O‘zbekiston | 15:45 / 05.06.2018
136728
3 daqiqa o‘qiladi

«Qodirov ishi» ishi doirasida 21 kishi qamoqqa olingan

5 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura binosida prokuratura xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifing O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi mavzusida brifing o‘tkazildi. Yig‘ilish ochiq savol-javob tarzida o‘tkazildi.

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashidjon Qodirov ishi bo‘yicha 21 kishi qamoqqa olingan.

«Bosh prokuraturaning uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan sobiq bosh prokuror lavozimida ishlagan Rashidjon Qodirovga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayonida sobiq bosh prokuror tomonidan pora evaziga lavozimga tayinlash, pora olish va boshqa jinoyat alomatlari aniqlangan. Hozirda 24 nafar shaxsga nisbatan ayblov e'lon qilingan. Shulardan 21 nafariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov holatlari hanuz davom etmoqda. Tergov yakunlari bo‘yicha  OAVga albatta ma'lumot beriladi», - deya Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Mansur O‘rolovning so‘zlarini keltirmoqda «Kun.uz» muxbiri.

24 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 221-moddasi tartibida ushlangani ma'lum qilingandi. Qodirovga nisbatan «Tovlamachilik», «Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish», «Pora olish» moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Shuningdek, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari bo‘lmish Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ushlangan.

Prokuratura vakili «Qodirov ishi» doirasida qo‘lga olingan boshqa sobiq amaldorlar nomlarini oshkor etmagan. 

Bundan avvalroq OAVda Rashid Qodirov ko‘rsatmalaridan keyin adliya maslahatchisi Mirag‘lam Mirzayev, uning turmush o‘rtog‘i, «Yunusobod advokatlar kollegiyasi» rahbari Muhabbat Hasanova, ularning o‘g‘li, MXXning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzayev, Mirag‘lam Mirzayevning jiyani (Mir'azam Mirzayevning o‘g‘li), MXX Toshkent viloyat boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uuyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi boshlig‘i Mansur Mirzayev qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgani aytilgan, ammo bosh prokuratura bu xabarlarni tasdiqlamagandi.

Shuningdek, Rashidjon Qodirovning o‘g‘li Alisherbek Qodirov O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berilgan.

Mavzuga oid