«Hokimlarga gapingiz o‘tmasa, bizga aytmaysizmi?». Sog‘liqni saqlash vaziri muammolarni ko‘tarmagan
Vazirlar Mahkamasida hukumat rahbari Abdulla Aripov raisligida jamoat ishlariga majburiy jalb qilishni taqiqlash, rahbarlar mas'uliyatini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy soha xodimlari, xususan, shifokorlar, o‘qituvchilar va talaba-yoshlarni jamoat ishlariga jalb qilishning oldini olish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish, rahbar xodimlarning hududlarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yishining oldini olishga qaratilgan topshiriqlari ijrosi, bu borada aniq mexanizmni ishlab chiqish va qat'iy nazorat o‘rnatish borasidagi ishlar muhokama etildi.
Bosh vazir yig‘ilish chog‘ida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga jiddiy tanbeh berdi.
«Eng qizig‘i, men tibbiyot xodimlarining harakatini men tushunmayman - ko‘cha supurgani oq xalatning o‘zida chiqadi-da, keyin yana o‘sha «steril» oq xalatda kasallarga ukol qiladi, kasallarga qaraydi, boshqa muolajalarni qiladi. Bu, albatta, hokimlarimizning «sa'y-harakatlari» bilan amalga oshirilayotgani ham sir emas. Buning oqibatini hech kim o‘ylamaydi. Natijada keyingi yig‘ilishlarimizda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oshib ketayotganini, maktab va kollej o‘quvchilarining chetga chiqib ketayotgani yoki ularning bilim saviyasi tushib ketayotgani - bularning hammasini muhokama qilib, o‘zimizga o‘zimiz qator ma'naviy zararlar yetkazayotganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Sog‘liqni saqlash vaziri janob Alisher Shodmonov — qaysi viloyat hokimi bilan o‘zingiz ushbu masalada gaplashgansiz? Gaplashganmisiz yo yo‘qmi? Mikrofonga gapiring. Biror bir hokim bilan gaplashganmisiz: «Ey, baraka topkur, Prezidentimiz sog‘liqni saqlash sohasida shuncha islohot e'lon qilyaptilar, tibbiyot sohasini rivojlantirish, unga ko‘plab imtiyozlar berish, tibbiy xizmat saviyasini oshirish bo‘yicha shuncha ishlar olib borilayotgan bir vaqtda, og‘ayni, sen tibbiyot xodimlarini falon ishlarga jalb qilayotgan ekansan», deganmisiz? Yoki mening oldimga kelib yoki, mana, o‘z kuratoringiz bor — bosh vazir o‘rinbosari Qahramon Akmalovning oldiga kelib, «Janob kattakon, bu hokimlarga bizning gapimiz o‘tmaydi, siz aytib bering, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga hilof ish bo‘lyapti, majburiy mehnat bo‘yicha berilgan shuncha topshiriqlarga qaramay, ayrim hudud rahbarlari o‘zini xuddi, kechirasizu, o‘sha joyning kichkina bir begidek tutmoqda. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, beklar ham bunday qilmagan. Shularga chora ko‘rib bering yoki shuni bir masalasini hal qilish bo‘yicha hukumatga, uning rayosatigami, rahbarlarigami bir ma'lumot kiritib bering, degan masalani na siz (Ulug‘bek Inoyatov) va na siz (Alisher Shodmonov) qo‘ymagansiz. Yo qo‘yganmisiz?
Biz majbur bo‘lib, boshqa-boshqa joylardan so‘rab-surishtirib, mana, ming rahmat, ommaviy axborot vositalari bor, bular ham bizga yordam berdi. Bundan buyog‘iga, men o‘ylaymanki, biz ommaviy axborot vositalari bilan keng ko‘lamda ish olib borishimiz lozim bo‘ladi. Chunki ularda ham imkoniyat keng, odamlar vazirliklardan ko‘ra ko‘proq ularga ishonadi.
Ko‘rinib turibdiki, ushbu masala bilan umuman shug‘ulanmagansiz, janob Shodmonov. Eng achinarlisi, oppoq xalatlarni kiyib, tibbiyot xodimlarini yo‘l chetlarida ishlatilgani, odamlarni davolash o‘rniga boshqa ishlarni bajarayotgani sizni umuman qiziqtirmayapti. Ishga sovuqqonlik bilan qarashinglar yaqqol ko‘rinib turibdi», deya bosh vazirning so‘zlarini keltiradi «Kun.uz» muxbiri.
Aripov Shodmonovga: Siz hokimlik vakillariga emas, o‘z xodimlaringizga advokatlik qiling
Mavzuga oid
19:43 / 09.01.2024
Alisher Shodmonov uzoq muddatli ta’tilga chiqdi
10:26 / 12.08.2023
Alisher Shodmonov vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lib qaytdi
17:30 / 05.07.2022
“Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri” - Alisher Shodmonov
20:53 / 24.12.2020