Iqtisodiyot | 12:37 / 30.05.2018
8168
6 daqiqa o‘qiladi

O‘z tovar, ish va xizmatlarini elektron do‘kon orqali davlatga qanday sotish mumkin?

Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjatda barcha turdagi davlat xaridlari batafsil tartibga solingan, deb yozmoqda Norma. 
 
Eslatib o‘tamiz, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonun 10.04.2018 yildan kuchga kirgan. Davlat xaridlari yagona axborot portali ham ishlay boshladi. 
 
Tovarlar, ishlar va xizmatlarni portalning «Elektron do‘kon» bo‘limiga qo‘yish uchun jismoniy va yuridik shaxslar Davlat xizmatlari markazida elektron raqamli imzo (bundan keyin – ERI) olishlari talab etiladi. Agar ERI bo‘lsa, uni yangidan olish kerak bo‘lmaydi.
 
So‘ng portalda ro‘yxatdan o‘tish zarur. Ro‘yxatdan o‘tkazish 1 marta amalga oshiriladi, so‘ngra shaxsiy kabinetdan boshqa turdagi xarid qilish tartib-taomillari uchun ham foydalanish mumkin bo‘ladi. Davlat buyurtmachilari uchun ham ro‘yxatdan o‘tkazishning xuddi shunday tartibi nazarda tutilgan.
 
Ro‘yxatdan o‘tgandan keyin portal ishtirokchilari (sotuvchilar) va davlat buyurtmachilari (xaridorlar) hisob-kitob-kliring palatasidagi shaxsiy hisobvaraqlariga avans to‘lovlarini kiritadilar. Ular kamida portal operatorining vositachilik haqi summasi (bitim summasining 0,15%i) va zakalat summasini (boshlang‘ich narxning 3%i) o‘z ichiga olishi kerak. Tomonlar faqat avans to‘lovlarini kiritganlaridan so‘ng xarid qilish tartib-taomillariga qo‘yiladilar.
 
Elektron do‘konda 3 turdagi taklifni – tovarlar, ishlar va xizmatlar bo‘yicha kiritish mumkin. Taklifni qo‘yayotganda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 44-moddasi uchinchi qismida keltirilgan ma'lumotlar va tavsiflarni ko‘rsatish zarur. Ko‘rsatilgan axborotning ishonchliligi bo‘yicha to‘liq javobgarlik ishtirokchi (sotuvchi) zimmasiga yuklatiladi.
 
Shu paytdan boshlab sotuvchi o‘z ofertasi – shartnoma tuzish taklifini shakllantirgan hisoblanadi. U 15 kun mobaynida amal qiladi. Oferta xaridor tomonidan aktseptlangunga (qabul qilingunga) qadar ushbu muddat tugashidan oldin chaqirib olinishi (taklif qaytarib olinishi) mumkin. Agar u aktseptlangan bo‘lsa, chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. 15 kunlik muddat tugaganidan so‘ng ishtirokchi hech kim qabul qilmagan oferta muddatini uzaytirishga haqli.
 
Portal operatori ishtirokchilarga ham, buyurtmachilarga ham bir-birlari va qolgan ishtirokchilarning ma'lumotlarini oshkor qilmaydi. Hamma inkognito sifatida oldi-sotdi qiladi va xarid qilish tartib-taomilining g‘olibi aniqlangunga qadar bir-birini tanimaydi.
 
Elektron do‘konda bitimlar tuzish quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
 
1-qadam. Davlat buyurtmachisi aniq taklifni tanlaydi;
 
2-qadam. Narxlar so‘rovi mexanizmi ishga tushadi – o‘xshash tovarlarni taklif etayotgan boshqa sotuvchilarga avtomatik ravishda xaridor tanlagan ofertaga havolani o‘z ichiga olgan xabarnoma yuboriladi. Pastroq narxni taklif etish uchun 48 soat beriladi. Pastroq narxni faqat 1 marta taklif etish mumkin.   
 
Yangi taklif narxi 15%dan past bo‘lsa, buyurtmachi tanlagan birinchi oferta summasi bilan ishtirokchining yangi oferta summasi o‘rtasidagi farq miqdorida qo‘shimcha zakalat talab etiladi. Qo‘shimcha zakalat bo‘lmasa, taklif avtomatik ravishda rad etiladi.
 
Ma'lumot uchun: sotuvchi va xaridorlarning zakalatlari shartnoma bajarilgunga qadar tizim tomonidan xatlab qo‘yiladi. Biroq boshqa sotuvchilardan biri taklifda «o‘zib ketsa», savdodan chiqib ketgan sotuvchining zakalatidan xatlov olib tashlanadi.
 
3-qadam. 48 soat o‘tgach, axborot tizimi sotuvchi tanlagan ofertaga muvofiq eng past narxni taklif qilgan ishtirokchi bilan namunaviy shartnomani avtomatik ravishda shakllantiradi (shartnoma tuzish uchun ERIdan foydalaniladi). Shartnoma ro‘yxatdan o‘tkaziladi, portal operatori esa ham g‘olib bo‘lgan ishtirokchining, ham buyurtmachining shaxsiy hisobvaraqlaridan vositachilik yig‘imini yechib oladi.

Hech kim eng past narxni taklif qilmaganda sotuvchi ofertasini tanlagan ishtirokchi g‘olib bo‘ladi. Elektron do‘konda tegishli tovarlar, ishlar yoki xizmatlar mavjud emasligi sababli shartnoma tuzishning imkoni bo‘lmasa, davlat buyurtmachisi kontragentni mustaqil ravishda tanlash va elektron do‘kondagi bitimlar limitlaridan oshmaydigan summaga u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga haqli bo‘ladi. Bunday holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma 3 kun muddatda portalda joylashtirilishi lozim.
 
Elektron do‘konda bitimlarning cheklangan summalari quyidagicha etib belgilangan:

Hujjat 28.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid