Jamiyat | 18:39 / 01.05.2018
63582
15 daqiqa o‘qiladi

Sudya Nilufar Usmonova, ketgisi kelayotgan norozi odam va «o‘zgarishlar shamoli»

Foto: Shutterstock

​Ketgisi kelayotgan insonni kuch bilan ushlab turishdan foyda yo‘q. O‘zini bir yerda noqulay his qilayotgan, o‘sha yerdan ketgisi kelayotgan odamning to‘rt tomoni qibla — xohlagan joyiga ketaversin. Uni tushunish kerak — u Prezident portaliga yozib, «uy berdingiz, rahmat, endi mashina ham bering!» deb talab qo‘yayotgan tekinxo‘r emas, «Archa-ko‘chadagi moykani menga olib bersangiz, men ham bir boyisam», deb alahsirayotgani ham yo‘q. U bor-yo‘g‘i nimadandir norozi, o‘zini nimadir sabablarga ko‘ra bu yerda noqulay his qilyapti, shuning uchun ketgisi kelyapti. Uni noshukrlikda ayblash, unga zo‘r berib vatan tuyg‘usidan dars o‘tish ham o‘rinsiz. Bu qanchadan-qancha kuch, mablag‘ning behuda havoga sovurilishi, xolos. Boz ustiga, hech obro‘ keltirmaydi: Soljyenitsinni qiynab-qiynab, mamlakat ichida uyoqdan buyoqqa surgun qilaverib, oxiri baribir ketishiga ruxsat bergan SSSR, birinchidan, hozir yo‘q, ikkinchidan, aynan shu kabi faktlar ham uning «qo‘rquv saltanati», «zulm saltanati», «qon saltanati» nomini olishiga xizmat qilgan, uchinchidan, o‘sha tarixiy mamlakatdagi bunday g‘ayriinsoniy voqealarni faqat stalinparastlar iliq xotirlaydi, stalinparast bo‘lish esa — sharaf emas; meni nazarimda, hatto uyatli.

Ketgisi kelayotgan odamning ovozini o‘chirishga urinish ham uni kuch bilan ushlab turish kabi besamar, vaqt, kuch va boshqa resurslarning behuda sarflanishi. Ayniqsa, hozirgidek internet zamonida. Buning uchun yo Shimoliy Koreya, yo Xitoy bo‘lish kerak. Vaholanki, o‘sha Xitoyda ham uncha-muncha narsani ochiq gapirish mumkin. Norozi odamning ovozini o‘chirish — uning noroziligiga sabab bo‘lgan muammoni go‘yoki hal qilish, yechishning eng oson yo‘li. «Gapirilmasa, muammo ham yo‘q» degan xato tasavvurning hosilasi. Menimcha, to‘g‘ri bo‘lish kerak, halol bo‘lish kerak. To‘g‘rilik, halollik har muammoning yechimi, menimcha. Mabodo biror yoqimsiz gap aytilsa ham, (o‘yinchoq emas, haqiqiy) raddiya berish yo izohlash orqali o‘sha gaplarga munosabat bildirish mumkin. O‘zi uchun yoqimsiz, o‘ziga obro‘ keltirmaydigan holatlarga munosabat bildirish, og‘ziga talqon solgandek gum bo‘lib o‘tirmaslik ortidan AQSh — bugungi AQShga, Yaponiya — bugungi Yaponiyaga, Janubiy Koreya — bugungi Janubiy Koreyaga aylangan. Imkoni bo‘lishi bilan tanqidchilari Germaniyani Ikkinchi jahon urushida millionlab odamlarning yostig‘ini quritganlikda ayblaydi — Germaniya esa hech buni inkor etmaydi, tarixda shunday kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganini tan oladi. Shuning uchun ham u bugungi Germaniyaga aylangan.

Bir kishi, deylik, xorijga chiqib, butun bir mamlakat ustiga mag‘zava ag‘darishidan, mamlakatni obro‘sizlantirishidan xavotirlanish va, katta ehtimol, shu vaj bilan uni balki qonuniy, balki noqonuniy, biroq aslida mantiqsiz vositalar, choralar yordamida ushlab turishdan, eng yomoni, unga ruhiy, ma'naviy bosim o‘tkazishdan ma'no yo‘q. Boz ustiga, bunday holatlar kelajagi buyuk, da'vosi katta mamlakatlarga yarashmaydi ham. Agar rostdan aybi bo‘lsa, ana, Ma'muriy javobgarlik va Jinoyat kodekslari bor — tegishli modda bo‘yicha javobgarlikka tortilsin, biroq bundan ortig‘i — insoniylikka ham, qonuniylikka ham to‘g‘ri kelmasa kerak. Bir narsani ham to‘g‘ri tushunish kerak — mamlakatning chorak asrda shakllangan salbiy imidjini bir yo ikki yilda o‘zgartirib bo‘lmaydi, bunga chorak asr bo‘lmasa ham, harqalay, bir dekada kerak bo‘lar. Eng yomoni, shu 10 yil ichida ham salbiy imidjli mamlakatning qoqilishi kutiladi, har qoqilishida uning avvalgi 25 yillik tarixi eslatilaveriladi. Bu xuddi men kabi darslarga har doim kech qolgan o‘quvchining uch oy biror marta kech qolmay, to‘rtinchi oyning birinchi kunida yana darsga kech qolganim kabi — uch oylik namunali xulqim uchun birovdan biror iliq so‘z eshitmayman, aslida darsga kech qolmaslik — o‘quvchi sifatida majburiyatim, biroq kech qolgan kunim hamma gapiradi: «Ha, bu o‘zi shunaqa-ku, har doim kech qolib yuradi».

Tag‘in bir jihati — so‘ng chiqish muammo bo‘ladigan joyga birovning kirishi qiyin; investorlar — eng yaxshi misol, banklar zo‘r misol. Investor tikkan pulini va chiqargan foydasini olib ketishiga ishonmasa, shu ishonchsizlikni uyg‘otadigan faktlarni ko‘rsa, hech qachon investitsiya kiritmaydi; mijoz bankka qo‘ygan pulini bus-butun va topshirgan ko‘rinishida qaytarib olishiga ishonmasa, hech qachon bankka bormaydi ham, kirmaydi ham. Vaholanki, iqtisodiyotni yanada ko‘tarish, turizmni rivojlantirish niyatlari bor, yana chet eldagi muvaffaqiyatli vatandoshlarni Vatanga qaytarish istagi uyg‘ongan. Niyatlar, maqsadlar katta. Shunday katta maqsadlar yo‘lida ketgisi kelayotgan odamlarni kuch bilan ushlab turishdan, norozi odamlarning ovozini kuch bilan yopishga urinishdan, menimcha, hech qanday foyda yo‘q.

***

«Bibisi O‘zbek xizmati»da qiziq material chiqibdi. Ko‘pchiligingiz baribir bu saytga kirolmaysiz (negaligini bilaman, lekin bilmayman ham), shuning uchun deyarli hammasini qayta hikoya qilib beraman. Unda aytilgan gaplarni tasdiqlovchi yo rad etuvchi biror boshqa manba yo‘q — sudlar ko‘rib chiqilgan yo chiqilayotgan ishlar haqida ma'lumot berganini ko‘rmaganmiz, javobgar tomon — Chilonzor IIB nomidan balki biror kun Toshkent shahar IIBB bayonot berar; sudda boshqa OAV jurnalistlari bo‘lmagan. Shuning uchun, aybga buyurmaysiz.

Xullas, ma'lum bir doiralarda taniqli bir ayolning 24 yoshli qizi bor. U besh yildan beri OVIR stikerini olishga harakat qiladi, lekin hech ololmaydi. Buning sababi unchalik aniq emas. Onaning aytishicha, bir safar hududiy OVIR rahbarining imzosi bilan qiziga taxminan shunday javob qaytarilgan: «Avval ham chet elda bo‘lgan ekansiz, o‘shanda chet elda bo‘lish qoidalarini buzgan ekansiz. Shu bois sizning xorijga chiqishingiz vaqtincha maqsadga muvofiq emas deb topildi».

Javob yaxshiku-ya, lekin, onaning qo‘shimcha qilishicha, uning sartaroshlik bilan shug‘ullanuvchi qizi hech qachon chet elga chiqmagan. Hatto MDH davlatlariga ham bormagan (nahot Chernyayevkaga ham bormagan bo‘lsa?). Faqat Toshkentdan Samarqandga, Samarqanddan Toshkentga qatnagan. Qizni bilmadigu, ona aksariyat zamondoshlarimizdan farqli o‘laroq, «Bermasa bermabdi-da, kechmishimiz shu ekan, nimayam qila olardik», deb o‘tiradiganlardan emas. Rasmiy idoraning bemantiq javobidan so‘ng, bu idora ustidan sudga shikoyat qilingan.

26 aprel kuni Toshkent shahar ma'muriy sudida ish ko‘rilgan. Javobgar tomondan ikki xodim qatnashgan. Ayolning aytishicha, sudya Nilufar Usmonova IIB xodimlaridan ayolning qiziga nima sababdan OVIR stikeri berilmayotganini tushuntirib berishni qat'iy (!) talab qilgan (!!). OVIR xodimlaridan biri sartarosh qizning chet elga chiqishiga, avvalo, IIVda hech qarshilik yo‘qligini aytib, stiker olish uchun berilgan ariza IIVdan tashqari Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati) tomonidan ham o‘rganib chiqilishini, ular fuqaroning chet elga chiqishiga mone'lik qiladigan biror faktni topsa, bu haqda IIVga xat berishini va shu xat asosida stiker qo‘yib berilmasligini aytgan. Tushunarli.

Sudya Nilufar Usmonova IIV mas'ullaridan sartarosh qizga taqiq nimaga asoslanib qo‘yilgani borasida yana bir bor (!) isbot (!!) talab qilgan (!!!). IIV xodimlari bu davlat siri (!) ekanligini, maxsus yozma so‘rovsiz buni ochiqlay olmasligini aytgan. Sudya ularga ma'muriy sudlar ham davlat sirlari bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli ekanligini, hech qanday yozma so‘rov berishi shart emasligini eslatgan (qoyil, pochti Amerika-ya!).

OVIR stikerini ololmayotgan qizning onasi IIVdan kelgan vakillardan biri suhbatlashgan va bu suhbat tafsilotlarini «Bi-bi-si»ga aytib bergan. Ona qiziga taqiq MXX (ya'ni, DXX) tomonidan qo‘yilgan, degan xulosaga kelgan va bu xulosasini IIV vakiliga aytgan. IIV vakili esa «Men unday deganim yo‘q», deb turib olgan. Ona o‘z xulosasini mantiqan tushuntirib bergan — IIV qizning OVIR olishiga qarshiligi yo‘qligi ochiq turibdi (1), hech qachon chet elga chiqmagan qiz haqida Tashqi ishlar vazirligi nima ham deyishi mumkin (2), qizlar armiyaga bormaydigan mamlakatda Mudofaa vazirligi uning qiziga qanday qilib e'tiroz bildira oladi (3). Kim qoldi — MXX (ya'ni, DXX) qoldi. Onaning aytishicha, IIV vakili shunchaki «MXX» deb aytishga ham hayiqqan. Vaholanki, «u zamonlar o‘tib bo‘ldi».

Onaning MXX borasidagi xulosasini dastaklaydigan yana bir jihat — uning ismi Malohat Eshonqulova; u nimalar qilgani va buning uchun qanday ta'qiblarga uchraganini Gugl yaxshiroq biladi. Ba'zi zamondoshlarimiz bunday insonlarni «noshukrlar», «tuzingni yeb tuzlig‘ingga tupuradiganlar», «qalbida yurt uchun jonkuyarlik hissi yo‘qlar» deb ham ataydi; «shpion» ta'rifi — eng yumshoq «maqtovlar»dan. Aytilganidek, «Bermasa bermabdi-da, kechmishimiz shu ekanda, nimayam qila olardik», deb o‘tiradiganlardan emas. O‘zgacha fikrlab, fikr-jinoyat sodir etib turadiganlardan. Fikr-jinoyat sodir etadiganlar bilan kimlar shug‘ullanishi esa sizga ma'lum. Ularning nomini ochiq aytishga IIV vakili ikkilanib turganida nega men aytarkanman?!

Sud 3 mayga qoldirilgan va sudya Usmonova IIV vakillariga o‘zi so‘ragan hujjatlar olib kelinmasa ham qaror qabul qilaverishini aytgan. Onaning ma'lumot berishicha.

Shunday qilib, nima bo‘lyapti?

— Hech qachon chet elga chiqmagan qizga chet elda qoida buzganingiz uchun stiker bermaymiz, deb rasmiy javob berishyapti;
— Qiz stiker beradigan korxonani sudga beryapti;
— Sudya stiker beruvchilardan stikerni bermaslikka isbot so‘rayapti (qayta-qayta);
— Stiker beruvchilar buni davlat siri deb aytishyapti;
— Sudya davlat sirlarini ko‘rishga haqqi borligini aytyapti;
— IIV vakili MXXni tilga olishga hayiqyapti (2018 yil 26 aprelida, aytishlaricha);
— Sudya, katta ehtimol bilan, qiz foydasiga qaror chiqaradigandek taassurot qoldiryapti; onaning kayfiyati yomon emas, harqalay;
— Onaning «Bi-bi-si»da chiqqan so‘zlarini tasdiqlovchi yo rad etuvchi muqobil manba yo‘q.

Yana, ochiq qolayotgan bir savol bor — chet elga bu qadar intilishning sababi ne? «Xorijga chiqishdan maqsad» deganga o‘xshash grafa bo‘lardi OVIR anketalarida, adashmasam. Odam bemaqsad yurishi, turishi, yozishi, yozmasligi (masalan, men ba'zi materiallarni shunchaki axborot yetkazish maqsadida yozdim, deb o‘ylayman, lekin hushyor odamlar aslida men o‘zim bilmay qolgan boshqa maqsadlarni ham ko‘rishadi) ko‘pda hazm qilinmaydigan ayrim mamlakatlarda, menimcha, chet elga chiqish uchun ham konkretroq maqsad ko‘rsatish maqsadga muvofiq, toki rad etish ehtimoli imkon qadar kamaysin.

Shu o‘rinda, internetdagi ayyuhannoschilar takror va takror eslatganidek, 2017 yil sentabriga taalluqli va O‘zbekistonga aloqador bir tarixiy iqtibosni ko‘rsatib o‘tish o‘rinli:

«Odamlarning erkin harakat qilishini cheklaydigan xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo o‘tab bo‘lgan o‘tmish qoldiqlari bekor qilindi».

Lekin baribir odam xursand bo‘larkan, sudlar haqida yaxshi gaplarni eshitishdan. Bir yoqda Bobomurod Abdulla ishi va undagi sudya tarixga kiraman, deb turibdi (agar kirib ulgurmagan bo‘lsa); salkam MXXga (bu safar DXX deb bo‘lmaydi, aniq MXX) qarshi jarayonga aylanayotgan ishning sudyasi aybsizlik prezumtsiyasi asosida yo‘l tutishini aytib, tag‘in «davlat to‘ntarishga da'vat qilgan» maqolalarning qayta ekspertizasini belgilab, tarixga kirib bo‘ldi. Buyoqda esa sudya Nilufar Usmonova, katta ehtimol bilan, stiker beruvchilarga qarshi da'voni qanoatlantirish arafasida.

Davomiga shu «Bibisi»-yu boshqalar ham Olmaota, Dushanbe, Bishkekdan Toshkentga kelib o‘rnashsa, qo‘rqmay, bemalol ishlashni boshlasa, «Nyu-York Tayms»lar maqtab yozayotgan O‘zbekistondagi «o‘zgarishlar shamoli» (yoki «o‘zbek bahori») yanada kuchaygan bo‘lardi, menimcha. Mening fikrim shunday — Prezident ko‘p bora takrorlayotganidek, xalq rozi bo‘lsa, xalq davlatdan rozi yashasa, poraxo‘rlik, korrupsiya va yana boshqa bir balo illatlar bo‘lmasa, hech qanday rangli inqilob ham, oq-qora inqilob, to‘polon ham bo‘lmaydi. «Bibisi»-yu boshqalar esa aynan shunday illatlarni ko‘proq va tezroq yo‘qotishga yordam beradi, deb o‘ylayman. Xalqqa ham, Prezidentga ham.

Muhrim A'zamxo‘jayev blogidan olindi

Mavzuga oid