Jamiyat | 19:20 / 09.04.2018
40912
10 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda Mirziyoyev ma'qullagan bozor loyihasi bo‘yicha ish paysalga solinmoqda

Buxoroning qadimiy eski shahar qismida, shundoqqina Masjidi Kalonning yonida va orqa qismida «Shahriston» bozori buzib tashlanib, uning o‘rniga sharqona arxitekturaga ega yangisi qurilishi loyihalashtirilayotganini bilasizmi?

Yangi bozorning loyihalaridan biri Buxoro shahridagi «Ark» arxitektura loyihalashtirish firmasi, arxitektor Zoirsho Qilichev tomonidan taqdim etilgan.

Zoirsho Qilichev Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutini tamomlagan. Turli yillarda Buxorodagi ilmiy-restavratsiya ustaxonalari, arxitektura yodgorliklarini restavratsiya va konservatsiya qilish ilmiy-tadqiqot instituti, Buxoro muzey-qo‘riqxonasining bosh arxitektori bo‘lib ishlagan.

1997 yildan 2003 yilgacha Buxoro shahrining bosh arxitektori bo‘lgan. 2003 yildan «ARC» xususiy arxitektura firmasining arxitektori bo‘lib ishlab kelmoqda.

Zoirsho Xallakovich Qilichev fransuzlarning ikki arxitektura assotsiatsiyasi — «Karavansaray» va «Taselatus» a'zosi hisoblanadi va ular bilan yigirma yildan buyon Buxorodagi arxitektura yodgorliklari reabilitatsiyasi, xususan, fransuz arxitektorlari bilan sheriklikda eski shahar hududidagi karvonsaroylar galereyasi restavratsiyasi bazasida Buyuk ipak yo‘liga bag‘ishlangan badiiy ijodiyot markazi yaratilmoqda. U fransuz tilida erkin gaplasha oladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil mart oyi boshida Buxoro shahriga tashrifi davomida ushbu bozor loyihasi bilan tanishgan, uni ma'qullagan, mutasaddilarga topshiriq berilib, qariyb 400 million so‘mlik loyiha ishlarini yakuniga yetkazish uchun 15 foiz miqdorda pul ham ko‘chirib berilgan.

«Eski (qadimiy) Buxoroni, uning bozorlarini, tangko‘chalarini tiklashimiz kerak. Lekin u shunday shinam bo‘lishi kerak-ki, odamlar qadimiy tariximizning hidini sezishlari lozim. Odamlar o‘zi turist bo‘lib, qancha joygacha piyoda yuriladi, qanday nafas olinadi, qayerda o‘tiriladi, qayerda yotadi — shularni ko‘rishi kerak. Bu joy kechasi bilan ishlaydigan maydon bo‘lishi kerak. Biz tariximizni tiklashimiz, saqlashimiz, yoshlarimizga yetkazishimiz kerak», — degan edi Prezidentimiz loyihani ma'qullab, ko‘zdan kechirar ekan.

Zoirsho Qilichev «Shahriston» bozorining yangi tayyorlangan loyihasi haqida shunday hikoya qiladi:

— Ushbu loyiha topshirig‘i 2016 yil avgust oyida menga kelib tushgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga ham o‘tgan yili 10 mart kuni shu taklifni namoyish etdik. Prezidentimiz loyiha bilan tanishib, uni tasdiqladi. Bayonnomalarga ham kiritildi.

Bu hudud qadimdan bozor bo‘lgan. U o‘tgan asr davomida bir necha marta qayta qurilgan. So‘nggi vaqtlarda ushbu bozor juda abgor holatga kelib qolgani sababli, hukumatimiz ushbu bozorni qadimiy usulda va zamonaviy qilib loyihalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. Biz lisenzion arxitektura-loyihalashtirish firmasi bo‘lganimiz sababli, topshiriqni oldik.

Ushbu joyga bozorni loyihalashtirish maqsadida ko‘p izlanib, bir fikrga keldik: asosiy ko‘cha va atrofdagi aholi yashaydigan hududagi kichik ko‘chalarga moslashtirib, umumiy kompozitsiya yaratdik. Biz loyihalashtirgan bozorda ham ochiq, ham yopiq ko‘chalar bor. Bunday bozorlar sharqning boshqa qadimiy shaharlarida ham bor va u turistlar o‘rtasida juda mashhur.

Aytaylik, Istanbuldagi «Grand bozor», Dubaydagi «Madinat Jumeyra» bozori, Isfahon bozori, Qohiradagi «Hon al-Xaliliy» bozori, Quddusdagi «Quddus suqi», Tunisdagi «Madina suqi», Marokashdagi «Marokash suqi» kabi yopiq bozorlarni misol qilishimiz mumkin.

Buxoroda ham qadimda xuddi shunaqa bozor bo‘lgan. Afsuski, «madaniy inqilob» tufayli, Buxoro ko‘chalarini kengaytirish, yevropalashtirish bahonasida bunday bozorlar buzib tashlangan. Arxiv materiallarni titkilab, shunday bozorni tiklash g‘oyasini o‘rtaga tashladik.

Bozorda ham ma'muriy bino, dehqonlar uchun mehmonxona, alohida go‘sht mahsulotlari bozori, quruq mevalar bozori, sharqona shirinliklar rastasi, umumiy ovqatlanish maskanlari bunyod etiladi.

Buxoro azaldan sharqda bozorlari bilan mashhur bo‘lgan. Biroq ayni kunlarda shaharning eski shahar qismida birorta bozor qolmagan. Shaharga tashrif buyuradigan turist bozorni ko‘raman desa, ular tarixiy obidalar joylashgan yerdan uzoqda joylashgan. Mana shularni inobatga olib, hukumatimiz shu joyda sharqona bozor qurish qarorini qabul qildi.

Bozor loyihasida hamma narsa inobatga olingan. Masalan, bozor joylashgan hududning shimoliy-sharqiy qismida ko‘chaning sathi baland. Kirish qismidan 6-7 metr balandlikda joylashgan. Loyiha davomida mazkur holatlar e'tiborga olinib, balandlikdagi ko‘chalarga olib chiqish uchun zinalar, shuningdek, shamollatish, aeroatsiya masalalariga, mustahkamligiga qattiq e'tibor berildi. Buning hisob-kitoblarining barchasi o‘tgan yilning avgust oyigacha nihoyasiga yetkazildi».

Qaysidir sabablarga ko‘ra, Prezidentga 1 yil muqaddam namoyish etilgan, u kishi tomonidan yuksak e'tirof etilgan bozorni mazkur loyiha asosida qurish ishlari to‘xtab turibdi. Zoirsho Qilichev bu borada shunday fikrlarni bildirdi:

— Prezident loyiha bilan tanishib chiqqach, uni ma'qullab, zudlik bilan amalga oshirish yuzasidan pudratchiga topshiriq berildi. Bu avval «Asakabank» edi. Keyin «Artel» kompaniyasi quradigan bo‘ldi. Alohida qayd etib o‘tishimiz joizki, oldingi pudratchi «Asakabank» bilan ham, «Artel» kompaniyasi bilan ham shartnoma tuzmaganmiz. Lekin bu topshiriq bizga berilgan, biz mas'uliyatni his qilgan holda uni to‘liq yakuniga yetkazish uchun hamon ishlamoqdamiz.

Bu orada dastlab biz tayyorlagan loyihaga muqobil sifatida yana bir loyiha paydo bo‘ldi. Uni ko‘rgan edim. Keyin yana ikkita variant paydo bo‘lib, loyihalar to‘rtta bo‘libdi. Men Fransiyadagi elchixonamizdan olgan ma'lumotimga ko‘ra, shtab kvartirasi Parij shahrida bo‘lgan, yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash — ICOMOS tashkilotiga o‘zbekistonlik ekspertlar har to‘rttala loyiha talabga javob bermasligi, loyihalash bo‘yicha ma'lumotlar yetarli emasligini bildirib xulosa jo‘natishgan ekan. Lekin men yuqorida ta'kidlab o‘tdim, biz mazkur loyiha bo‘yicha 2017 yilning avgust oyigacha barcha ma'lumotlarni taxt qilib, topshirgan edik. Hozir biz loyihaning ishni bemalol boshlash mumkin bo‘lgan 65 foiz hajmini tayyorlab, ishlab chiqib bo‘lganmiz. Men ICOMOS’dagi o‘zbek ekspertlari mening loyihamni ko‘rishganidan juda katta shubhadaman. Chunki ular aytgan e'tirozlar boshqa uch loyihaga tegishli bo‘lishi mumkin, lekin men tayyorlagan loyihada barcha zarur ma'lumotlar bor.

ICOMOS — UNESCO’ning bir bo‘limi bo‘lib, u obektlarni yodgorlik sifatida baholash mumkinmi-yo‘qmi, shu masalada xulosa beradi. Ayni paytda qurilish ishlarini boshlashga byurokratik to‘siqlar vujudga kelmoqda. Masalan, hudud qurilishdan avval arxeologik jihatdan tadqiq etilishi kerak, deb xulosa berilmoqda. Lekin qurilish ishlaridan avval arxeologik tadqiqotlar olib borish 1,5 gektardan ortiq ushbu maydon uchun katta mablag‘ va vaqt talab etadi.

— Amaliyotda arxeologik tadqiqotlar olib borish yuzasidan ikkita yo‘nalish bor: qurilish vaqtida arxeologlar pudratchi bilan birgalikda, parallel ravishda ham ishlasa bo‘ladi, — deydi Zoirsho Qilichev. — Biz Buxoroda 45 yildan buyon mehnat qilayotgan arxeolog Yelizaveta Gavrilovna Nekrasovaga murojaat qildik, u kishi ham qurilish chog‘ida arxeologiya ishlari olib borish mumkinligini ta'kidladi. Lekin ICOMOS’ning o‘zbek ekspertlari avval arxeologiya ishlari o‘tkazilishi, avval xulosa tayyorlanishi, so‘ngra Parijga hisobot yuborilishi kerakligini qayd etishgan.

Yurtimizda turizmni rivojlantirish, uni davlat byudjyetini to‘ldirishning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib bo‘ldi. Qadimiy shaharlarimizda turistik infrastrukturalar barpo etish, zamonaviy, biroq qadimiy me'morchilik uslublarimiz saqlanib qolgan mehmonxonalar, bozorlar qurish davr talabi bo‘lib turibdi.

Bunday ishlarni zudlik bilan amalga oshirish, barcha bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi maqsadga muvofiq. Viloyat va shahar rahbariyati Zoirsho Qilichevni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Butun umr Buxoroda yashagan, uning har bir ko‘chasi, har bir devori, har bir g‘ishtini yaxshi biluvchi me'morning loyihasiga to‘sqinlik qilayotgan, ishni paysalga solayotgan ayrim mutasaddilar, olimlar yana bir o‘ylab ko‘rishsa yaxshi bo‘lardi. Vaqt ketyapti, maydon bo‘sh turibdi, tadbirkorlar kutishmoqda! Prezident ma'qullagan, butun Buxoro ahli kutib turgan loyihani amalga oshirish esa paysalga solinmoqda. Aql bilan ish ko‘rish vaqti yetmadimikan?

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid