«Joriy soliq tizimimiz o‘qituvchi va vrachlarga munosib maosh to‘lashga izn bermaydi»
Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning o‘qituvchilar va vrachlarga nega ko‘proq maosh to‘lash kerakligi va buning uchun soliq tizimida qanday islohotlar o‘tkazilishi kerakligi xususidagi fikrlarini Repost.uz sayti e'lon qildi.
Soliq islohotiga shoshilmaslik tarafdorlari, iqtisodiyotga soliq yukini kamaytirishga qarshilarning bosh dalili — go‘yoki mamlakatimizda ijtimoiy himoyalanganlik darajasi juda yuqori ekanligida. «Soliq yuklamasini kamaytirmaslik kerak, uning bu darajada yuqori ekanligiga sabab, biz o‘qituvchilar, vrachlar va pensionerlarga ko‘p xarajat qilamiz. Soliq islohoti byudjyetga tushumlarni kamaytirishi mumkin, binobarin, bu ijtimoiy larzalarni keltirib chiqaradi», — deyishadi ular.
Chindan ham, ijtimoiy xarajatlar byudjyetimizda katta o‘rin tutadi, byudjyet va byudjyetdan tashqari davlat fondlari orqali mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) ning kamidan uchdan bir qismi qayta taqsimlanadi. Bunday yuqori soliq yuklamasini faqatgina juda badavlat davlatlar o‘ziga ep ko‘rishi mumkin.
Rivojlanayotgan davlatlarda mazkur ko‘rsatkich odatda 1,5–2 barobar kichik bo‘ladi. Bu tushunarli: chunki iqtisodiyotga soliq yuklamasi qanchalik katta bo‘lsa, mahalliy tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish xarajatlari shuncha katta, mahalliy tovarlar va xizmatlar raqobatbardoshligi past, aholida iqtisodiy o‘sish imkoniyatlari va daromadlarining oshishi ham kam bo‘ladi. Shu sababli, rivojlanish darajasi bo‘yicha boy davlatlarni quvib yetmoqchi bo‘lsangiz, siz o‘zingizga katta soliq yukini olmasligingiz kerak. Bunday yukni shundoq ham boy bo‘lgan, birovni quvib yetishi shart bo‘lmaganlar o‘ziga ep ko‘rishi mumkin.
Kecha byudjyet xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqlari haqidagi rasmiy ma'lumotlar e'lon qilindi va u mamlakat ijtimoiy sohasini juda yaxshi xarakterlab beradi. Nazarimda, bu holat — eng haqqoniy ijtimoiy larzaning o‘zginasi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring:
Bolalar bog‘chasining oliy ma'lumotga ega, 1,25 stavkada ishlovchi tarbiyachisining maoshi 1,25 million so‘m — 150 dollardan birozgina ko‘p ekan. Barcha ustamalar bilan umumta'lim maktabining oddiy boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining oyligi 1,6 million so‘m ,ya'ni 200 dollar. Oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining maoshi — o‘rtacha 1,9 million so‘m. Biz o‘zimizda bo‘lgan eng qimmatbaho ne'mat — farzandlarimizni ishonib topshirgan odamlar shuncha olishadi.
Boz ustiga, bu summalarga daromad solig‘i va sug‘urta badali (8 foiz) kiritilgan. Hali ularni to‘lash kerak.Ya'ni, o‘qituvchilar qo‘liga 20 foizcha kamroq pul olishadi. Bizning «ijtimoiy yo‘naltirilgan» soliq-byudjyet tizimimizning yana bir xususiyati: daromad solig‘ining maksimal stavkasi 200 dollardan sal ortiq summadan boshlab hisoblanadi (1,724 million so‘mdan). Soliq shkalasi ortib boruvchi bo‘lgan jahonning istalgan ilg‘or davlatida maksimal stavkalar juda katta daromadlar, juda boy insonlar uchun qo‘llaniladi. Bizda esa oylik daromadi 200 dollardan ortiq kishi badavlat hisoblanmoqda ekan.
Biz o‘z hayotimizni ishonib topshirgan kasb egalarining maoshi ham faqirona. Masalan, tuman markaziy shifoxonasida ishlayotgan, malaka toifasisiz jarroh-vrachning oylik ish haqi — 1 million so‘mdan kam. Turli ustamalar (staj uchun, alohida sharoitlar uchun, moddiy rag‘batlantirish fondidan ajratma), shuningdek oliy toifaga ega bo‘lsa — 1,8 million so‘m oladi.
Men duch kelgan eng katta maosh oliy ta'lim muassasasining fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan, shuningdek moddiy rag‘batlantirish fondidan hamda kuratorlik uchun ustamaga ega bo‘lgan professorniki ekan— 3,4 mln so‘m. Ya'ni, 400 dollardan sal ortiqroq. Bu ham hali soliq va ajratmalar olinmagani holatda (professor maksimal shakala bo‘yicha soliq to‘laydi — boylarning boyi-ku u!) Biz bu holatda ilm-fanimizni olg‘a boshlovchi, kelajagimiz uchun mas'ul hisoblanuvchi malakali kadrlar tayyorlashda eng oldingi safda bo‘lishi lozim bo‘lgan insonning daromadlari haqida gapirayapmiz. Oyiga «toza» 300 dollar maoshga kun ko‘rishi kerak! XXI asr tushunchalariga ko‘ra, hurmatga eng ko‘p sazovor bo‘lishi va eng ko‘p maosh olishi lozim bo‘lgan mutaxassislar.
Bu qanday bo‘layaptiki, qachonki biz byudjyet orqali daromadlarimizning uchdan bir qismini qayta taqsimlab, ijtimoiy sohaning ustuvorligini bot-bot takrorlab, bu sohalarda xizmat qilayotgan xodimlarni haminqadar daromadga ega qilmoqdamiz? E'tibor qiling, biz bu odamlarga farzandlarimizni, sog‘lig‘imizni va kelajagimizni ishonib topshirmoqdamiz! Bunday oylik maoshlar bilan o‘zi va oilasini qanday yedirib-ichirish, kiyintirish, kommunal to‘lovlarni to‘lash mumkin? Mana shunday holatdan so‘ng aslida bepul bo‘lgan ta'lim va tibbiyot sohalarining pullik ekanligidan, xizmatlar sifati past ekanligidan, ijimoiy sohalarda korrupsiya ildiz otganidan hayratlanish kerakmi?
Ishlarning bu alfozda ekanligiga bosh sabablardan biri — mavjud soliq tizimidir. Aynan u iqtisodiyotning rivojlanishiga, kompaniyalar va insonlar daromadlarining o‘sishiga (binobarin, soliq solinuvchi bazaning oshishiga) to‘siq bo‘lmoqda. Aynan u soliqlardan qochish, biznes va maoshlarni xufyona tarzda olib borishga sabab bo‘lmoqda. Va aynan uning uchun biz o‘qituvchilar va vrachlarga munosib maosh to‘lay olmayapmiz.
Ha, albatta, iqtisodiyotimizning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan, daromadlarni yashirishga majburlayotgan boshqa sabablar ham bor. Biroq ularning ko‘pchiligi (konvertatsiyaning yo‘qligi, naqd pulga yetishishni sun'iy tarzda cheklash, bank xizmatlari qiymatining haddan tashqari yuqori ekanligi, biznes yuritish uchun haddan ziyod ma'muriy to‘siqlar va hokazolar) ni bartaraf etish ustida prezident, hukumat, markaziy bank ter to‘kib ishlamoqda. Ayni paytda muvaffaqiyatli iqtisodiy rivojlanish uchun bosh to‘siq (albatta, yakka-yu yagonasi ham emas) — mavjud soliq tizimi bo‘lib turibdi. Aynan uning isloh etilishi (faqat tubdan isloh etish, imitatsion isloh emas) — birinchi raqamli vazifadir.
Mavzuga oid
15:21 / 24.07.2023
Maktab o‘qituvchilariga 7,8 mlrd so‘mlik ta’til pullari undirib berildi
07:31 / 14.07.2023
Yangi ishga kirayotgan xorijiy til o‘qituvchilariga B2 darajadagi sertifikat majburiy bo‘ladi
18:39 / 27.06.2023
O‘qituvchilarning ta’tili 56 kun etib belgilandi
20:40 / 22.06.2023