O‘zbekiston | 22:20 / 05.06.2018
192674
4 daqiqa o‘qiladi

Soliqchi bo‘lish narxi ham 40 ming dollar bo‘lgan. Prezident soliq tizimidagi poraxo‘rliklar haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 iyun kuni hududlarda byudjyetga qo‘shimcha tushumlar va mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish orqali narxlar barqarorligini ta'minlash, inflyatsiyaning oldini olishda mahalliy ijro hokimiyati organlari, soliq va moliya idoralari rahbarlarining shaxsiy mas'uliyati va javobgarligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan favqulodda videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident yig‘ilish chog‘ida soliq tizimining avvalgi rahbariyatining poraxo‘rligi haqida gapirgan.

«Toshkent shahridagi bozorning kattalari ham bulbuldek sayrayapti. Kimga qancha bergani, nimalar qilganini. Pulni joyiga qo‘yadi. Bular zamona zayli bilan xalqning boshiga chiqib olgandi, qarindosh-urug‘i bilan chiqib olgandi. Endi bunday bo‘lmaydi. Vallomat bo‘sayam ketadi.

Shuning uchun 16 foiz ko‘p soliq tushumi bo‘ldi, degan gap meni qoniqtirmaydi. Soliqlarning asosiy qismi o‘zi tushadi. Soliqlarning 60 foizini 171ta korxona ta'minlab bergan.

Toshkent bozorlaridan tushumlar byudjyetga emas, amaldorlarning cho‘ntagiga tushgan. «Chilonzor» buyum savdo kompleksida 791 nafar shaxs soliq to‘lamasdan savdo qilib kelayotgani aniqlandi. Toshkent shahridagi avtomobillarni saqlash joylaridagi tushumlar nazorati yo‘qligi tufayli mahalliy byudjyetga 18 milliard so‘mdan ortiq soliq tushirilmagan. Shuncha pul cho‘ntakka ketyapti.

Shuning uchun Toshkent hokimiga yangi o‘rinbosar qo‘ydim, bugun soliq qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar qo‘ydim (Nazarali Norboyev o‘rniga Alimjan Fayzibayev tayinlangan).

Tovar aylanmasi 1 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan 77ta korxona bitta ishchi ishlaydi deb hisobot berib kelgan. Buni soliqchi bilmaydimi? Bilgan, olib kelaver, qolgani bilan ishing bo‘lmasin, degan.

2017 yilda qariyb 7 milliard so‘mlik ish bajargan va bir ishchi ishlaydi deb hisobot bergan korxonada 16 kishi soliq to‘lamasdan ishlashi ma'lum bo‘ldi. 

Shuning uchun men Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i Pardayev degan kimsani ishdan oldik (Muzaffar Pardayev, uning o‘rniga Normat Tursunov tayinlandi), uni ham so‘roq qilamiz. Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Norboyevni (Nazarali Norboyev) ham egallab turgan lavozimidan ozod etdik», deya prezident so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

«Qaysi hudud imkoniyatlardan foydalanmasa, xiyonatga sherik bo‘ladi. Turmada o‘tirganlar aytib beryapti - bitta soliqchi ishga joylashish uchun 30-40 ming dollar berarkan, janob Yo‘ldoshev (Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpiyevning sobiq birinchi o‘rinbosari Abdusalom Yo‘ldoshev - u hozir hibsda) kattakoniga oborib berarkan», deya davom etgan prezident.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev shu yil fevralida o‘tkazilgan videoselektorda prokuratura tizimidagi poraxo‘rlikni fosh etgan, tuman prokurori bo‘lish uchun 40 ming dollar miqdorida pora berilgani haqida aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid