Telman Gdlyan - jinoyatchi va o‘z qilmishlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak
2018 yilning 16 aprel kuni rossiyalik telejurnalist Sergey Medvedev o‘zining «Zagadki veka…» («Asr jumboqlari…») dasturida «Paxta ishi» haqida so‘z yuritdi. Unda o‘zbek xalqiga nisbatan jinoyatkorona xatti-harakatlarning bosh aybdori Telman Gdlyanga so‘z berildi va qayd etish kerakki, u o‘zining asl basharasini namoyon etdi.
O‘z vaqtida, sovet OAVlaridagi chiqishlarda «Paxta ishi» Kremldagi qarib-qartayib miyasi suyulgan eski partiyachi chollarning oddiy bir xatosi sifatida tan olingan edi. Lekin bu shunchaki ma'muriy xato edimi? Bunga javobni paxta va shunga o‘xshash ishlardan so‘ng SSSRda ro‘y bergan siyosiy tanazzulni tahlil qilib olish mumkin. Mohiyatan bu SSSRdan ajralib chiqishi tahdidi bo‘lgan hududlarda ongli ravishda «boshqariluvchi boshboshdoqlik» yaratish uchun foydalanilgan siyosiy texnologiyaning natijasi edi.
1983 yildan 1989 yilgacha — olti yil mobaynida SSSR prokuraturasining Gdlyan boshchilik tergov guruhi O‘zbekistonda bo‘lib, o‘zbek xalqini terror qilib, yuzlab hujjatlarni qalbakilashtirib, qamoqxonalarda noqonuniy o‘tirganlarning hech qanday aybi bo‘lmagan yosh farzandlari va rafiqalarini ham hibsga olishgan. Tergov ostidagilarni o‘z joniga qasd qilish darajasigacha yetkazish holatlari ham bo‘lgan.
Lekin adolat qaror topdi. V.I.Ilyuxin boshchilik tergov guruhi O‘zbekiston qishloqlarida mehnat qiluvchi mehnatkashlarga nisbatan soxta tarzda uyushtirilgan jinoyat ishlarini tergov qilishda T.Gdlyan guruhi tomonidan sodir etilgan qo‘pol qonunbuzarliklar faktini isbotladi.
Gdlyanchilar guruhi tergovchilari tomonidan fuqarolarni pora tariqasida olingan boyliklarni saqlashda ishtirok etishda yolg‘on guvohlik berishga majburlash yo‘li bilan sun'iy dalillar to‘plash faktlari o‘z isbotini topdi. «Dalil» to‘plashda ish shunga borib yetganki, jinoyatlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan insonlar o‘z yaqinlarini asrab qolish uchun o‘zlarining shaxsiy omonatlari, bolalari va nevaralarining to‘yiga atab olib qo‘yilgan tilla va boshqa taqinchoqlarni topshirishgan, qarindoshlari va tanishlaridan qarz olishgan. Shuningdek, odamlar qamalmaslik uchun pul to‘plab, do‘konlardan qimmatbaho narsalar sotib olib, ularni go‘yoki jinoyat yo‘li bilan orttirilgan boylik sifatida topshirishgani ham aniqlangan. Bunday «musodara»lar o‘shanda butun O‘zbekiston bo‘ylab yuz bergan. T.Gdlyan shaxsan o‘zi odamlarni tahdid, shantaj, noqonuniy ushlash, qamoqqa olish va tahqirlash vositasida ko‘rsatma berishga majburlab, tergovning noqonuniy usullarini amaliyotga joriy etgan.
1989 yilning 25 mayida Moskvada SSSR bosh prokuraturasi tomonidan T.Gdlyan boshchilik tergov guruhi tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik holatlari faktlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Uning o‘zini tergov harakatlarini amalga oshirishda korrupsiya va boshqa qoidabuzarliklarda ayblashgan.
Rasmiy hujjatlardan ko‘chirmalar gdlyanchilar guruhining O‘zbekiston hududida jinoiy faoliyatini tasdiqlaydi:
1. O‘zbekistonda ishlarni tergov etishda shaxsan T.Gdlyan va tergov guruhi tomonidan tizimli ravishda qonunning qo‘pol buzilishi, ommaviy zo‘ravonlikka, shuningdek, O‘zbekiston xalqining or-nomusi va qadr-qiymatini tahqirlash hollariga yo‘l qo‘yilgan.
2. Jinoyat-protsessual normalar talablari, SSSR bosh prokurori buyruqlari e'tiborga olinmagan, bu esa og‘ir oqibatlarga, aybsiz fuqarolarning noqonuniy ushlanishi va hibsga olinishi, ularni konstitutsion huquqlarda g‘ayriqonuniy tarzda cheklash, jinoiy javobgarlikka asossiz ravishda tortishga olib kelgan.
V.I.Ilyuxinning tergov guruhi SSSR Oliy kengashi oldiga T.Gdlyan va uning «hamtovoqlari»ni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘ndalang qo‘ygan, T.Gdlyanga nisbatan ishlar sudga yuborilgan. Gap shundaki, o‘sha vaqt u SSSR Oliy kengashida va bir vaqtning o‘zida Armanistonda deputat sanalardi. Shu munosabat bilan, deputatni jinoiy javobgarlikka tortish uchun parlamentning ruxsati kerak bo‘lardi, biroq SSSR Oliy kengashi V.I.Ilyuxinning tergov guruhi talabini rad etgan. Oliy kengash T.Gdlyanni prokuratura organlaridan ishdan olinishiga rozilik bergan, xolos, lekin uni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat taqdim etmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir necha bor Gdlyan va Ivanovga nisbatan ularning O‘zbekiston hududida sodir etgan jinoyatlari bo‘yicha jinoiy ish materiallarini jo‘natishni so‘rab murojaat qilgan, lekin xatlarning barchasi javobsiz qolib ketavergan.
Yuqoridagi prinsiplarga asoslanib, Telman Gdlyanni O‘zbekiston hududida o‘zbek xalqiga qarshi sodir etilgan jinoyatlarning bosh ijrochisi sifatida jinoiy javobgarlikka tortishni talab etish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi T.Gdlyanga nisbatan ochiq ayblov e'lon qilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishi lozim.
Shuningdek, ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Toshtemir Qahramonov tomonidan boshlab berilgan Haaga Xalqaro Sudiga murojaat qilish jarayonini qayta tiklash va Interpol byurosi orqali Gdlyan va Ivanovning guruhida qatnashgan barcha aybdor shaxslar ekstraditsiya qilinishiga erishish kerak. Buning uchun asosli sabablar hamda jinoyatchilarning isbotlangan ayblari bor. Voqealarning ayrim guvohlari va jabrlanuvchilar hamon hayot. Gdlyan jinoyatlarning aybsiz qurbonlari ham, ularning qarindoshlari va yaqinlari tarixiy adolat tiklanishidan orzumand!
Shuhrat Salomov, tarixchi-publitsist.
Mahmud Yo‘ldoshev, psixologiya fanlari doktori.
Ollomurod Isoqulov, pensioner, Qashqadaryo viloyat IIB siyosiy bo‘limi sobiq boshlig‘i.
Shokir Dolimov, zaxiradagi podpolkovnik.
Akbar Mirzo, yozuvchi.
O‘zA dan olindi