97-qaror: ro‘yxatdan tushib qolayotganlar va uy buzilishi mash-mashalari
Tahririyatimizga Tashkent City hududida buzilgan xonadonlarda istiqomat qilgan, hozirda uysiz fuqarolardan bir qancha murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlar bilan tanishib, g‘aliz savol paydo bo‘lishi mumkin: qurilish maydonlari joylashgan Shayxontohur hokimiyati mutasaddilari eski mahallalarda ro‘yxatda turuvchilarning sonini bilmaydimi yoki aholi asossiz e'tiroz bildirmoqdami? Shundaylardan biri, I.Karimov (sobiq O‘zbekiston) ko‘chasi, 98/11 uy, 5 xonadonda ro‘yxatda turuvchi Madina Bichurina masalaga aniqlik kiritilishini so‘rab murojaat qildi.
Uning aytishicha, buzilishi rejalashtirilayotgan obektlar ro‘yxatiga o‘zi istiqomat qiladigan 2 xonali xonadon ham kiritilgandi. U yerda Madinaning onasi N.Bichurina, ukasi S.Bichurin va qizi S.Usmonova bilan birgalikda ro‘yxatda turishgan. Shayxontohur tumani hokimligida uy berilishi bo‘yicha tashkil etilgan komissiya xulosa chiqargan. Unga ko‘ra, oilaga kafolat xati bilan 11.200000 so‘m kompensatsiya puli berilgan. Uy buzilishi evaziga Yashnobod tumanida Obod makon turar joy majmuasidan 3 xonali turar joy ajratildi.
M.Bichurinaning aytishicha, kafolat xatida u va qizining nomi keltirilmagan. Buning sababini so‘raganida, xonadonda doimiy yashamaganligi aytilgan.
«Men sharoitimiz og‘ir bo‘lganligi uchun yashab turgan joyni bir yil davomida ijaraga berib, qizim bilan arzonroq uyda vaqtinchalik ijara asosida istiqomat qilganmiz», deydi Bichurina.
Mavzuga oid: Buzilgan uy-joylar: qonunchilik nima deydi?
Bizga ma'lum bo‘lishicha, Madina aslida ijarada yashab, shaxsiy uyini boshqa kimsaga ijaraga topshirgan. Shu tufayli, M.Bichurina qizi bilan o‘ziga alohida uy so‘rab komissiyaga ariza yozgan. U ushbu masala bo‘yicha 2017 yil 21 dekabrda Shayxontohur hokimi B. G‘oyibnazarov qabulida ham bo‘lganligini ta'kidladi. Hokim muammo tez orada o‘rganib chiqilishini aytgan va 25 dekabrda murojaatiga yozma javob xati keldi. Unda murojaat komissiya tartibida ko‘rib chiqilishi tushuntirilgan. Prezident Virtual qabulxonasidan va Bosh Prokuraturadan ham xuddi shunday javob kelgan. M.Bichurina komissiyaning ishlash tartibidan noroziligini, haligacha komissiya qarorini kutayotganligini bayon etdi.
Masalaga oydinlik kiritish uchun ishni fuqaro istiqomat qilgan Shayxontohur tumani «O‘qchi-Olmazor» MFY idorasida vaziyatni o‘rganishdan boshlashga qaror qildik. Mahalla raisi U.Alimardonova bilan uchrashib, M.Bichurinaga uy berish masalasi bo‘yicha savol berganimda, hududdagi barcha uylar buzilganidan so‘ng, komissiya qarori chiqishini aytdi. Shu o‘rinda M.Bichurinaning oilaviy hayoti haqida ham so‘radik. Rais M.Bichurinani I.Karimov (sobiq O‘zbekiston) ko‘chasi, 98/11 uy, 5 xonadonda ro‘yxatda turishini tasdiqladi. Lekin u yerda doimiy yashamaganini, buvisinikida turganligini aytdi. Onasi haqiqiy uy egasi bo‘lganligi va ukasi unga vasiy bo‘lganligi uchun ularga uy berilganligini tushuntirdi. Mahalla raisi gaplari orasida bu xonadonda ancha yillar davomida ijarachilar yashaganligini qo‘shib ketdi.
Izlanishimiz keyingi manzili Shayxontohur tumani hokimligi bo‘ldi. «O‘qchi-Olmazor» mahallalaridagi uylar buzilishi va shu kabi masalalarga bevosita mas'ul bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosari A.Najmiddinov bilan bog‘landik. Undan M.Bichurina murojaati bo‘yicha izoh berishini so‘radik. Hokim o‘rinbosari quyidagicha javob berdi:
“Uy-joy berilishi masalasini tuman hokimi, o‘rinbosari, mahalla raisi,yuristlar va bir qancha soha mutaxassislaridan iborat komissiya ko‘rib chiqadi. Jarayon ikki bosqichdan iborat. Birinchisida haqiqatan shu yerda ro‘yxatda turuvchi va doimiy yashab kelayotgan fuqarolar masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Ikkinchi bosqichda esa ro‘yxatda turadigan, lekin istiqomat qilmaydiganlarga uy-joy berilishi ko‘rib chiqiladi. Biz hozir birinchi bosqichdamiz. 8 may hisobotiga ko‘ra, hali uy berilmagan 551ta oila bor. Komissiya birinchi navbatda, ularning masalasini hal qiladi. Shundan so‘ng faoliyatimizning ikkinchi bosqichiga o‘tamiz. M.Bichurina shu ro‘yxatga kiritilgan. Komissiya fuqaroning oilaviy sharoitini o‘rganib chiqib o‘z xulosasini aytadi”.
M.Bichurina bilan suhbat jarayonida bir jihat e'tiborimizni tortdi: Hokim qabulida bo‘lgan paytda M.Bichurinaga Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer-uchastkalarini olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash to‘g‘risida» 97-sonli qarori ilovasida jismoniy shaxs doimiy ro‘yxatda turuvchi joyda 6 oydan ko‘proq vaqt yashamagan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan ro‘yxatdan chiqariladi, deb javob berilgan. Qaror ilovasi matni bilan to‘liq tanishib chiqdim. Lekin unda yuqorida aytilgan band mavjud emasligini aniqladim. Hokim hujjatdagi bandlardan xabardormikan?
Do‘ppini bir chetga surib, masalaga ikkinchi tomondan nazar solaylik: uy berilgan bo‘lsa, kompensatsiya qoplangan bo‘lsa, endi doimiy yashamay kelgan har bitta oila a'zolari ham «shu bahonada» uy-joyli bo‘lib ketishi kerakmi? Bu qonuniy «noinsoflik» emasmi?
Eng asosiy masala esa komissiya faoliyatiga borib taqaladi. Agar komissiya ishchi guruhi o‘z faoliyati yuzasidan aholiga doimiy hisobot berib borsa, shaffoflik ta'minlansa, o‘ylaymizki, bu kabi ko‘ngilsizlik va tushunmovchiliklar yuz bermaydi.
Muhabbat Ma'mirova,
Manzura Sayfiddinova
Mavzuga oid
07:53 / 16.10.2021
Tashkent City’dagi bog‘ xususiylashtiriladi
11:54 / 14.10.2021
Tashkent City bog‘iga kirish yana bepul bo‘ldi
12:45 / 18.08.2021
Tashkent City hududiga kirish pulli ekani konstitutsiyaviy tamoyillarga zid - XDP
16:42 / 13.07.2021