Fransiyaning sobiq prezidenti hibsda: uni nima kutmoqda?
2007-2012 yillarda Fransiya prezidenti sifatida ishlagan, mamlakatning o‘ng qo‘l tarafdori Nikolya Sarkozi Liviya sobiq prezidenti Muammar Qazzofiydan pora olganlikda ayblanmoqda. «Le Monde» nashrining bildirishicha, pora sifatida qabul qilingan pullar 50 million yevrodan ortiq bo‘lib, ularning katta qismi Sarkozining prezidentlik saylovoldi kampaniyasiga ishlatilgan.
Ayni masala ilk bor 2013 yilda paydo bo‘lgandi. Ya'ni, 2011 yil mart oyida marhum diktatorning o‘g‘li Saif al Islom Euronews jurnalisti bilan suhbat chog‘ida «Sarkozi Liviyadan olgan pullarni qaytarishi» lozimligini ta'kidlagan.
2012 yili «Mediapart» elektron nashri go‘yoki Sarkozi hisobiga kelib tushgan 50 million yevroni isbotlovchi hujjatlarni e'lon qilgach, politsiya bu masalaga jiddiy e'tibor qarata boshladi. O‘sha paytda amaldagi prezident sifatida Sarkozi barcha ayblovlarni inkor qilib, faoliyatini yakunlagandi.
2017 yil sentabr oyida Fransiya korrupsiya qarshi kurashish tashkiloti Sarkozi saylovoldi kampaniyasida moliyaviy manbalari ko‘rsatilmagan pullarni ishlatganini aniqladi. Kampaniya sobiq hisobchisi Erik Vorts noma'lum manba pullarni xayriya qilgani, tushum ishchilar o‘rtasida taqsimlanganini tan oldi.
Hamma gap shundaki, saylovgacha va undan keyin ham yaxshi munosabatlarni saqlab qolgan Fransiya va Liviya prezidentlarini turli maqsadlar bog‘lab turgan. 2007 yil Fransiyaga tashrif buyurgan Muammar Qazzofiy Parijda davlat rahbarining qarorgohida iliq kutib olindi. Neft va gazga boy Liviya xalqaro maydonda yakkalantirish siyosatida «ozor» chekib, qudratli davlatlardan birining doimiy yordamiga muhtoj bo‘lgan.
Fransiya uchun Liviyaning gaz va nefti Rossiya ta'siridan chiqib olish uchun muhim bo‘lgan. Shunga qaramay, 2011 yili NATO kuchlari Liviyaga bomba tashlaganda fransuz askarlari ham amaliyotda faol bo‘ldi.
Endilikda Sarkozi politsiya mahkamasida 48 soat davomida ushlab turilishi mumkin. Agar prokuror e'lon qilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topsa yoki inkor etib bo‘lmas hujjatlar mavjud bo‘lsa, Sarkozi sud oldida javob berishi tayin.
Mavzuga oid
13:55 / 21.07.2024
Liviya inqirozi: Qazzofiyning siyosati, ag‘darilishi va undan keyingi bo‘linish
11:40 / 18.06.2024
Liviyaning 42 yillik diktatori. Muammar Qazzofiy nima uchun o‘ldirilgandi?
23:07 / 06.10.2023
Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkoziga yangi ayblovlar qo‘yildi
16:31 / 18.08.2023