O‘zbekiston | 00:01 / 05.06.2018
53727
3 daqiqa o‘qiladi

Tayloqda sudda yutgan xorijlik investor mulki talon-taroj qilinmoqda: MIBning bunga munosabati

Janubiy Koreyalik investor An Sung Xo sud tomonidan qaytarilishi belgilangan mulkini bir yildan beri ololmasdan sarson. Samarqand viloyati iqtisodiy sudining 2017 yil 6 iyundagi hal qiluv qarori bo‘yicha investorning tosh maydalash liniyasini o‘ziga qaytarilishi belgilangan bo‘lsa-da, bu qaror hozirga qadar ijro etilmasdan kelinmoqda, deb yozadi samarqandlik bloger Mirzo Subhonov.

M.Subhonovning  yozishicha, ushbu sud qarorini ijro etish O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qoshidagi Majburiy ijro byurosining Tayloq tuman filialiga yuklatilgan.

Sud jarayoni boshlanganidan buyon uskunalar maxsus saqlash joyiga joylashtirilgan, sud qarori ijro etilgunga qadar undan foydalanish mumkin emas, lekin sud qarori ijro etilishiga — uskunalarni qonuniy egasiga qaytarishga shoshilishmayapti. Eng achinarlisi — uskuna bir yildan beri noqonuniy ravishda ishlatib kelinmoqda (!!!)

Foto: M.Subhonov

«Men o‘nlab marta MIB xodimlariga sud qarorini ijro etib uskunamni qaytarishni va uning noqonuniy foydalanishini to‘xtatishni so‘rab murojaat etganman. Mening bu murojaatlarim MIB xodimlari tomonidan inkor etilmoqda. Yuqori turuvchi tashkilotlar ham bundan xabardor. Ular uchun men va sudning qarori umuman mavjud emasdek, go‘yo», — deb norozilik bildirmoqda xorijiy investor An Sung Xo.

Uskuna joylashgan manzilga borganimizda MIB tomonidan muhrlangan qog‘ozlar yirtilganligi va uskunaning to‘la ravishda faoliyat olib borayotganligiga guvoh bo‘ldik.

Isbot sifatida voqea joyidan olingan videolarni taqdim etamiz.
 

Bu voqealar bugungi kunda yurtimizga xorijiy investitsiyalarni yanada ko‘proq jalb etish borasida shaxsan prezidentimiz boshchiligida islohotlar olib borilayotgan bir paytda yuz berayotgani achinarli hol.

Majburiy Ijro Byurosi Tayloq tuman bo‘limi xodimlarining sud chiqargan qarorni ijro etmasdan xorijiy investor mulkini talon-toroj qilinayotganligi yuzasidan murojaatchi tomonidan MIB Markaziy apparatiga murojaat yuborilgan.

Murojaat yuzasidan MIB markaziy apparati tomonidan xizmat tekshiruvi boshlab yuborilgan. Tekshiruv natijalarini tez orada e'lon qilish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid