Jamiyat | 13:00 / 22.03.2018
11429
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar noqonuniy olib ketilayotgan xavfli «Ammiakli selitra» o‘g‘itlarini to‘xtatishdi

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Mamlakatimiz xavfsizligini ta'minlashda ammiakli selitradan portlovchi moddalarni yashirin tayyorlash uchun komponent sifatida foydalanish imkoniyatiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi. 

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda shu turdagi mahsulotlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish maqsadida Jizzax viloyati Jizzax shahri hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «Jizzax-Samarqand» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan haydovchi E.Z boshqaruvidagi «Gaz 330210» rusumli yuk avtoulovini to‘xtatib, bojxona nazoratidan o‘tkazishdi. 

Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, tekshiruv davomida avtoulov yukxonasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 1962 yilda tug‘ilgan, T.M.ga tegishli bo‘lgan, hech qanday hujjatlarsiz umumiy qiymati 2 395 848 so‘mlik, 50 kilogrammlik 60 dona polietelin qoplarga solingan mineral o‘g‘itlar noqonuniy ravishda olib ketilayotgani aniqlandi.

Ko‘zdan kechiruv davomida mazkur mineral o‘g‘itlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar e'tiborini chalg‘itish maqsadida erkin sotuvda mavjud bo‘lgan «karbamid» mineral o‘g‘iti uchun mo‘ljallangan polietelin qoplarga qadoqlangan holda olib ketilayotgani fosh etildi. Umumiy og‘irligi 3000 kilogrammni tashkil etuvchi «ammiakli selitra» mineral o‘g‘itlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Fuqaro T.M. o‘z ko‘rsatmasida ushbu mineral o‘g‘itlarni Jizzax viloyati Do‘stlik tumani hududidagi xonadonlardan biridan sotib olganini ma'lum qildi. Voqea joyiga tadbir ishtirokchilari tomonidan ko‘zdan kechirish maqsadida borilganda, fuqaro T.M. turli bahonalarni ro‘kach qilib mineral o‘g‘itlarni sotib olgan aniq manzilini ko‘rsatishdan bosh tortdi.

Hozirgi vaqtda, ushbu mineral o‘g‘itlarni manbaasini aniqlash bo‘yicha tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid