O‘zbekiston | 09:40 / 20.05.2018
94409
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda yomg‘ir qorga aylandi, daryoda qizil va sariq loyqa oqmoqda

May oyining o‘rtalaridan buyon O‘zbekiston bo‘ylab davom etayotgan yog‘ingarchilik va kuchli jalalar joylarda suv toshqinlari va sel oqimlarini keltirib chiqarmoqda. Bundan avvalroq Samarqand viloyati Nurobod tumani Jom qishlog‘ida sel kelgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati tumanlarida sel yetkazgan talofatlar 5 kishining hayotiga zomin bo‘lgani haqida ham xabar berildi.

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida ham 543 xonadon qisman suv ostida qolgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 18 maydan 22 maygacha Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida sel kelishi xavfi mavjudligi haqida xabar qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan sel oqibatida kelib chiqqan suv toshqini videosi tarqaldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Elobod», «Azlarsoy» va «Bogor» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida sel oqimi yuzaga kelgani tufayli 754 kishi evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan.

«Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, shu kunlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir Surxondaryo viloyatining Boysun, Oltinsoy, Denov va Qumqo‘rg‘on tumanlarida ham kuchli sel oqimlarini keltirib chiqargan. Jumladan, sel oqimi tufayli Boysun – Termiz avtomobil yo‘lining bir qismini yuvib ketgan va loyqaga to‘ldirgan. Ayrim joylarda yo‘l yemirilib, yuk mashinalari o‘tishi uchun yaroqsiz holga kelgan va yo‘llarda uzun tirbandlik hosil bo‘lgan.

Ayni paytda maxsus texnika suv oqimining kamayishi va yo‘llarni zudlik bilan ta'mirlash uchun shay holatga keltirib qo‘yganini ko‘rish mumkin.

Qayd etib o‘tish joizki, kuchli yog‘ingarchilik tog‘li tumanlarda qorga ham aylangan. Shu sababli Surxondaryoning shimoliy tumanlarida yilning bu davri uchun noodatiy bo‘lgan sovuq havo hukmron bo‘lib turibdi.

Ushbu fotosurat kecha Boysun tumanining Darband qishlog‘ida tushirilgan. Odatda yilning bu faslida sayozlashib qoluvchi Darband daryosi va sel oqimidan so‘ng loyqa bilan to‘lib qolmoqda. Qizig‘i shundaki, uning irmog‘idan qizil loyqa, asosiy o‘zanidan sariq loyqa kelib aralashib, sel oqimi qizg‘ish tusga kirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati tomonidan sel xavfi yuzaga kelganda qanday harakatlanish lozimligi haqida yo‘riqnoma ham e'lon qilingan edi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid