Jamiyat | 19:02 / 31.03.2018
85609
2 daqiqa o‘qiladi

To‘y-hashamlar​ni ixchamlashtirishga oid asosiy hujjat qachon tayyor bo‘lishi ma'lum qilindi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Mamlakatning har bir hududida oilaviy tadbirlarni o‘tkazish borasida shakllangan o‘ziga xos urf-odat va an'analarni aholi ishtirokida yana bir bor chuqur o‘rganib chiqish va tahlil qilish Ishchi guruhining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

Ishchi guruh muhokamalar yakuni bo‘yicha tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ko‘rib chiqish uchun 2018 yil 10 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilishi nazarda tutilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Respublika ishchi guruhi aholining oilaviy tadbirlarni ixcham va kamxarj o‘tkazish bo‘yicha, shu jumladan guzarlarda arzon va kichik to‘yxonalar qurish, to‘yxonalarga kamera o‘rnatish, to‘yxonalar xizmat haqi, oilaviy tadbirlarni, ayniqsa, osh berish tadbirlarini o‘tkazish vaqti (kuni), to‘y xizmat ko‘rsatishi bilan bog‘liq masalalarga oid fikrlarini o‘rganadi.

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda oilaviy tadbirda san'atkorlar va boshqalar (boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf, tasvirchi va boshqalar) tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarning shartnoma asosida amalga oshirilishi va soliqqa tortilishi bilan bog‘liq masalani chuqur o‘rganib chiqishi kutilmoqda.