Jamiyat | 11:00 / 28.04.2018
12436
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ozodlikdan cheklash jazosidan bo‘yin tovlaganlar ozodlikdan mahrum etildi

Samarqand viloyatida payshanba kunlari o‘tkazib kelinayotgan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni» tadbirlari davomida viloyat hududida hafta davomida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar hamda ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlari yuzasidan aholi o‘rtasida muntazam muhokamalar o‘tkazilmoqda, deb xabar beradi KUN.UZ’ga viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi.

Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida jinoyat sodir etib, sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlab yurgan shaxslarning ishlari sayyor sudlarda ko‘rilib, ularga nisbatan tegishli tartibda choralar qo‘llanilmoqda. 

Jumladan, navbatdagi tadbir davomida Samarqand tumanidagi Xo‘ja Ahrori Vali nomidagi mahalla binosida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida ozodlikdan cheklash jazosini o‘tashdan bo‘yin tovlab kelayotgan mahkum Sh.Zayniddinovaning o‘talmay qolgan 2 yilu 2 oy-u 19 kunlik jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.

Foto: Samarqand viloyat IIB

Shuningdek, axloq tuzatish ishi jazosini o‘tashdan bo‘yin tovlab kelayotgan mahkum Z.Aliqulovning o‘talmay qolgan 11 oy-u 6 kunlik jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.

Samarqand shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 228, 168, 139-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan, Pastdarg‘om tumanida yashovchi mahkum X.Murodov sud tomonidan belgilangan 3 yil ozodlikdan cheklash jazosini o‘tashdan bo‘yin tovlab kelayotganligi sababli, uning o‘talmay qolgan 1 yilu 8 oylik jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

Mavzuga oid