi. Yana har kunlik og‘ir mehnat, doimiy kaltaklashlar va yolg‘izlikni eslayman. Yetti yil davomida cho‘chqaxonada yashadim. G‘ishtlardan qilingan karavotda yotardim, ustimga esa burgalar bilan to‘lib toshgan adyolni yopganman. Men cho‘chqalar bilan bitta paqirdan chuv ichganman...

Cho‘chqaxonadan - partiya knyazlaridan biriga

Foto: REUTERS/Minh Hoang

Hammasi 1976 yilda, Mao Tszedunning o‘limidan so‘ng hukumat tepasiga islohotchi Den Syaopin kelganida o‘zgardi. Kichik Si siyosiy kurs o‘zgarganini darhol payqadi. Garchi otasi hamon xalq dushmani bo‘lib, mehnat lagerlarida qolayotgan bo‘lsada, unga cho‘chqaxonani tark etishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, siyosiy repressiyalar qurbonlarini reabilitatsiya qilish bo‘yicha kampaniya doirasida kichik Si kompartiyaga qabul qilindi va o‘sha cho‘chqaxona brigadasigi partiya tashkiloti kotibligiga tayinlandi. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay u Pekinga ketib, Sinxua universitetining kimyo-texnologiya fakultetiga o‘qishga kirdi.

1978 yilda katta Si reabilitatsiya qilindi. U Syaopinning qo‘llab-quvvatlovi bilan Guandun provinsiyasi gubernatoriga aylandi. 1980-yillarda, XKP MQ kotibiyatiga saylangan Junsun iqtisodiy liberallashuv siyosatini boshladi. Shuningdek, katta Si “maxsus iqtisodiy zona” poytaxti – Shenchjen shahri qurilishiga kurator bo‘ldi.

"Otasining o‘g‘li" xalqqa kirib bordi

Foto: REUTERS/Fred Dufour

Kichik Si kimyo-muhandisi diplomini olib, partiyadagi karerasini boshladi. So‘ng otasining yordami bilan XXR Davlat kengashining o‘sha paytdagi bosh vazir o‘rinbosari Gen Byao kotibiga aylandi. Otasining ko‘rsatmasi bilan u Xitoyning Buyuk Britaniyadagi elchisi qizi - Ke Syaominga uylandi. Biroq, bu nikoh kichik Siga to‘g‘ri kelmadi. Ularning o‘sha paytdagi qo‘shnilari xotirasiga ko‘ra, yoshlar har kuni janjallashishgan. Oliy ma'lumotli va juda go‘zal Ke Pekindagi hayotdan charchagandi, bunda deyarli har bir qadam partiya organlari va maxsus xizmatlar nazoratida bo‘lgan. U erini hammasini tashlab, G‘arbga qochib ketishga chaqirardi, lekin kichik Si bu qochish otasi va butun oilasiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini yaxshi tushunardi.

1982 yillarda ular ajrashishdi. Ke mamlakatni tark etdi va Angliyaga ko‘chib o‘tdi, Jinping esa Xitoyda qoldi. Kichik Si barcha lavozimlarni tark etib, Jendin shahriga jo‘nab ketadi.

Tyananmendan keyingi vaziyat

Foto: wikipedia.or/Derzsi Elekes Andor

Jendinda kichik Si uch yil ishlab, bu qashshoq shaharni yirik turistik markazga aylantira oldi. Biroq, Si Jinpingning o‘zi muvaffaqiyatlariga katta baho bermaydi:

- Jendinda men odamlar bilan ishlashni boshladim, - degandi u intervyularidan birida.

1985 yilda kichik Si Syamen shahri meri o‘rinbosari bo‘ldi. Biroq, bu yerda Jinping qat'iy qadamlarga qodir ekanini ko‘rsata oldi – 1986 yilning yozida u shaharda talablar namoyishlariga keskin nuqta qo‘ydi.

Si Jinpingning qat'iyligi va keskin harakatlarga qodir ekani uch yildan so‘ng – Tyananmen maydonidagi hodisalarda yanada aniq ko‘rindi. Ushbu hodisalardan so‘ng mamlakat provinsiyalarida ommaviy hibsga olishlar yuz berdi.

Yakunda Si Jinpingning karerasi vertikal jihatdan rivojlandi – 1989 yilda Futszyan provinsiyasi partiya yetakchisiga va Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi okrug partiya tashkiloti birinchi kotibiga aylandi. Biroq, shundan so‘ng uning faoliyatida katta tanaffus yuz berdi. Xitoyning yangi yetakchisi Tszyan Tszemin asosan o‘z odamlarini katta lavozimga qo‘ydi.

Vaziyat faqatgina 2002 yilda o‘zgardi, o‘shanda Xitoyda Xu Jintao hokimiyat tepasiga keldi va Pekinda kichik Si nomzodi haqida eslab qolishdi. Oradan ko‘p o‘tmay u Jyetszyan gubernatori lavozimiga tayinlandi.

Foto:REUTERS/Tyrone Siu

Shu bilan birga, Si Jinping 90-yillar boshida ikkinchi marta uylandi – bu safar “Xitoy armiyasi oltin ovozi” xonanda Pen Liyuanga. Pen Liyuanning to‘yi haqidagi xabar portlab ketgan bomba effektini berdi – hech kim u bu “indamas Si”ning nimasini yoqtirib qolganini tushunmasdi.

1992 yilda ular qizli bo‘lishdi. Bugun Xitoy yetakchisining qizi haqida ko‘p narsa ma'lum emas. Hozirda u Pekinda yashaydi, bir necha yil davomida Harvardda o‘ylab topilgan taxallus ostida o‘qigan.

Ish Shanghayda bo‘lgandi

Foto: flickr/mariusz kluzniak

Xitoyda hokimiyat uchun kurash asta-sekin kechadi. Mamlakatda har besh yilda partiya qurultoylari bo‘lib o‘tib, ularda kadrlar bo‘yicha qabul qilib bo‘lingan qarorlar tasdiqlanadi. Hech qanday kutilmagan holatlar va jiddiy o‘zgarishlar yo‘q – Xitoyda hech kim yana bitta “madaniy” yoki boshqa inqiloblarni istamaydi. Biroq, ba'zi o‘zgarishlar baribir yuz beradi. Masalan, 2002 yilda Xitoyning yangi yetakchisiga Xu Jintao aylandi, u – mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra – hokimiyat tepasida 10 yildan ko‘p qolishi kerak emasdi, ya'ni 2012 yilgacha. Biroq Xu Jintaoning vorisi nomzodi Pekinda 2007 yilda muhokama etila boshlandi – navbatdagi partiya qurultoyi arafasida. Bu yerdagi mantiq tushunarli va oddiy: davlat rahbari aynan partiya qurultoyida vorislarni ilgari surish va ularni mamlakat oliy rahbariyati tor doirasiga kiritishni boshlaydi. 

O‘shanda Chen Lyan'yuy – XKP MQ Siyosiy byurosi a'zosi va Shanghay XKP viloyat qo‘mitasi rahbari asosiy nomzod edi. U sobiq bosh kotib Tszyan Tszeminning qudratli “Shanghay to‘dasi” vakili edi. Chen Lyan'yuy "to‘da" kuchiga shu qadar ishonganki, hattoki bir necha marta Siyosiy byuro yig‘ilishlarida Xu Jintao bilan ochiqdan-ochiq bahsga kirishgan. Biroq Siyosiy byuroda bundaylar kechirilmaydi.

2006 yilda Chen Lan'yuy Davlat xavfsizlik vazirligi agentlari tomonidan mahalliy Pensiya jamg‘armasidan 400 mln dollarni talon-toroj etish ayblovi bilan kutilmaganda hibsga olindi. Ishni surishtiruvdan o‘tkazish Shanghay hokimi lavozimiga tayinlangan "indamas Si"ga topshirildi. Yakunda Chen Lyan'yuy 18 yilga qamaldi, “to‘da”dan bo‘lgan boshqa o‘nlab yirik amaldorlar ham hibsga olindi.

2007 yilda mamlakat Xu Jintaoning ehtimoliy vorisi nomini bildi. Biroq, taxt tepasiga da'vogarlar ro‘yxatida Si Jinpingdan boshqalar ham bor edi. Asosiy raqib – Laonin provinsiyasida XKP qo‘mitasi sobiq kotibi Li Ketsyan. Boshqa bir da'vogar – “Shanghay to‘dasi” a'zosi, XXR jamoat xavfsizligi vaziri bo‘lgan Jou Yunkan edi.

Ammo, hammasini 2008 yilgi Pekindagi Olimpiya o‘yinlari hal qildi – uni Xitoy Xalq Respublikasi raisining o‘rinbosari etib saylangan Si Jinping nazorat qildi. Xitoy terma jamoasining sportdagi zafaridan so‘ng, hech kimda Xitoyni kelajakka olib boradigan shaxs borasida shubha qolmadi.

Beshinchi avlod to‘rtinchiga qarshi

Foto: REUTERS/Jason Lee

Xitoy siyosati chetdan qaraganda an'anaviy mahalliy teatr - "tszinsi"ni eslatadi, bunda sahnada nimadir yuz beradi, biroq aynan nimalar bo‘layotgani – umuman tushunarsiz. Har holda, vaziyatdan xabardor bo‘lmagan tomoshabinlar uchun. Xabardorlar esa ro‘y berayotgan hodisani tushuntirishmaydi. Xitoy siyosatida ham shunday yozilmagan qonunlar bor – barcha asosiy voqealar omma ko‘zidan yashirin joyda, ichkarida, yo‘laklar va kabinetlarda ro‘y beradi. Ba'zida "tszinsi" teatri qonunlari buziladi, hamda o‘shanda tomoshabinlar sahna ortidagi barcha mexanizmlarni ko‘rishadi.

Si Jinping bilan 2012 yilning sentabrida, XKP 18-Butunxitoy qurultoyi arafasida shunday bo‘ldi – Si va xitoylik boshqaruvchilarning “beshinchi avlodi” aynan shu qurultoyda hokimiyat tepasiga keldi.

Si Jinping qurultoy arafasida bir necha haftaga yo‘qolib qoldi. Bundan tashqari, u AQSh davlat kotibi Hillari Klinton, Singapur bosh vaziri, Rossiya vazirlari bilan uchrashuvlarini bekor qildi. Biroq, Amerikaning The Washington Post nashrining hongkonglik manbalarga asosan xabar berishicha, aslida Si Jou Yunkanning “armiya guruhi” vakillari bilan yig‘ilishda do‘pposlangan. Go‘yoki, yig‘ilish paytida munozara haqiqiy mushtlashuvga aylangan, hamda darg‘azab bo‘lgan generallar XXR raisi o‘rinbosarini stul bo‘laklari bilan o‘ldirib qo‘yishlariga oz qolgan.

Shuning uchun, amerikalik jurnalistlarning iddao etishicha, Si Jinping ko‘kargan joylari yo‘qolishini kutib, bir necha hafta uyda yotishga majbur bo‘lgan.

Biroq, Si Jinping o‘zini xafa qilganlardan ayovsiz o‘ch oldi. Qurultoydan yarim yil ham o‘tmay Jou Yunkan qator korruptsion jinoyatlarda ayblanib hibsga olindi.

Si birinchi muddatida korrupsiya bilan kurash mavzusi asosiy kun tartibiga aylandi, u Li Ketsyan bilan ittifoq tuzib, avvalgi elita vakillarini qat'iy ravishda ta'qib qila boshladi. Korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi ko‘lami hayratlanarli: to‘rt yilda maxsus xizmatlar 1,35 mln amaldor va partiya arboblarini “tozalab tashlashdi”, yuz minglab amaldorlar – asosiy hokimiyatning yuqori “qavatlaridan” – umrbod ozodlikdan mahrum etildi yoki o‘lim jazosiga mahkum qilindi.

Foto:  REUTERS/Jason Lee

Qamoqqa olingan “og‘ir vaznlilar” orasida Markaziy harbiy kengash boshlig‘i o‘rinbosari Go Bosyun, Markaziy harbiy komissiya raisi o‘rinbosari Syuy Tsayxou, sobiq bosh kotib Xu Jintaoning sobiq bosh yordamchisi Ling Jixua va sobiq tijorat vaziri Bo Silay bor edi.

Darvoqe, aytishlaricha, Si Jinpingda Bo Silayga nisbatan shaxsiy adovat bo‘lgan – Bo Madaniy inqilob vaqtida poytaxtdagi xunveybinlar otryadlaridan biriga qo‘mondon bo‘lgan, ular keksa avlod vakillariga ov e'lon qilishgan. Mish-mishlarga ko‘ra, Bo Silay hattoki o‘z otasini ham ayamay, so‘roq chog‘ida uning barcha qovurg‘alarini urib sindirgan. Bo Silay bilan birgalikda uning rafiqasi Gu Kaylay ham hibsga olindi, u xitoylik amaldorlarning milliardlab pullarini ofshordagi raqamlarga o‘tkazishda yordam bergan britaniyalik tadbirkor Nil Heyvudning o‘ldirilishida ayblandi. Yakunda Gu Kaylay otuvga hukm qilindi, Bo Silay esa umrbod ozodlikdan mahrum qilindi.

Uchinchi muddatga

Foto: REUTERS/Aly Son

Si Jinpingning ehtimoliy vorisi haqida ko‘plab gap-so‘zlar chiqqandi, biroq 2017 yilning oktabrida bo‘lib o‘tgan 19-Butunxitoy kompartiya qurultoyi bunga hech qanday aniqlik kiritmadi. Agarda Si Jinpingda “oltinchi avlod”dan vakillari borasida o‘z fikrlari bo‘lgan bo‘lsa ham, ularni ochiqlamaslikka qaror qildi – provinsiyalar yosh gubernatorlari yoki Si lavozimga qo‘yganlardan birortasi hokimiyatning yuqori eshelonlariga kirish haqida “maxsus” taklifnoma olmadi. Boz ustiga, “voris” bo‘lmoqchi bo‘lgan ba'zilarga qarshi jinoiy ishlar ochildi. Masalan, Chuntsin shahar qo‘mitasi sobiq rahbari Sun Jentsay qurultoy arafasida barcha lavozimlardan olindi va Tsinchen qamoqxonasiga joylashtirildi.

Sining o‘zi 2022 yilda atigi 69 yoshda bo‘ladi. Masalan, Den Syaopin 73 yoshda Xitoy yetakchisiga aylangan. Mao Tszedun esa 70 yoshida mamlakatni endi boshqara boshlagan.

Xullas, Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishi deputatlarining Xitoy Xalq Respublikasi raisi lavozimini egallash muddati borasida cheklovlarni bekor qilgani shuni anglatadiki, Si Jinping 2023 yildan so‘ng ham hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolishi mumkin.

Mavzuga oid