Jahon | 18:43 / 15.05.2018
14482
4 daqiqa o‘qiladi

"AES qurilishidan avval jamoatchilik fikri o‘rganiladi" - "Rosatom"

Atom energetikasi, jumladan, AES qurilishi bilan bog‘liq loyihalar aholi o‘rtasida juda katta muhokamalarga sabab bo‘ladi, ko‘plab savollarni keltirib chiqaradi. Jamoatchilik buni soha vakillarining sa'y-harakatlari va qo‘llab-quvvatlashisiz qabul qilishi qiyin bo‘ladi. Bunday yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirishda ishonchli asosni yaratish juda muhim ahamiyatga ega. KUN.UZ muxbiri "Rosatom" bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Kirill Komarovning Sochi shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Atomekspo-2018" forumi doirasidagi  "Jamoatchilik fikri uyg‘unlashuvi" muhokamalar doirasida aytgan so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"Fikrimcha, bugungi kunda turli mamlakatlarda jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi, ular bilan ishlovchi ekspertlarning bo‘lishi juda muhim. Ular shu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish va uzoq istiqbolli yadroviy infratuzilmani yo‘lga qo‘yishdan avval jamoatchilikni bunga tayyorlashadi.

Ishonchim komilki, hozir biznes maqsadlari va ijtimoiy maqsadlar bir-biriga uzviy bog‘liq. Bugunga kelib biznesga gumanitar kontekstda qaralmoqda. "Atomekspo-2018" forumining asosiy mavzusi ham global hamkorlikka yo‘naltirilgan. Jamoatchilik bunday yo‘nalishdagi loyihalarni qabul qilishi uchun ular bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish zarur", - deydi Komarov.

Shu o‘rinda "Rosatom"ning qator mamlakatlar bilan bu borada olib borgan ishlari misol tariqasida keltirildi. Mamlakatda yadroviy dasturni yo‘lga qo‘yish va yadroviy energetikani rivojlantirish uchun aynan jamoatchilik fikri to‘sqinlik qilishi mumkin. Shu bois AES qurishdan oldin muayyan hududning jamoatchilik bilan ishlovchi yetakchilari bilan uchrashish va ular bilan shu masalalarni muhokama qilish zarurligi ta'kidlandi.

Ta'kidlash joizki, "Rosatom" dunyoning 18 mamlakatida  o‘z axborot markazlarini ishga tushirgan.

"Biz AES qurilishi loyihasini boshlashdan avval u yerda axborot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yamiz, chunki odamlarni bundan xabardor qilish zarur.

Ochiq ma'lumot bo‘lmagan joyda aholini qo‘rquv qamrab oladi, turli gap-so‘zlar tarqaladi. Jamoatchilikka murojaat qilishning eng yaxshi usuli - ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, keng qamrovli kompleks axborot berish. Shunda odamlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob topa olishadi va ortiqcha mish-mishlarga o‘rin ham qolmaydi.

Aholi bilan qancha ochiq bo‘lsak, o‘zimiz uchun shuncha yaxshi. Jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlashni his qilish uchun odamlarning real ehtiyojlarini inobatga olish kerak. Shundagina biror loyihani amalga oshirish uchun kerakli muhitni yaratish mumkin. Birgalikda ish olib borish uchun do‘stona munosabatlarni o‘rnatish juda muhim, bu har qanday muvaffaqiyatning muhim bir qismidir", - deya ta'kidlaydi mutaxassis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AES - ko‘plab bilimli kishilar ishtirokini talab qiluvchi jiddiy drayver. Bilim berishni esa erta bolalikdan boshlash kerak.

"Buning uchun "Rosatom" maxsus dasturlarni yo‘lga qo‘ygan. Bu dasturlar shu qadar muvaffaqiyatli bo‘lib chiqdiki, ular hatto AES qurilishidan manfaatdor mamlakatlarga ham eksport qilina boshlandi", - deya o‘z fikriga yakun yasadi Komarov.

Lola Raxmanbayeva

Mavzuga oid