Fan-texnika | 10:10 / 17.05.2018
4950
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda mamlakatdagi ilk tijorat raketasi sinovdan o‘tkazildi

Xitoyning OneSpace Technology kompaniyasi mamlakatdagi ilk tijorat raketasi OS-X’ni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi ma'lum qildi. 

Foto: OneSpace

Bu Xitoyda xususiy kompaniya tomonidan to‘liq loyihalanib, qurilgan raketaning ilk parvozi bo‘ldi. Raketa 17 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 7.33da mamlakatning shimolidagi sinov maydonchasidan uchirilgan. Raketa ballistik trayektoriya bo‘ylab 306 soniya uchgan. Telekanalning ta'kidlashicha, raketani loyihalashdan uni uchirishgacha bir yilgina vaqt talab etilgan.

9 metr uzunlikka ega OS-X Chongqing Liangjiang Star raketasi 800 km balandlikdagi orbitaga foydali yuk yetkaza oladi.

Foto: NEWS.CN
Foto: NEWS.CN

China Daily nashrining ma'lum qilishicha, OneSpace kompaniyasi 2015 yilda tashkil etilgan. 2017 yil mayida Chongqing Liangjiang Aviation Industry Investment Group kompaniyasi bilan Chuntsinda o‘zining tadqiqot va qurilish bazasini yaratish haqida kelishuv imzolagan.

Joriy yil oxirida ishlay boshlaydigan baza tadqiqot markazi, “aqlli” qurilish va yig‘ish markazi, sinov markazi va boshqa ixtisoslashtirilgan laboratoriyalardan iborat bo‘ladi. Kompaniya har yili 30 ta raketani qurib, sinovdan o‘tkaza oladi, uning har yillik daromadi 240 mln dollargacha yetadi.  

Mavzuga oid