O‘zbekiston | 19:40 / 01.04.2018
124438
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sud: jinoiy guruh a'zolari o‘sha yerning o‘zida to‘polon ko‘tarishdi (video)

Foto: STV telekanali

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida jami 12 kishidan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Ushbu jinoiy guruhni aka-uka Ismoil va Isroil Xoliqov boshqarib kelgan. Jinoiy guruh a'zolari odamlarni qo‘rqitish, tovlamachilik va talonchilik bilan shug‘ullanishgan. Bu haqda STV telekanali xabar bermoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruh o‘z qilmishlarini amalga oshirish jarayonida ularni videotasvirga olib, internet tarmog‘iga joylashtirib kelgan. Sud majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudida bo‘lib o‘tdi. Ushbu majlis ochiq shaklda o‘tkazildi, unda sudlanuvchilarning qarindoshlari, yaqinlari, huquqshunoslar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Sud har bir jinoyatchining ishini alohida ko‘rib chiqdi. Ularning jinoyatiga yarasha sudya tomonidan hukm o‘qilayotgan payt, sud panjarasi ortida bo‘lgan ayblanuvchilar o‘zlarini g‘alati tutib, shovqin-suron ko‘tarishgan. Tasvirlardan ko‘rish mumkinki, ularning ayrimlari hatto boshlarini panjaraga urib, o‘zlariga tan jarohati yetkazishga harakat qilishgan. Oqibatda sud to‘xtatilib, o‘sha yerda bo‘lgan ichki ishlar xodimlari tomonidan zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan.

Ko‘rib chiqilgan materiallar va yig‘ilgan ashyoviy dalillar asosida ayblanuvchilarga sud hukmi o‘qildi. Xavfli jinoiy guruh tashkilotchisi Ismoil Xoliqov O‘zR Jinoyat Kodeksining 59-moddasiga (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) ko‘ra aybdor, deb topilib 17 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Ismoil Xoliqovning ukasi, jinoiy guruh rahbarlaridan biri Isroil Xoliqov ham tegishli moddalar bilan xuddi shuncha yilga ozodlikdan mahrum etildi. Guruhning qolgan a'zolariga ham uzoq muddatli jazolar tayinlandi. Jinoyatchilar jazoni qattiq tartibdagi koloniyalarda o‘tashadi.

Ushbu xavfli jinoiy guruhning ayrim a'zolari hali qidiruvda ekani ham ma'lum qilingan.

Mavzuga oid