Markaziy Osiyoning qaysi davlatida to‘yib ovqatlanmayotganlar ulushi yuqori?
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida to‘yib ovqatlanmaslikning eng yuqori darajasini qayd etdi — u Tojikiston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va qo‘shni davlat aholisining har uch nafaridan bittasi to‘yib ovqatlana olmas ekan, deb yozmoqda news.tj.
Tojikistonda 2014–2016 yillarda aholining 30,1 foizi yoki 2,6 million kishi to‘yib ovqatlana olmagan, deyiladi FAO’ning «Yevropa va Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish sohasidagi ishlarning ahvoli» hisobotida.
Boz ustiga, ushbu ko‘rsatkichning pasaygani qayd etilgan: 2005–2007 yillarda uning darajasi 40,2 foiz bo‘lgan. Ya'ni to‘yib ovqatlanmaslikning tarqalganlik darajasi yiliga o‘rtacha 1 foizdan kamayib bormoqda.
Shu o‘rinda, YeMA (Yevropa va Markaziy Osiyo) mintaqasi davlatlari ichra aholi jon boshiga YaIM Tojikistonda eng past bo‘lib qolmoqda. 2015 yilda u 993 dollarni tashkil etgan. Butunjahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 1857 dollarni tashkil etgan. (Qozog‘istonda — 10617$, Turkmanistonda — 6933$, Qirg‘izistonda — 1017$).
FAO tahlilchilariga ko‘ra umuman olganda, YeMA davlatlarida to‘yib ovqatlanmaslikning tarqalganlik darajasi u qadar katta emas. «1990 yildan 2015 yilgacha mintaqa ham foiz ulushini, ham och qolayotganlarining absolyut sonini kamaytirish yuzasidan juda katta yutuqlarga erishgan. Lekin YeMAning bir necha davlatlarida to‘yib ovqatlanmaslik darajasi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Bu ko‘rsatkichning eng yuqori darajasi Tojikistonda qayd etilgan», —deyiladi hisobotda.
Shuningdek, to‘yib ovqatlanmaslikning Moldova (8,5 foiz), Gurjiston (7 foiz), Qirg‘iziston (6,4 foiz), O‘zbekiston (6,3 foiz), Serbiya (5,6 foiz) va Turkmaniston (5,5 foiz) da tarqalganligi yuzasidan xavotir bildirildi.
O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2005–2007 yillardagi 12,4 foizdan 2014–2016 yillarda 6,3 foizga tushgan va 1,9 million nafarni tashkil etmoqda.
Oziq-ovqat xavfsizligining yo‘qligi
Hisobotda aytilishicha, 2014, 2015 va 2016 yillarda oziq-ovqat xavfsizligining og‘ir darajada yo‘qligini YeMA mintaqasida 14,3 million nafar yoshi katta aholi o‘z boshidan kechirgan.
Markaziy Osiyo davlatlarida oziq-ovqat xavfsizligi og‘ir darajada yo‘qligi holatiga jami aholining 2,1 foizi yoki 1 millionga yaqin kishi to‘qnash kelgan.
To‘yib ovqatlanmaslikning bo‘y o‘sishiga ta'siri
YeMA mintaqasida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning bo‘yi o‘sishida kechikishning eng yuqori darajasi ham Tojikistonda qayd etilgan. 2016 yilga kelib, to‘laqonli ovqatlana olmaslik natijasida ko‘rsatib o‘tilgan yoshdagi bolalarning 27 foizida bo‘y o‘sishida kechikish ko‘zga tashlangan, deyiladi hisobotda.
Ushbu tashkilot mutaxassislari bo‘y o‘sishidagi kechikish iqtisodiyotning turli jabhalarida unumdorlikning sezilarli darajada pasayishiga olib keladi va milliy rivojlanishga katta ta'sir o‘tkazadi.
Bolalarda vazn yetishmasligi
Hisobotda Tojikistonda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda vazn yetishmasligi darajasining juda yuqori ekanligidan ham xavotir bildirilgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ga havola qilingan holda qayd etilishicha, «mamlakat darajasida bolalarda vazn yetishmasligi va bo‘y o‘sishining kechikishi kabi muammolarTojikiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy muammoligicha qolmoqda. Ayni paytda mamlakatda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 9,9 foizi yoki 100 ming nafari vazn yetishmasligidan qiynalishmoqda, bu JSST normativlari bo‘yicha o‘ta yuqori darajaga yaqin».
YeMAning boshqa davlatlarida bu yoshdagi bolalarda vazn yetishmasligining past darajasi qayd etilgan. Aksincha, YeMA davlatlarining ko‘pida bolalar va kattalarda ortiqcha vazn va semizlik keng tarqalayotgani jiddiy muammo sifatida tilga olingan.
Semizlik ham muammo
YeMA davlatlarida yoshi katta aholi vakillarining me'yordan ortiq ovqatlanishi ham jiddiy muammo bo‘lmoqda.
2014 yilda JSST ma'lumotlariga ko‘ra, semirish dardiga mubtalo bo‘lganlar soni 171,8 million nafarni tashkil etgan. Mos ravishda, 2014 yilda kattalarning har to‘rt nafaridan biri semizlikka chalingan, deb hisoblangan.
Semizlikning eng ko‘p tarqalgan hududi Janubiy-sharqiy Yevropa (JShe) davlatlari bo‘lib, u yerda semizlikka chalinganlar yoshi katta aholining 26,9 foizini tashkil etgan (ayniqsa, Turkiya va Maltada).
Markaziy Osiyo davlatlarida 2014 yilda semirishning nisbatan kam darajasi qayd etilgan — 16,4 foiz. Biroq 2000 yildan 2014 yilgacha bu yerda semirishning eng yuqori sur'atlari qayd etilgan. 2014 yilda Markaziy Osiyo davlatlarida semirishga mubtalo bo‘lgan yoshi katta aholi vakillarining soni 7 million kishini tashkil etgan.
JSST ma'lumotlariga ko‘ra, semirishning eng past darajasi Tojikistonda qayd etilgan — 10,9 foiz. Bu ko‘rsatkich Qirg‘izistonda — 13 foiz, O‘zbekistonda — 14,4 foizni tashkil etadi.FAO ma'lumotlariga ko‘ra, JShe davlatlarida semirish kasalligiga ko‘proq erkaklar chalinishgan bo‘lsa, MDH va Markaziy Osiyo davlatlarida ayollar ko‘proq ortiqcha vaznga ega.
Mavzuga oid
17:25 / 15.11.2024
2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin
12:26 / 15.11.2024
Rog‘un GESdagi avariya oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi
17:42 / 14.11.2024
Markaziy Osiyo tabiiy ofatlar tufayli yalpi ichki mahsulotining 6 foizini yo‘qotishi xavfi bor
20:54 / 11.11.2024