Amir Temur o‘z o‘g‘liga nega o‘lim hukmi e'lon qilgan edi?
Mironshoh Mirzo Amir Temurning uchinchi farzandi edi. U 1366 yilda, ya'ni Amir Temur 30 yoshida dunyoga kelgan. Sohibqiron bu o‘g‘lining ham jasur va mard, epchil farzand bo‘lib tarbiyalanishidan umidvor edi. Ammo u ayrim qusurlardan xoli emasdi. Unda mayxo‘rlikka moyillik mavjud bo‘lgan. Bu esa uning obro‘siga salbiy ta'sir qilmasdan qolmasdi.
Taniqli tarixchi olim Jumaboy Rahimovning ma'lumotiga ko‘ra, Amir Temur shimoliy-g‘arbiy Eron, Iroq va janubiy Kavkaz hududlarini zabt etganidan so‘ng saltanat g‘arbiy hududlari bo‘yicha noib qilib Mironshoh tayinlanadi. Otasi ko‘zidan ancha yiroqda hukmronlik qilayotgan Mironshoh Mirzo ov, maishatga yanada ko‘proq berilib bazmlarga ruju qo‘ya boshlaydi. Oqila malikasi Xonzodabegim uni bu yo‘ldan qaytarishga ko‘p urinadi. Ammo befoyda. Kunlarning birida malika saroy xazinasiga kirib ko‘radiki, katta boylikning tagi ko‘rinib, Samarqandga yuboriladigan hissa tugul qo‘shinga va devon ishlari amaldorlari maoshini to‘lash ham muammo bo‘lib turibdi. Shunda u hech kimga bildirmay qaynotasi Amir Temurni ro‘y berayotgan salbiy holatlardan xabardor qilish uchun saltanat poytaxti Samarqandga yo‘l oladi. Mavjud holatdan xabar topgan Sohibqiron Qozikalon va Shayxulislom boshchiligida maxsus tergov guruhini suyukli kelini Xonzodabegimga qo‘shib Sultoniyaga jo‘natadi. Ularga berilgan ko‘rsatmada Mironshohdan tortib vazir-u yirik amaldorlarga qanday jazoga jinoyati loyiq bo‘lsa, o‘shanday jazo berishni talab etdi.
Bu haqda tarixchi olim Turg‘un Fayziyev shunday yozgan edi: «Amir Temur Mironshoh va uning arkoni davlatiga o‘lim jazosini e'lon qiladi. Temurning diniy rahnamosi, piri Sayid Baraka va Sohibqironning eng yaqin safdosh amaldorlari hukmni yumshatishni so‘raydilar. Lekin Amir Temur o‘z so‘zida qat'iy turib olgach, Amir Sho Malik o‘rnidan turib, «O‘z o‘g‘lingiz-ku davlatpanoh» deydi. Amir Temur tortishib o‘tirishni yoqtirmasdan binobarin g‘azabi qaynab ketadi va o‘rnidan turib, Amir Sho Malikka g‘azab bilan tikiladi. Sho Malik esa yana «Shahzoda sizning farzandi arjumandingiz erur, davlatpanoh, qatl qildirsangiz Islom qilichiga farzandkushlik isnodi dog‘ bo‘lib tushmog‘i muqarrardur», deydi.
Shundan so‘nggina Mironshohning gunohidan o‘tilgan ekan. Bu holatdan Mironshoh mirzo to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lsa ne ajab. Keyinchalik Sohibqironning bu o‘g‘li sadoqati va jangu jadallardagi jasorati bilan otasining tahsinlariga sazovor bo‘lgani ham tarixiy manbalarda qayd etilgan. Ushbu tarixiy voqeadan ma'lum bo‘ladiki, sarxush qiluvchi ichimliklarga ruju qo‘yish hech qachon obro‘-e'tibor keltirmaydi.
Mavzuga oid
19:29 / 11.04.2023
Turkiyada kino rivoji, tanqidlar, “Mendirman Jaloliddin” va Amir Temur haqidagi yangi film – Mehmet Bo‘zdog‘ bilan intervyu
17:25 / 02.02.2023
“Mendirman Jaloliddin”dan so‘ng Mehmet Bozdag‘ Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek haqida ham serial olmoqchiligini ma’lum qildi
20:17 / 23.12.2022
Amerikaning Netflix kompaniyasi Amir Temur haqida film suratga oladi
12:59 / 03.09.2022