Jahon | 08:06 / 02.05.2018
7535
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In Tramp bilan Pxanmunjomda uchrashishga rozi bo‘ldi – CNN

Foto: EPA-EFE/KOREA SUMMIT PRESS / POOL

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya chegarasidagi Pxanmunjom chegara punktida uchrashishga rozilik berdi. Bu haqda manbalarga iqtibos keltirgan holda CNN telekanali xabar berdi.  

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, Kim Chen Inni uchrashuvni Pxanmunjomda o‘tkazishga Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In ko‘ndira olgan. 

CNN manbasining ta'kidlashicha, Kim Chen In bu chegara punktini tanlaganining sababi shundaki, u yerda uchrashuvni o‘tkazish uchun barcha narsa tayyor. Manbaning ma'lum qilishicha, uchrashuv may oxirida o‘tadi. Shu bilan birga ba'zi tadbirlar chegaraning Shimoliy Koreya tomonida o‘tishi ham mumkin.

Manbaning ta'kidlashicha, qurolsizlashtirilgan hududning shimoliy tomoniga o‘tish Trampning tarixga kirishiga imkon beradi. Uning aytishicha, sammitda Janubiy Koreya prezidenti ham ishtirok etishi mumkin.

Pxanmunjomda 27 aprelda Kim Chen In va Mun Chje In uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Kim Chen In 1953 yildan keyin Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan ilk shimollik yetakchi bo‘ldi.

Mavzuga oid