Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi o‘limi bilan bog‘liq aniq tafsilotlar ma'lum bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi xorijiy til fanini o‘zlashtirolmagani uchun o‘z joniga qasd qilgan. Kun.uz muxbiri universitet ma'muriyati bilan bog‘lanib ushbu vaziyatga oydinlik kiritdi.
Rektorat taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, asli andijonlik fuqaro (shaxsi Kun.uz’ga ma'lum) 2015-2016 yilgi o‘quv yilida universitet talabalar safiga qabul qilingan.
«Joriy o‘quv yilda, o‘sha talaba ikkinchi semestr davomida ixtisosligi bo‘yicha bir necha fanlarni o‘zlashtira olmadi. Universitet tomonidan berilgan birinchi imkoniyatda bitta ixtisoslik fanidan boshqa barcha fanlarni o‘zlashtirgan. Qolgan bitta fanni (ingliz tili fani emas - tahr.) qoniqarli o‘zlashtira olmagani sababli, kuzgi imkoniyatga qoldirilgandi. Talaba kuzgi imkoniyatdan ham foydalana olmay, 2016 yil 22 dekabrda talabalar safidan chiqarildi. Kursdan kursga qoldirish imkoni bo‘lmagan. Chunki talaba endigina birinchi bosqich talabasi bo‘lgan. Qonuniy asos sifatida oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi Vazirlar Mahkamasining 118 sonli qarori hisoblangan», deb ma'lumot beradi universitet mutasaddi vakili.
Universitet ma'muriyatining ta'kidlashicha, 2017 yil 20 iyundagi yangi shu nomdagi 393 sonli Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha, mazkur talabaning vaziyatida bo‘lgan boshqa talabalar ham kursdan kursga qoldirilishiga ruxsat berildi.
«Talaba bu vaqtda universitet bilan bog‘lanib, o‘qishini tiklatish uchun ariza yozishi kerak bo‘lgan. Talaba orada deyarli bir yildan ortiq vaqt universitet bilan bog‘lanmagan. Joriy yilning 27 mart kuni (ijtimoiy tarmoqlarda 8 may ko‘rsatilgandi - tahr.) sobiq talaba o‘zining yashash joyida o‘lik holda topildi. Joriy yilning 28 mart kuni marhumga nafas yo‘liga ko‘p miqdorda suv to‘lishi oqibatida, o‘lim tashxisi qo‘yilgan», deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan vakil.
Anglashiladiki, marhum universitetdagi masalalarga oid bo‘lmagan holda vafot etgan. Kun.uz tahririyati yuz bergan hodisa yuzasidan marhumning qarindoshlari va yaqinlariga chuqur ta'ziyasini izhor etadi.
Mavzuga oid
16:58 / 06.02.2024
TDYuU talabalari uchun “Toshkent shahar prokurori stipendiyasi” joriy etiladi
16:50 / 28.03.2023
Oliy ta’limni raqamlashtirish – ustuvor vazifa
15:30 / 29.06.2022
Ko‘proq erkinlik: Konstitutsiyaning muhim moddalaridan biri qanday o‘zgarishi mumkin?
14:18 / 04.01.2021