Jamiyat | 17:25 / 01.06.2018
30185
9 daqiqa o‘qiladi

Hamma narsaning chegarasi bor: O‘zbekistondagi chekish bilan bog‘liq muammolar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 1988 yilda 31 mayni Jahon chekishga qarshi kurashish kuni deya e'lon qilgan, hozirda bu sana BMTning jahon va xalqaro kunlari tizimiga kiradi. JSST va hamkor mamlakatlar har yili jamoatchilik e'tiborini chekish bilan bog‘liq xavfga qaratib, bu kunni nishonlashadi va davlatlarni tamaki iste'moli ko‘lamini kamaytirishga doir samarali siyosat olib borishga chaqiradi.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida chekish o‘z mashhurligini yo‘qotayotgan bo‘lishiga qaramay, tadqiqotlar chekuvchilarning umumiy soni o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotchilarning 187 mamlakat bo‘yicha olgan ma'lumotlariga ko‘ra, 1980 yilda har kuni dunyoda 721 million kishi sigaret chekkan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 967 millionni tashkil qilgan. Ta'kidlash joizki, so‘nggi 50 yilda dunyo aholisi soni deyarli ikki baravarga - 7 milliard kishiga o‘sgan va tabiiyki, bu zararli odatga ega kishilar soni ham ortib bormoqda.

Foto: Getty Images

MDH hududida chekuvchilar soni doimiy ravishda oshib bormoqda. Bugungi kunda dunyoda har uchinchi erkak (31 foiz) va yigirmanchi ayol (6 foiz) chekishi qayd etilgan. Bu zararli odatga qarshi eng muvaffaqiyatli kurash olib boruvchi mamlakatlar Islandiya, Norvegiya, Kanada va Meksika hisoblanadi. Ushbu mamlakatlarda hukumat aholini chekishni boshlamaslikka yoki shunchaki bunday balodan qutulishga ko‘ndirishgan. Chekuvchilar soni bo‘yicha dunyo yetakchisi shubhasiz Rossiyadir. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bu mamlakatda 65 foizdan ortiq erkak va taxminan 30 foiz ayol sigareta chekadi.

JSST hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda chekuvchi ayollar soni umumiy chekuvchilar sonining 1,4 foizini tashkil qilgan. Shu bilan birga, respublikada 25,2 foiz erkak tamaki mahsulotlarini iste'mol qiladi. Umuman olganda, mamlakatdagi chekuvchilar soni 13,1 foizni tashkil qiladi.

JSST baholariga ko‘ra, Yevropada umumiy hisobda aholining 30 foizi chekadi. Hisobot mualliflarining ta'kidlashicha, bu Yevropa qit'asida tamaki iste'moli kamayayotganidan dalolat beradi va buni qisman chekishga nisbatan taqiqlov, tamaki mahsulotlari narxining oshishi va bunday mahsulotlarning chekishning salbiy oqibatlari aks etgan suratlar aks etgan qadoqlarda sotilishi bilan bog‘lashmoqda.

O‘zbekistonda bu yo‘nalishda ijobiy qadamlar qo‘yildi.

Birinchidan, tamaki mahsulotlari reklamasi taqiqlandi. "Reklama to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, mamlakatda tamaki va alkogol mahsulotlar reklamasi to‘liq taqiqlangan. Shuningdek tamaki mahsulotlari yoki spirtli ichimliklar nomi, tasviri hamda tovar belgisidan foydalanilgan tadbirlarga homiylik qilish ham taqiqlandi.

Ikkinchidan, 2011 yilda "Alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatish va iste'mol qilishni cheklash to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Qonunda alkogol va tamaki mahsulotlari 20 yoshga yetmagan shaxslarga, shuningdek ta'lim, sport va diniy muassasalardan 500 metrdan yaqin joylashgan savdo obektlarida sotilmasligi qayd etilgan. Shuningdek sigaretlarni donalab sotish taqiqlandi.

Foto: Pixabay

Uchinchidan, O‘zbekistonda jamoatchilik joylarida chekishga nisbatan jarimalar joriy qilindi. 2015 yilning 29 dekabrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tuzatish kiritilgan hujjatni imzoladi. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56-1-moddasiga muvofiq, ish joylari, sog‘liqni saqlash va ta'lim muassasalari, yong‘in xavfi bo‘lgan joylar, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa jamoatchilik joylarida tamaki mahsulotlarini iste'mol qilish eng kam ish haqining 1/3 summasi barobarida jarimaga tortiladi.

To‘rtinchidan, 2016 yilning 7 noyabrida sog‘liqni saqlash vaziri alkogol va tamaki mahsulotlari iste'molidan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotlari uchun maxsus ajratilgan joylar va inshootlar haqida xabardor qiluvchi yozuvlar tushirilgan tablichkalarni tayyorlash va joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi qoidani tasdiqladi. Hujjatda ta'kidlanishicha, yozuv taxtalarini tayyorlash va joylashtirish korxona, muassasa va tashkilot rahbariyati, bino yoki obektdan foydalanayotgan ish beruvchi yoki yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan tashkil qilinadi.

Qabul qilingan chora-tadbirlarga qaramay, mamlakatda hamon ba'zi muammolar kuzatilmoqda.

1-muammo. Donali sigaretlar

Donali sigaretlar taqiqlandi, muayyan muassasalar yonida ularni sotish mumkin emas, biroq baribir sigaretlar sotilmoqda. Fuqarolik jamiyatini shakllantirish bo‘yicha Mustaqil monitoring instituti (FJShMMI)ning tadqiqotlari ham shundan dalolat bermoqda. 2016 yilgi tahlil davomida tamaki mahsulotlari hamon ba'zi ta'lim muassasalari yaqinida sotilayotgani aniqlandi.

"Nima qilay? Pensiya yetmagandan keyin sotishga majburman. Baribir uyda qiladigan ishim yo‘q. Hech bo‘lmaganda kuniga 10-15 ming ishlab olaman", - deydi donali sigareta sotuvchilaridan biri.

Vaziyat umuman olganda tushunarli. Hoynahoy, bundaylarga hatto uchastka nozirlari ham indashmaydi. Keksa yoshli ayolni haydab, barcha sigaretalarini musodara qilish kerakmi yoki shunchaki bularning bariga ko‘z yumgan ma'qulmi? Bu vaziyatda tarozining ikki pallasini baravar ushlash juda qiyin: insoniylik qonun ijrosiga qarshi.

2-muammo. Restoranlar - jamoatchilik joyimi?

Kechki soat 9 larda tanishim bilan restoranga kirdik. U yerda jonli musiqa bo‘lgani tufayli musiqachilar uchun maxsus "tuman" tarqatildi, deb o‘yladik. Biroq adashibmiz, bu sigareta tutuni ekan.

Foto: Depositphotos

Ta'kidlash joizki, bu vaqtda restoranda bolalar va ularning ota-onalari ham o‘tirishgandi. Boshqa bir burchakda homilador ayol turmush o‘rtog‘i bilan o‘tirgandi. Bolalar, homilador ayol, boshqalar esa paravoz kabi chekib o‘tirishibdi...

"Restoraningizda chekish mumkinmi?", - so‘radik biz.

"Ha, albatta. Biz mijozlarimiz uchun barcha qulayliklarni yaratganmiz. Asosiysi, siz mamnun bo‘lsangiz bo‘ldi", - dedi ofitsiant qiz.

Ikki haftadan so‘ng odamlar ovqatlanuvchi boshqa bir jamoatchilik joyiga kirdik.

Qo‘limizga sigareta olishimiz bilan ofitsiant yugurib keldi.

"Kechirasiz, bizda chekish taqiqlanadi. Chekmoqchi bo‘lsangiz, marhamat qilib, tashqariga chiqsangiz, u yerda chekuvchilar uchun maxsus joy ajratilgan", - dedi u muloyimlik bilan.

Mana sizga real hayotdan ikki misol. Ko‘rib turganingizdek, barchasi vijdonga va odamlarning ish yoki jamiyatga munosabatiga bog‘liq.

3-muammo. O‘smirlar

Bu tajribani biz bir yil ilgari o‘tkazgandik. Ikki o‘smirni sigaretalar sotiluvchi besh do‘konga yo‘llaganmiz. Do‘konlardan faqat bittasigina ularning voyaga yetmaganini inobatga olib, sigareta sotishni rad etgan. Birorta do‘konda o‘smirlardan pasport so‘ralmagan.

Boshqa bir kuni 13 yoshli bolani do‘konga yuborib, "otasi uchun" bir pachka sigareta sotib olishni so‘radik. Afsuski, ortiqcha gap-so‘zsiz bolaga sigareta sotilgan...

4-muammo. Muqobil variantlar

Chekishni tashlashning eng yaxshi usuli - muqobil variantga o‘tish. Sport, pista va albatta, tibbiyot. Ba'zi preparatlar dorixonalarda sotiladi, ammo chekuvchilarning fikricha, ular u qadar samarali natija bermaydi.

Chet el dori vositalari samarali hisoblanadi, biroq ular qimmat. Ularni faqat internetdan topish mumkin. Bir pachkasi kamida 120-150 ming so‘m, lekin bu faqat bir haftaga yetadi.

Ko‘p tibbiyot xodimlari shuningdek xandon pistalar, turli yong‘oqlar va boshqa mahsulotlarni tavsiya qilishadi.

"Bu mahsulotlarning narxini eshitib, chekishni tashlamaslikni ma'qul ko‘raman", - deydi chekuvchilardan biri hazillashib.

Foto: Fotolia

Shunchaki vijdonan yondashing

Restoran menejyeri muassasada bolalar o‘tirganini ko‘rib turibdi. Nahotki, restoranni "chekilmaydigan zona"ga aylantirish qiyin bo‘lsa?!

Sotuvchi qarshisida voyaga yetmagan bola turganini ko‘rib turibdi. Yo‘q deyish shunchalik qiyinmi?!

Fikrimizcha, bugungi kunda davlat vaziyatni hisobga olib va tahlil qilib, "yumshoq" siyosat yuritmoqda. Shunday ekan, yoningizga "qamchi" bilan kelishsa, xafa bo‘lmang. Hamma narsaning chegarasi bor, ishoning. Shunchaki, vijdonan yo‘l tuting.

Mavzuga oid