O‘zbekiston | 21:50 / 25.05.2018
81022
5 daqiqa o‘qiladi

Notariat tizimi bo‘yicha qaror: Endi ko‘chmas mulkni ijaraga berishni notarial tasdiqlash talab etilmaydi

25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Notariat tizimini nizolarni oldini oluvchi institut sifatida yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. 

Qarorda 2017— 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarni himoya qilishda notariat institutini rolini oshirish, shuningdek aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yaxshilash maqsadida 2019 yil 1 yanvardan boshlab notariatning faol modeli doirasida notariuslar tomonidan bitimlarni tasdiqlashda «bir darcha» tamoyili bo‘yicha amalga oshiriladi, axborotlarni almashish uchun ma'lumot bazalari va axborot tizimlarini joriy etish, shuningdek «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi ta'minlanadi, notariuslarga ma'lumotnomalar taqdim etish talab etilmaydi.

Turar joyda doimiy propiskada turgan shaxslar haqida ma'lumot;
Kommunal to‘lovlardan qarzdorlik;
Biometrik va pasport ma'lumotlarini olish;
Bino va inshootlarning tegishliligi va tarkibi, taqiq va xatlov mavjudligi haqida ma'lumot;
Xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar haqida ma'lumot;
Yuridik shaxslar haqida ma'lumot.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 sentabrgacha sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar bo‘yicha elektron ma'lumot bazasini shakllantirilishini, «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilish amaliyoti joriy etilmoqda.

2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibini o‘rnatish orqali ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilinmoqda.

Bundan tashqari, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi. 

1 yanvardan boshlab ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash faqat «Davlat belgisi» davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega bo‘lgan qat'iy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda amalga oshiriladi.

Vasiyatnomalarni imzolash jarayoni videotasvirga yozib olinadi.

Vasiyatnomalarni imzolash jarayoni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi «Notariat to‘g‘risida»gi Qonunning 34-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda (jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa) bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayoni majburiy audio- va video qayd etiladi.

2019 yil 1 yanvaridan boshlab yuridik shaxs notariusga ixtiyoriy murojaat etganda yuridik shaxs kollegial organining qarori qabul qilinganligi fakti notarial tasdiqlanishi lozim. Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat etganlarning shaxsini aniqlash barmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning biometrik harakatlanish hujjatidagi) biometrik ma'lumotlar bilan solishtirish orqali amalga oshiriladi, murojaat etuvchilarning notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlash notarial tasdiqlanayotgan hujjatlarga ular tomonidan imzo qo‘yish va maxsus moslamalarda ularning barmoq izlarini skaner qilish yo‘li bilan aniqlanadi.

Joriy etilayotgan yangiliklardan yana biri, notariuslik uchun stajirovka o‘tash muddati qisqartirildi. Ya'ni, notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka o‘tash muddati ikki yildan bir yilga qisqartirilgan.

Notarius lavozimiga nomzodlar uchun sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslarga majburiy stajirovka o‘tash bo‘yicha talab bekor qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida notarius lavozimlariga tanlov asosida kadrlarni tayinlash jarayonini real vaqt rejimida audio- va videotranslyatsiya qilish amaliyoti joriy etiladi.

2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda notarial idoralarda notarial harakatlarning maxfiyligini saqlagan holda real vaqt rejimidagi masofaviy markazlashtirilgan audio- va videokuzatuv tizimi joriy etiladi va bundan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda uning hududiy organlari tomonidan foydalanish nazarda tutilgan.

«Bir so‘z bilan aytganda, qabul qilingan ushbu qaror notariat tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga va sohani yanada rivojlantirishga, shuningdek fuqarolarning huquq va manfaatini himoya qilishga xizmat qiladi», deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi izohida.

Mavzuga oid