Zokirjon Almatov Samarqandda ikki kun ochiq muloqot o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov mas'ul xodimlar bilan birga Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda Kun.uz’ga viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ikki kun davom etgan tashrif jarayonida, Samarqand viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, general-polkovnik Z.Almatov profilaktika inspektoriga yaratilayotgan shart-sharoitlar, viloyat IIB tomonidan amalga oshirilayotgan «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi hamda viloyat IIBning yangi qurilayotgan ma'muriy binosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, Yong‘in xafvsizligi boshqarmasi uchun bunyod etilgan yangi inshootning ochilishi marosimida qatnashdi.
Shuningdek, Ichki ishlar organlari oldida turgan dolzarb muammolar va vazifalar yuzasidan xodimlarga va mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlari, shahar-tuman hokimlari va uning yoshlar bo‘yicha hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, imom-xatiblar, «Nuroniy» jamg‘armasi va Yoshlar ittifoqi raislari, shahar, tuman faollari hamda iqtidorli yoshlar bilan Samarqand viloyati hokimligining majlislar zalida hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi Majidiy nomidagi teatr zalida ochiq muloqot o‘tkazildi.