O‘zbekiston | 11:00 / 20.05.2018
126025
3 daqiqa o‘qiladi

«Menga qolsa o‘qituvchining maoshini 10 baravar oshirardim. Lekin iqtisodiyot og‘ir ahvolda»

19 may kuni Ulug‘nor tumani hokimligida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyati va tumanlari hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezident O‘zbekiston iqtisodiyoti juda og‘ir holatda ekani haqida aytib o‘tdi.

«Oltiariqdagidek Andijonda ham uzum qilsa bo‘lmaydimi? 4 sotix yerga qancha uzum qilsa bo‘ladi? Nega oltiariqliklarning 10tadan mashinasi bor. Chunki mehnat qiladi ular. Qayerda uzum bor bo‘lib, sotolmayotgan bo‘lsanglar, menga aytinglar, men sotib beraman.

Mana bugun «Obod qishloq» qilyapmiz. Hammma qarsak chalib, urre-urre qilyapti. Lekin «Obod qishloq»dagi uyda vaziyat o‘zgarmasa, yeyishga ovqat bo‘lmasa, kiyimi bo‘lmasa, bolasiga kitobi bo‘lmasa, bunaqa qishloq kimga yoqadi, kimga kerak bunday «Obod qishloq».

Hurmatli hokimlarimizga, faollarga hamma choralarni «to‘qqiz puldek» tushuntirib berdim. Endi odamlarni norozi qilsanglar, bu xiyonat bo‘ladi. Katta pul berdim, yetmasa yana beraman.

Ochig‘ini aytishim kerak, iqtisodiyotimiz juda og‘ir vaziyatda, juda og‘ir kunlarni boshdan kechiryapmiz. Qaniydi, qo‘limda bo‘lsa, birinchi navbatda maktab o‘qituvchisining oyligini 10 baravar oshirib qo‘yardim. Men o‘zim universitetda ishlaganman, bu ish qanchalik qiyinligini bilaman. Bizning eng katta xatoimiz maktablardagi o‘qituvchilarni yo‘qotdik. Maktablarda 11 yillik ta'limni qaytardik, ammo avvalgi domlalarni qaytara olmayapmiz. Xafa bo‘lmasin hech kim, buni men aytmasam, hech kim aytmaydi, hozir avvalgidek domlalar yo‘q.

Ta'lim sohasida ishimiz ancha orqaga ketgan. Kollej, kollej, kollej dedik. Kimga kerak Qo‘rg‘ontepada, cho‘lning o‘rtasida marmar kollej? U kollejlarni qurishdan ko‘ra, maktabning domlasiga oylik berish kerak edi. Endi bu kollejlar mutlaqo hech kimga kerak emas.

Bu sohada 16 yil ishlaganman, juda yaxshi bilaman. Kollej kerak, faqat bitta tumanga bitta kerak. Tuman uchun talab bor mutaxassislarni tayyorlash uchun kerak.

Avvalgi uchrashuvimizga bir yil o‘tdi. Bir yildan keyin ham qarsakbozlik qilishlaringni istamayman.

Yana bir marta qaytaraman, bugundan boshlab Andijonda talabchanlik 10 marta ortadi», deya prezidentning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Mavzuga oid