Jahon | 23:54 / 18.04.2018
34046
2 daqiqa o‘qiladi

5 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Rahmat Oqilov sud majlisida aybiga iqror bo‘ldi

Foto: LARS ALLARD / AFTONBLADET

2017 yili aprel oyida 5 nafar kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘zbekistonlik Rahmat Oqilov oradan bir yil o‘tib, 17 aprel kuni o‘tkazilgan sud majlisida o‘z ko‘rsatuvini boshladi. Bu haqda Shvetsiya radiosi xabar bermoqda.

2017 yili 7 aprel kuni Shvetsiya poytaxti Stokholmda yuk mashinasi yo‘l chetidagi piyodalar ustiga katta tezlikda kelib, urilgan. Drottninggatan ko‘chasida harakatlanib kelayotgan yuk mashinasi taxminan 500 metr masofani bosib o‘tishi bilan Åhlens​ savdo markazi joylashgan binoga «​bostirib kirgandi»​. Hodisa joyida 5 kishi vafot etdi, yana 15 nafar tinch aholi vakillari jarohat oldi.

Asosiy aybdor sifatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, 40 yoshli Rahmat Oqilov jinoyat sodir etilgan kuni qo‘lga olingan.

Mazkur hodisa yuzasidan sud majlisi joriy yilning 13 fevral kuni boshlangan bo‘lib, 9 may kuni yakunlanishi rejalashtirilgan. Sudya hukmni joriy yilning iyun oyida, aniqrog‘i yozning birinchi 15 kuni davomida o‘qishi kutilmoqda. Sud ishi bo‘yicha yuritilayotgan jildda 150 nafar jabrlanuvchining ism-familiyasi qayd etilgan.

Davlat ayblovchisi Oqilovga umrbod qamoq jazosi tayinlanishini so‘rashi mumkin.

Rahmat Oqilov surishtiruv-tergov jarayonida aybiga iqror bo‘lib, amalga oshirilgan terakt hodisasini yakka o‘zi ijro etganini ma'lum qilgan.

«Oqilov sud majlisida e'lon qilingan 149ta ayblov epizodlaridan 130tasini tan oldi. Sud tergovi davomida ham sudlanuvchi 5 nafar kishini o‘limiga sabab bo‘lganiga to‘liq iqror bo‘ldi», deyiladi radio xabarida.

Sud majlisi payshanba kuni davom etadi va unda jabrlanuvchilarning oila a'zolari nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Mavzuga oid