O‘zbekiston | 18:30 / 15.05.2018
68068
4 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasining yangi rahbariyati 3 mingdan ortiq xodimga qo‘llangan intizomiy jazo choralarini bekor qildi

Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati qo‘mita Hay'ati a'zolari bilan kelishilgan holda, xodimlarning ishga bo‘lgan munosabatini oshirish, mehnatiga yarasha rag‘batlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan ayrim kamchiliklari uchun berilgan turli darajadagi intizomiy jazo choralarining barchasini bekor qilish to‘g‘risida qaror qildi.

Unga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat soliq boshqarmalari hamda tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalarida xizmat qilayotgan 3132 nafar xodimga nisbatan qo‘llanilgan «hayfsan», o‘rtacha oylik ish haqining 10 foizidan 50 foizigacha bo‘lgan jarima tarzidagi intizomiy jazo choralari muddatidan oldin bekor qilindi.

«Jizzax shahar davlat soliq inspeksiyasi jismoniy shaxslar soliq ma'muriyatchiligi bo‘limida bugungi kunda 15 nafar uchastka davlat soliq inspektorlari faoliyat ko‘rsatib kelyapti. Ularning barchasida turli darajadagi intizomiy jazo choralar bor edi. Jazo choralari natijasida oylik ish haqiga qo‘shimcha hisoblanadigan ustamalar, mukofot pullari berilmayotgan edi. Bu o‘z navbatida ishchi xodimlarning ishga bo‘lgan munosabatining salbiy tomonga o‘zgarishiga, xodim to‘liq ish haqi olmaganidan keyin ish jarayonida qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanishga harakat qilishiga sabab bo‘lar edi. Bu ish unumdorligiga ham salbiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmasdi», – deydi, Jizzax shahar davlat soliq inspeksiyasi Jismoniy shaxslar soliq ma'muriyatchiligi bo‘limi boshlig‘i Farhod Bobomurodov.

«O‘ziga bog‘liq bo‘lmagan vazifalardagi xatoliklar yoki ogohlantirish va tanbeh berish bilan kifoyalanish mumkin bo‘lgan holatlarda ham xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi xodimlarning ishga, vazifasini bajarishga bo‘lgan munosabatning salbiy tomonga o‘zgarishiga, jarima natijasida ish haqining keskin kamayishi esa xodimlar tomonidan ta'magirlik va boshqa korruptsion holatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin», deyiladi axborotda.

«Jazo choralarining bekor qilinishi qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlar to‘g‘ri xulosa chiqarib, vazifalarni vijdonan bajarishlari, nohaq jazolanganlar uchun adolatning qaror topishi esa ishga bo‘lgan munosabatning ijobiy tomonga o‘zgartirib, faoliyat samaradorligining ortishida rag‘batlantiruvchi ahamiyatga egadir.

Shuningdek, endilikda xodimlar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarmagan taqdirda ularga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llash emas, balki egallab turgan lavozimidan ozod etilishi hamda ularning o‘rniga vatanini sevadigan va uning iqtisodiy rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadigan yosh xodimlar bilan to‘ldirilishi to‘g‘risida ogohlantirildi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid