Jahon | 20:12 / 05.04.2018
9435
2 daqiqa o‘qiladi

Turk razvedkasi 18 ta davlatdan Gulenning 80 tarafdorini olib chiqib ketgan

Foto: AP Photo / Selahattin Sevi

Turk razvedkasi 18 ta davlatdan Fathulla Gulen tashkiloti FETO’ning 80 a'zosini olib chiqib ketgan. Bu haqda Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Bakir Bo‘zdag ma'lum qildi.  

Avvalroq Kosovo bosh vaziri Ramush Xaradinay Kosovodagi “Mexmet Akif” kollejining 6 nafar xodimi FETO’ga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olingandan keyin mamlakat ichki ishlar vaziri Flyamur Sefay va Kosovo razvedka agentligi direktori Driton Gashini iste'foga chiqargandi. Anadolu axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, kollej xodimlari Kosovo razvedka xizmati ko‘magida Turkiya milliy razvedka tashkiloti xodimlari tomonidan Turkiyaga yetkazilgan. 

“Turkiya milliy razvedka tashkilotiga xorijda faoliyat olib borish vakolati berilgan. Kosovodagi kabi amaliyotlar davom ettiriladi. Kosovoda amalga oshirilgan amaliyot katta muvaffaqiyatdir. Bugungi kunda 18 ta davlatda FETO’ning 80 a'zosi aniqlanib, Turkiya yetkazilgan. Ularning AQShning Pensilvaniyasidagi yetakchisi bundan sarosimaga tushgan”, deb aytgan Bo‘zdag Haberturk telekanali efirida.

Biroq Bo‘zdag Gulen tarafdorlari qaysi davlatlardan olib chiqib ketilganiga aniqlik kiritmagan.

Turkiya hukumati Gulenni Turkiyadagi davlat to‘ntaruviga urinishni tashkillashtirishda ayblab keladi, biroq Gulen bu ayblovlarni rad etadi.

Mavzuga oid