Jamiyat | 22:26 / 04.06.2018
24416
6 daqiqa o‘qiladi

Tengsiz falsafa: “Bolani ichingda yaxshi ko‘r”

Respublika mahallalar kengashi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan amaliy konferensiyadan so‘ng ommaviy axborot vositalarida, internet saytlarida “Ishonasizmi, u yig‘ladi, xotini urarmish”, nomida kichik ma'lumot berildi va bu ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Kimdir ishonib-ishonmadi, kimdir kulsa, kimdir achindi, yana kimdir ajablandi. Yana kimlardir, buning sababi nimada ekan, deb o‘ylagan bo‘lsa, ajabmas.

Xo‘sh, haqiqatan ham, xotin erini nega uradi? Ikkisi ham hali yosh bo‘lsa, oilada yashash uchun sharoiti bor, o‘rtada bir nafar farzand bo‘lsa? Bir qaraganda, bunga ishonish qiyin, lekin bu bor gap va yig‘ilishda ushbu masalaga e'tibor qaratilgani ham bejiz emas.

Hamma gap bugun oila qurgan ayrim yoshlarning mas'uliyatsizligi va hali oila qurishga tayyor bo‘lmagan holda uylanganidadir. Yuqorida keltirilgan holatda ham er uylanguniga qadar ham, undan so‘ng ham hech qayerda ishlamagan, biron-bir kasb-kori yo‘q va tabiiyki, ota-onasi qaramog‘ida bo‘lib, oila ta'minoti bilan umuman shug‘ullanmagan. Buning ustiga u mustaqil fikrga ega emas, biron-bir masalani o‘zi hal etmagan, hatto xotini yoki farzandi uchun oddiy paypoq olib berishni ham ota-onasidan so‘rab, hal qilgan. Ustiga-ustak na xotiniga va na farzandiga mehr ko‘rsatgan, ularning nima yeb, nima ichayotgani bilan mutlaqo qiziqmagan, aksincha, erdan ajrashgan bir ayol bilan topishib olib, uning uyiga borib-kelib yuravergan.

Xo‘sh, endi o‘zingiz xulosa qiling: bunday erning xotini oldida qanday obro‘si-yu, oilada qanday o‘rni bo‘lishi mumkin?!

Albatta, erning bunday ayanchli ahvolga tushib qolishining qator sabablari bor. Aniqroq aytganda, buning asosiy sababini u o‘sib-ulg‘aygan oiladan izlasak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Ya'ni, o‘g‘il oilada yolg‘iz farzand, ota-onaning erkasi bo‘lib voyaga yetgan, hali oila qurishga tayyor bo‘lmasdan turib, ota-onaning xohish-istagi bo‘yicha ularning “orzu-umidlari”ni ro‘yobga chiqarish uchun uylangan.

Albatta, bu o‘rinda biz ota-onani ayblash fikridan yiroqmiz, chunki hayotda biron-bir ota-ona farzandim baxtsiz bo‘lsin, deya niyat qilmaydi.

Maqsad — farzand tarbiyasiga e'tiborsizlik bilan qarash, faqatgina bolaning moddiy ta'minlash bilan shug‘ullanish qanday oqibatlarga olib kelishini  qayd etish va eng asosiysi, hayotda ana shunday holat qayta ro‘y bermasligining oldini olishdir.

Farzand tarbiyasi, uning odob-axloqi haqida gap ketganda, bu xalqimizda ming yillar davomida shakllanib, yuksak qadriyatga aylanganini ta'kidlashni istardik.

Axir, ota-bobolarimiz bejizga “bolani ichingda yaxshi ko‘r”, ya'ni yaxshi ko‘rganingni bolangga bildirma, deb aytmagan. Bu hikmat zamirida ta'bir joiz bo‘lsa, farzand tarbiyasi bilan bog‘liq tengsiz falsafa bor. Chunki hali bolaligidan taltayib, erka va tantiq bo‘lib o‘sgan farzand voyaga yetganda, hech shubhasiz, xudbin, ya'ni faqat o‘z manfaatini o‘ylaydigan, boshqalarning fikri, haq-huquqi bilan hisoblashmaydigan kimsaga aylanishi tayin. Shuningdek, yoshligidan mehnatga o‘rganmagan bolaning katta bo‘lganida mehnatga bo‘yni yor bermaydi.

Shundan xulosaga kelish mumkinki, birinchidan, hamma gap oilaviy tarbiya va yoshlarni oila qurishga tayyorlashga borib taqaladi. Ya'ni, yoshlarning boshini qovushtirishdan oldin ular oila qurishga tayyor yoki tayyor emasligini aniqlash lozim. Avvalo, har bir ota-ona farzandini uylantirishdan oldin uning qalbiga erning oiladagi o‘rni, xotin va farzand oldidagi burchi hamda mas'uliyatini teran singdirishi lozim va shart.

Ikkinchidan, har bir er — oila boshlig‘idir va u - “Erkak, — Abu Homid G‘azzoliy  hazratlari qayd etganlaridek, xotinga muloyim va chiroyli xulqlar bilan muomala qilishda salobatli va obro‘yini yo‘qotmasligi ham xotinning erdan talab qilishi mumkin bo‘lgan haqlari jumlasiga kiradi. Chunki er, xotini oldida obro‘yini yo‘qotsa, xotin havoyi nafsiga berila boshlaydi. Shu tariqa xotinning axloqi izdan chiqadi. Erni mensimay qo‘yadi. Ana shuning uchun ham erkak, xotiniga nisbatan xushmuomalada muvozanatni yo‘qotmasligi, uning oldida g‘ururi va savlatini saqlab turishi kerak...” (“Mukoshafat-ul qulub” risolasi, 2-jild, 263-bet)

Shuningdek, Qur'oni Karimda keltirilganidek, “Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar”.

Ana shu rahbarlikni to‘g‘ri tushunish lozim. Ya'ni, rahbarlik oilaning yukini yelkasiga olish, mas'uliyat va javobgarni yurakdan his etish deganidir.

Zero, qaysi oila boshlig‘i — er o‘z oilasiga haqiqiy rahbar bo‘lsa, o‘sha oilada tinchlik-totuvlik, ahil-inoqlik hamisha barqaror bo‘ladi.

Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari,
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi

Mavzuga oid