Sport | 16:31 / 03.04.2018
20209
7 daqiqa o‘qiladi

Buffonning imkoni. Chempionlar ligasida chorak final o‘yinlari

Bugun, 3 aprel kuni Yevropa Chempionlar Ligasida chorak final uchrashuvlari boshlanib, 4 aprel kuni davom etadi. «Tribuna» chorak finalning birinchi uchrashuvlari anonsini taqdim etadi.

Jijiga uyqu bermas Ronaldu

Foto: AFP

«YuVeNTUS» - «ReAL»
Bugun. Turin. «Allyants». 23:45 (Match TV)
Hakam: Junayt Chaqir (Turkiya)

«Real» oxirgi marta 3 yil muqaddam Chempionlar ligasidan erta chiqib ketgandi. O‘shanda «Qirollik klubi»da hali Karlo Anchelotti ishlar, darvozani Iker Kasilyas qo‘riqlar, «Yuventus» hujumida Teves-Morata juftligi harakatlanardi. O‘sha bahorda turinliklar madridliklarni yarim final umididan mosuvo etgan va yakunda Karlo Anchelotti iste'foga chiqishiga sababchi bo‘lgandi. Italiyalik mutaxassis mavsumni sovrinsiz yakunlagan va «Santyago Bernabeu»ni tark etishga majbur bo‘lgandi.

Hozirda Zinedin Zidan ham shunga o‘xshash vaziyatda qolgan. «Real» Ispaniya Kubogini allaqachon tark etgan, «Barselona»ni ichki chempionatda quvib yetish imkoniyatini yo‘qotgan, faqat Chempionlar ligasida nazariy maksimum jihatidan imkon saqlanib qolmoqda. Ispan klubi ushbu qarama-qarshilikda favorit sifatida qaralmoqda, shu bilan birgalikda, nimchorak finalda «Tottenhem»ga qarshi qiyin o‘yinlardan o‘tgan «Yuventus» darvozaboni Janluiji Buffonning Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lish orzusi hamon tirik. Garchi, u «Real» «Yuventus»dan kuchliroq ekanini tan olgan bo‘lsada: «Real» «Yuventus»dan ko‘ra katta va muvaffaqiyatli jamoa. Men tarix va statistikadan kelib chiqib bunday demayapman. «Real» - zaxirasi ham kuchli bo‘lgan jamoa. Ular keyingi 4 mavsumda 3 marta YeChL g‘olibi bo‘lganliklari ham ko‘p narsadan darak».

Buffon shuningdek, Krishtianu Ronaldu bilan yana to‘qnash kelishi unga uyqu bermayotganini tan olgan. Uni portugaliyalik futbolchi Chempionlar ligasining oxirgi 9 uchrashuvida uzluksiz gol urgani ham cho‘chitmoqda. Agar u bugun Buffon darvozasini ham ishg‘ol qilsa, turnirda qatorasiga 10 o‘yinda gol urgan ilk futbolchi sifatida tarixga kiradi.

Klopp: «Manchester Siti»ga qarshi chora bormi?

Foto: Sport Ekspress

«Liverpul» - «Manchester Siti»
Ertaga. Liverpul. «Enfild» stadioni. 23:45
Hakam: Feliks Brix (Germaniya)

Nimchorak finalga Angliyaning birato‘la 5 klubi chiqqandi. Yarim finalgacha esa ularning faqat bittasi qoladi - «Manchester Siti» yoki «Liverpul». Chorak finalga o‘tgan ikki ingliz klubini qur'a o‘zaro ro‘baru qildi. Keyingi yillarda bunday darajadagi jamoalarning to‘qnashuvi klasiko darajasiga ko‘tarilmoqda.

Britaniyaliklar 2012 yildan buyon Chempionlar ligasi finalida bo‘lishmagan. Turnirda ikki ingliz klubining o‘zaro to‘qnashuvi esa oxirgi marta 7 yil muqaddam kuzatilgan. O‘shanda «MYu» chorak finalda «Chelsi» to‘sig‘idan o‘tgandi, 2009 yili esa «Liverpul» va «Chelsi» o‘rtasida tarixiy uchrashuvlar kechgan, chorak finalning javob uchrashuvi 4:4 hisobida yakunlangan, gollarning 4tasi oxirgi 15 daqiqa ichida urilgandi.

Endilikda, muxlislar «Manchester Siti» va «Liverpul» o‘rtasida ham shunday tomoshabop o‘yinga guvoh bo‘lishlari mumkin. Chempionatning joriy mavsumidagi ikki o‘zaro o‘yin ham mezbon jamoaning to‘liq ustunligida kechdi. Mavsum boshida «Siti» raqib yetakchisi Sadio Mane o‘yinning birinchi qismida qizil kartochka olib maydonni tark etgan, yirik g‘alabaga erishdi (5:0). Ikkinchi davrada Liverpulda kechgan o‘yinda esa mersisaydliklar ustunlikka erishdi, Klopp shogirdlari avvaliga 4:0 hisobida oldinda borishdi, o‘yinning ikkinchi qismida mehmonlar 3ta javob goli qaytarishdi (4:3).

«Shaharliklar»ni ichki chempionat jiddiy darajada qiziqtirmay qo‘ygan, chempionlik masalasi deyarli hal bo‘lgani uchun Gvardiola asosiy e'tiborni Chempionlar ligasiga qaratmoqda. Shanba kuni «Manchester Yunayted» bilan o‘yinda jamoa chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin bo‘lsada, Gvardiola bu o‘yinga zaxira tarkibni tushirib, asosiy tarkibni 4-11 aprel kunlarida «Liverpul»ga qarshi kechadigan o‘yinlarda o‘ynatmoqchi.

«Barsa» va «Bavariya». Ular deyarli yarim finalda

Foto: Sport Ekspress

SeVILYa – BAVARIYa
Bugun. Sevilya. «Ramon Sanches Pisxuan» stadioni. 23.45 (Match Futbol 1).
Hakam: Orsato (Italiya).

BARSeLONA – ROMA
Ertaga. Barselona. «Kamp Nou». 23.45
Hakam: Makkeli (Niderlandiya).

Katalonlar va nemislarga nisbatan kuchsiz klublar raqib bo‘lishgan. «Roma» va «Sevilya» esa o‘zlariga bo‘layotgan munosabatdan xursand. «Guruh bosqichida ham bizning imkoniyatlarimizni hech kim yuqori baholamagandi. Shuning uchun, barcha kutib tursin», deydi rimliklar jamoasi hujumchisi Stefan al-Sha'roviy.

Tan olish kerak, «Roma» guruh bosqichida «Chelsi» va «Atletiko»ni ortda qoldirdi, nimchorak finalda esa «Shaxtyor» to‘sig‘idan o‘tildi. Ammo «Barselona» butunlay boshqa olam.

«Sevilya» o‘tgan shanba kungi o‘yinda «Barselona»ni yengishi mumkin edi - Vinchentso Montella jamoasi bu mavsumda ichki chempionatda «Barselona»ni yenggan ilk jamoaga aylanishi mumkin edi, ammo o‘yinning oxirgi daqiqalarida Suares va Messi bunga yo‘l qo‘yishmadi. Andalusiyaliklar nimchorak finalda «Manchester Yunayted» to‘sig‘idan o‘tib, nimalarga qodirliklarini namoyish etishgandi. Lekin «Bavariya» bilan o‘yin oson kechmasligi aniq. Shanba kuni myunxenliklar jamoasi Dortmundning «Borussiya»sini yakson etishgandi (6:0). O‘yindan keyin esa Hummels shunday dedi: «Biz hali mukammallikdan yiroqmiz».

Mavzuga oid