O‘zbekiston | 13:19 / 08.04.2018
125176
8 daqiqa o‘qiladi

Tanasidan 16 dona igna topilgan bola bo‘yicha jinoyat ishi yopildi

Bundan ikki oy muqaddam toshloqlik 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqidagi xabarlar rezonans keltirib chiqargan, uning tanasiga ignalar tashqaridan kuch bilan kiritilgani haqidagi farazlar yanada kengrov shov-shuvlarni keltirib chiqargandi, ushbu holat yuzasidan tergov ishlari boshlangandi. 14 mart kuni esa ushbu kichkintoy Azizbek Abdumajidov sog‘ayib uyiga qaytdi.

«Xabar.uz» nashri Azizbek Abdumajidovning ishi bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlarni bilish uchun Farg‘ona viloyati prokuraturasiga rasman murojaat qildi.

Foto: KUN.UZ

Prokuraturadan quyidagicha javob olindi:

«Farg‘ona viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan 2017 yil 11- fevralda tug‘ilgan A.Abdumajidovning ichki a'zolaridan ko‘plab ignalar topilgani yuzasidan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borildi.

Aniqlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyat filiali tomonidan A.Abdumajidov qabul qilinib, 2018 yil 15 yanvarda o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvda uning ichki a'zolari turli joylarida ko‘plab ignalar borligi aniqlanib, zudlik bilan Respublika ilmiy markazi jarrohlik bo‘limiga yuborilgan va markazning jarrohlik bo‘limi tomonidan A.Abdumajidovning ichki a'zolaridan jami 11 dona po‘lat igna va sim bo‘lagi chiqarib olinib, qolgan 3 dona igna olinmagan.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotiga ko‘ra, jarrohlik operatsiyasida A.Abdumajidovning qorin bo‘shlig‘i va uning atrofida joylashgan ichki a'zolaridan jami 10 dona igna hamda to‘g‘ri ichak va siydik qopi orasidan 1 dona sim bo‘lagi olib tashlangani, ignalarni xarakteri va xususiyatlariga ko‘ra, og‘iz orqali qizilo‘ngachdan so‘ng oshqozon bo‘shlig‘iga tushib, tananing harakati, muskullarning qisqarishi, qizilo‘ngach, oshqozon ichaklar peristaltikasi oqibatida migratsiya bo‘lib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkinligi, chaqaloqning chap bo‘yin va chap yonbosh sohalarida aniqlangan ignalar tashqi kuch ta'siri ostida tanaga kiritilgan bo‘lishi mumkinligi, mazkur aniqlangan jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikastlar toifasiga kirishi qayd etilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Sh.B.ning aytishicha, 2017 yil noyabr oyining o‘rtalarida farzandi A.Abdumajidov kasal bo‘lgani uchun shifoxonada davolanib chiqqan. Dekabr oyida farzandining chap chov, orqa bel va bo‘yin sohalarida shishlar paydo bo‘lgan, shifokor maslahati bilan shishgan joylarga maz surtgan, farzandi istimalashni boshlagandan so‘ng, shifoxonaga olib borganida uning ichki a'zolarida ignalar borligi aniqlangan. Keyin Toshkent shahriga yuborilgan farzandi shifoxonada davolangan, farzandiga biron-bir shaxs tomonidan igna yuttirilmagan, balki uning o‘zi ignalarni yutib yuborgan bo‘lishi mumkin.

Ma'lum bo‘lishicha, onasi do‘ppi tikish bilan shug‘ullangan, havo harorati sovuq bo‘lgani bois oila a'zolari barchasi bitta xonada yashab kelishgan. Onasi X.B. 2017 yil noyabr oylarining boshlarida mahallasida joylashgan bozordan sotib olgan ignalari yo‘qolib qolgan, ushbu ignalar o‘ralgan holda bo‘lgan va farzandi ularni o‘ralgan holda yutib yuborgan bo‘lishi mumkin. Chunki go‘dak so‘nggi vaqtlarda qo‘liga kirgan buyum va narsalarni og‘ziga solishga o‘rganib qolgan. Ona farzandining ko‘k yengli futbolkasidan aniqlangan qon dog‘i uning yonboshiga ukol qilinganidan so‘ng u yerdan chiqqan qon dog‘lari ham bo‘lishi mumkinligi, farzandini ichki a'zolarida ignalar topilgani holati bo‘yicha biron-bir shaxsdan gumoni yo‘qligini bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan X.B. tirikchilik uchun ayollar do‘ppisini tikishini, 2017 yil noyabr oyi boshlarida Navbahor qishlog‘ida joylashgan bozordan 6000 so‘mga bir to‘plam igna va sovun sotib olganini aytgan. Keyin ushbu ignalarni qo‘ygan joyidan, ya'ni yashash xonasi tokchasidan topa olmayotganini, havo sovuq bo‘lgani sababli qizi, nabirasi va turmush o‘rtog‘i bilan bitta xonada yashayotganini, nevarasi o‘zi ignalarni yutib yuborgan bo‘lishi mumkinligini, chunki nevarasi qo‘liga kirgan buyumni og‘ziga solishini bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Marg‘ilon shahar bolalar shifoxonasi jarrohi D.Mallaxanov o‘z ko‘rsatmasida 2017 yil dekabr oyida A.Abdumajidovni qabul qilib, uning tanasidagi shishlar bo‘yicha maz surtishni tavsiya qilgani, lekin tanada jarohat izlari yoki jarohatdan qolgan asoratlar bo‘lmagani, tashqi kuch ta'sirida ignalar tanaga kiritilgan taqdirda jarohat izlari qolishini bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Toshloq tumani markaziy shifoxonasi bolalar bo‘limi shifokori X.Hoshimova o‘z ko‘rsatmasida aytishicha, 2017 yil 18 noyabr kuni soat 19:45 larda Toshloq tumani tibbiyot birlashmasi qabulxona bo‘limiga Toshloq tumani, Nayman QFY, Istiqlol ko‘chasida yashovchi, 11.02.2017 yilda tug‘ilgan Abdumajidov Azizbek olib kelingan.

Shundan so‘ng navbatchi shifokor bo‘lgani uchun uni ko‘rikdan o‘tkazib, unga «o‘tkir laringotraxeit, gipertermik sindrom, birinchi darajali hiqildoq stenozi» tashxisini qo‘ygan. Bolaning ahvoli og‘ir bo‘lib, 2 kundan buyon tana harorati ko‘tarilib turgan, ovozi bo‘g‘ilib yo‘talgan, og‘iz qismidan nafas olishi qiyinlashgan. Shifokor bolaning tomog‘i shpatel yordamida ko‘rib, limfa tugunlari kattalashmagani, tomog‘ida qizarish bo‘lmaganini aniqlab, o‘tkir laringotraxeit, ya'ni o‘pka nafas yo‘llarining shamollashi tashxisini qo‘ygan. Bolaning tomoq qismida o‘zgarishlar sezmagan. Bola shifoxonada 25 noyabr kuniga qadar davolanib, so‘ngra uyga ruxsat berilgan. Uni yechintirib, badanini ko‘zdan kechirgan, biroq tanasida jarohat izlari yoki jarohatdan qolgan asoratlar bo‘lmagan.

Jinoyat ishi bo‘yicha voyaga yetmagan A.Abdumajidov bilan birga istiqomat qilib kelgan onasi Sh.B., buvilari X.B., U.Q., opoqilari M.B. va A.X., tog‘asi S.U., xolasi Z.U., kelinoyisi J.U.ning ruhiy holatini tekshirish yuzasidan o‘tkazilgan sud-psixiatriya ekspertizasi xulosalariga ko‘ra, ular ruhiy sog‘lom bo‘lib chiqqan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida voyaga yetmagan Azizbek Abdumajidovning ichki organlaridan ignalar topilgani holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish yoxud boshqa biron-bir jinoyat tarkibi aniqlanmaganini inobatga olib, 2018 yil 31 mart kuni jinoyat ishi bo‘yicha JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan harakatdan tugatish haqida qaror qabul qilingan.

Mavzuga oid