O‘zbekiston | 15:13 / 30.04.2018
15848
2 daqiqa o‘qiladi

«Aziz qardoshim Shavkat Mirziyoyev bilan yana ko‘rishganimdan mamnunman» - Erdo‘g‘an

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida davom ettirdilar. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Azaliy qadriyatlarimizga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilayotgani bizni quvontiradi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Tor doiradagi muloqotimiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta siyosiy iroda mavjud ekanini yana bir bor tasdiqladi. Xalqlarimiz va davlatlarimiz manfaatiga bevosita daxldor bo‘lgan barcha masalalarni, nafaqat bugungi kundagi, balki kelgusidagi rejalarimizni ochiq va atroflicha kelishib oldik.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qadim tuproqlarimiz bo‘lmish O‘zbekistonga kelganimdan, aziz qardoshim Shavkat Mirziyoyev bilan yana ko‘rishganimdan mamnun bo‘ldim, dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. Keyingi yillardagi muloqotlarimizdan so‘ng iqtisodiy aloqalardagi ko‘rsatkichlar oshgani biz to‘g‘ri yo‘lda ekanimizdan dalolatdir. Natijalar yaqqol sezilyapti. Turkiyalik ish odamlari O‘zbekistonga intilyapti. O‘zbekistonda Turkiya firma va kompaniyalari uchun, sayyohlar harakati uchun keng imkoniyatlar yaratilyapti.  

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning o‘tgan yili oktabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.  2017 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga ortdi. Joriy yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich yana 20 foizga o‘sdi.

Mavzuga oid