O‘zbekiston | 09:30 / 18.05.2018
152023
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi yakunlandi. Nimalarga erishildi?

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Davlat rahbari ayni damda poytaxt Toshkent shahriga qaytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 16 may kuni Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Muzokaralar avval tor doirada keyin keng doirada bo‘lib o‘tdi. Keng doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston va AQSh rasmiy delegatsiyasi vakillari ishtirok etadi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Tramp bilan uchrashuvda har ikki davlat rahbarlari ekstremizm va xalqaro terrorizmni qoraladilar hamda umumiy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga intilishlarini qayd etdilar. Ular ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan kelishuvlarni amalga oshirishga sodiq ekanliklarini bildirdilar hamda besh yilga mo‘ljallangan ilk harbiy hamkorlik Rejasini amalga tatbiq qilish orqali mudofaa sohasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta'kidladilar.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shundan so‘ng O‘zbekiston delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi munosabati bilan “Villard interkontinental” mehmonxonasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev prezident Donald Tramp bilan muloqoti o‘zaro ishonch va hurmat, bir-birining manfaatlarini hisobga olish ruhida o‘tganini alohida ta'kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik kengayayotgani ta'kidlandi. Ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida qariyb 4,8 milliard dollarlik yangi shartnomalar imzolangani yuqori baholandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbirda ko‘p yillik samarali ijodi, o‘zbek maqom san'atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni berilgani e'lon qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamentiga tashrif buyurdi. AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, tashqi siyosat mahkamalari aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, Mirziyoyev Pentagonda AQSh mudofaa vaziri Jyeyms Mettis bilan muzokara olib bordi. Davlat rahbari ko‘p yillik va samarali hamkorlik uchun AQSh tomoniga minnatdorlik bildirib, prezident Donald Tramp bilan o‘tgan muloqot natijasida davlatlararo munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta'kidladi. AQSh mudofaa vaziri prezident Mirziyoyev tashrifidan mamnun ekanini bildirib, O‘zbekiston mintaqadagi muhim geostrategik davlat ekanini ta'kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bundan tashqari, prezident Kapitoliyda AQSh Kongressi vakillar palatasi a'zosi Trent Kelli boshchiligidagi kongressmenlar bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan munosabatlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Vashington shahridagi Jahon banki shtab-kvartirasida ham bo‘ldi. Davlat rahbarini Jahon banki prezidenti Jim Yong Kim kutib oldi. Uchrashuv chog‘ida bog‘dorchilikni rivojlantirish, shoshilinch tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, sanoat korxonalarining energiya tejamkorligini oshirish, isitish tarmoqlarini modernizatsiyalash, moliyaviy konsultativ xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga oid bitimlar imzolangani aytilmoqda. Muzokarada yangi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi, hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu bilan prezidentning AQShga tashrifi o‘z yakuniga yetdi. AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen: “Shavkat Mirziyoyevning tarixiy tashrifi muvaffaqiyatli yakunlandi. Barcha safardagilar, jumladan, yangi Boing (Drimlayner)dagilar eson-omon yetib olsin! Vashington”, - deya xabar bergan.

Foto: Pamela Spratlen

Shuni alohida ta'kidlab o‘tish joizki, AQSh elchisi tomonidan e'lon qilingan suratda ikkita Boeing’ni ko‘rish mumkin. Avvalroq, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi hamda Boeing korporatsiyasi navbatdagi Boeing-787-8 Dreamliner yo‘lovchi samolyotini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangani xabar qilingandi

Kun.uz axborot manbalari taxminiga ko‘ra, ushbu yangi Dreamliner ham Toshkentga parvoz qilgan. 239 mln dollarlik samolyot Boeing tomonidan prezident Mirziyoyevning tashrifi yakunida tayyor holda taqdim etilgani taxmin qilinmoqda.

Mavzuga oid