Jamiyat | 19:15 / 23.03.2018
13528
2 daqiqa o‘qiladi

Gaz idorasi bir guruh sobiq xodimlari firibgarlik jinoyatlari sodir qilganliklari aniqlandi

Olot tumani, Soloqorovul MFYda yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan L.R. 2005 yildan 2017 yilga qadar “Olot tumangaz” filialida turli vazifalarda ishlab kelib, aholining tabiiy gazdan bo‘lgan qarzdorligini undirish uning vakolatiga kirmasada, 2012 yildan 2016 yilga qadar 5 nafar fuqarolarni aldab, ulardan firibgarlik yo‘li bilan 2.820.000 so‘mlik pul mablag‘larni gaz to‘lovi uchun deb olib, ularga qalbaki kvitansiyalar taqdim etib kelganligi aniqlandi. Bu haqda Buxoro IIB xabar bermoqda.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida Eski Olot MFYda yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, “Olottumangaz” nazoratchisi vazifasida ishlagan O‘.A., ushbu filialning sobiq rahbari, Olot tumani, Xosabo‘yi MFYda yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan A.F. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, 2015 yilda 10 nafar fuqarolarni aldab, ulardan firibgarlik yo‘li bilan jami 16.560.600 so‘mlik mablag‘larni gaz to‘lovi uchun olib, ularga qalbaki kvitansiyalar taqdim etib kelganliklari, bundan tashqari, filialning sobiq rahbari A.F. 2015 yil 25 mayda ikki nafar  fuqarolardan 2.160.800 so‘mlik mablag‘larni gaz to‘lovi uchun olib, ularga mablag‘ to‘laganliklari haqida qalbaki ma'lumotnoma rasmiylashtirib berib, ushbu pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan L.R., O‘.A. va A.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi va 228-moddasi 2-qismi  bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid