O‘zbekiston | 18:09 / 19.05.2018
26452
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura va FTB o‘rtasida “yo‘l xaritasi” imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi doirasida bosh prokuror O.Murodov tomonidan AQShning ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlarida uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Bosh prokuratura axborot xizmati

Xususan, Adliya departamentida AQSh bosh prokurori yordamchisi B.Shvarts bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda jinoyatchilikka qarshi kurash va tergov borasida o‘zaro yordam ko‘rsatish sohasida xamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Departament vakillariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-xuquq islohotlari, 5 yillik rivojlanish Strategiyasi, nisbatan qisqa davr ichida erishilgan jiddiy yutuqlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Amerika tarafi tomonidan yangilanishlarga ijobiy baho berilib, AQSh Adliya Departamenti va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi oldiga qo‘yilgan umumiy vazifalarni inobatga olgan holda o‘zaro xamkorlikni mustahkamlash zarurati va bunga qat'iy tayyorgarlik ifoda etildi.

Adliya Departamentining OPDAT va ICITAP dasturlari doirasida jinoiy ta'qib va kadrlarni o‘qitish sohasida salohiyatni oshirish yuzasidan ko‘mak ko‘rsatishga oid o‘zaro xamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Prezidentning Blair House (Bleyr Xaus) qarorgohida Federal tergov byurosining mutasaddi vakillari ishtirokida Bosh prokuratura va FTB o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumini (Vashington, 04.12.2017 y.) amalga oshirish yuzasidan Dastur (“Yo‘l xaritasi”) imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

AQSh Ichki xavfsizlik departamenti Maxfiy xizmati ma'sul xodimlari bilan uchrashuvda o‘sib borayotgan tahdid va mazkur turdagi jinoyatlarning transmilliy xususiyatini inobatga olgan holda valyutaga oid jinoyatlar, qalbaki pul belgilari va boshqa to‘lov vositalarini tayyorlash va ulardan foydalanish hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

2018 yil 15 martda Toshkentda Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti hamda Maxfiy xizmat o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumining ijrosini amalda ta'minlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Mavzuga oid