Jahon | 08:12 / 14.03.2018
7812
2 daqiqa o‘qiladi

Angela Merkel to‘rtinchi marotaba Germaniya kansleri lavozimini egallaydi

Foto: AP/Scanpix

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 14 mart kuni Germaniyaning yangi kansleri va u bildirgan vazirlarni lavozimlarida tasdiqlaydi. Germaniya kansleri lavozimini to‘rtinchi marotaba Angela Merkel egallaydi.

Avvalroq Shtaynmayyer Merkel nomzodini ushbu lavozimga ilgari surganddi. Bundestag deputatlarining aksariyati Merkelni qo‘llab-quvvatlagani sababli ovoz berish shunchaki texnik ko‘rinish oladi.

Germaniyada 2017 yil sentabrda bundestagga saylovlar bo‘lib o‘tgan, undan keyin koalitsiyani shakllantirish bo‘yicha muzokaralar boshlangan. 12 mart kuni Berlinda muzokaralar ishtirokchilari – Merkel boshchiligidagi Xristian-demokratik ittifoq, Xorst Zeyexofer boshchiligidagi Xristian-sotsial ittifoq va Olaf Sholts boshchiligidagi Germaniya sotsial-demokratik partiyasi bo‘lg‘usi hukumatning keyingi 4 yilga siyosiy yo‘nalishini belgilab beruvchi koalitsiyaviy kelishuvni imzolashgan.

Germaniya kansleri vakolatlariga federal vazirlarni tayinlash va siyosiy yo‘nalishni belgilash kiradi. Kantsler bundestag tomonidan 4 yilga saylanadi va ishonchsizlik bildirish orqali muddati yakunlanishidan oldin lavozimidan chetlatilishi mumkin.

Kantsler nomzodi prezident tomonidan ilgari suriladi. Merkel hukumatiga kirgan partiyalar bundestagda ko‘pchilikka (399 o‘rin yoki 56 foiz ovoz) ega bo‘lgani sababli ovoz berish formal ko‘rinishda bo‘ladi.

Mavzuga oid