Jamiyat | 23:35 / 07.06.2018
21839
6 daqiqa o‘qiladi

Nomga yarashmagan muammo: Andijon tuman “Baxt” mahallasidagi “Shodlik” ko‘chasida  ichimlik suvi, gaz yo‘q

Kim nima desa desin-u, lekin qishloq, mahalla va ko‘chalarni nomlashga juda xafsala qiladigan xalqmiz. Buni baribir yaxshilikka yo‘yish kerak. Mahalla va ko‘chalarimizga berilgan -  “Obod”, “Gulzor”, “Mirishkor”, “Kelajak” kabi nomlar ostida ezgu niyat, tilak yotadi.

Andijon viloyati, Andijon tumanidan kelgan murojaat ortidan aholi vakillari bilan uchrashish uchun arz tushgan joyning o‘ziga bordik.

Muammolari bor mahalla va ko‘chaning nomi juda go‘zal ekan. “Baxt” mahallasi, “Shodlik” ko‘chasi. 

Biroq tuman markazidan 2 kilometr uzoqlikda,  chiroyli atamali mahalladagi sharoit nomiga hech mos tushmabdi. Ro‘zg‘orda eng ko‘p ishlatiladigan narsa – suv.  Mahalla ahli necha yillardan beri toza ichimlik suvisiz hayot kechirmoqda. Fuqarolarning bildirishicha, bundan olti yil oldin ko‘chalar kavlanib, suv quvurlari yotqizilgan. Ko‘cha etagida suv tortish va taqsimlash inshooti ham barpo qilingan ekan. Atrofi sim to‘r bilan o‘ralgan joy, hozir qarovsiz, ishlamay o‘t bosib yotibdi. O‘sha paytda ko‘chaga suv quvurlari tortilib bo‘lgach, sinovdan o‘tkazishganida ba'zi joylardan suv chiqib ketgan ekan. Qazish va quvur o‘rnatish ishlarini olib borgan tashkilot vakillari “Hech narsa emas, yamaymiz, suv chiqaramiz”, deb va'da bergach, shu bo‘yi qaytib kelmabdi. Bir so‘z bilan aytganda, ish o‘sha paytda ma'lum bir summadagi mablag‘ sarflanib, amalga oshirilgan. Biroq oxiriga yetkazilmagan.

Xonadonlar esa uylaridan quduq kavlab olishgan. Andijonda bunday qo‘lbola suv olish uskunasini - “kachalka” deyishadi.

“Ko‘chamizda 200 dan ortiq oila istiqomat qiladi. Toza ichimlik suvi bo‘lmagach, ro‘zg‘orga 8-12 metrdan chiqadigan sizot suvlarni “kachalka” orqali chiqarib foydalanyapmiz. Inson sog‘lig‘iga zararli suvdan qachongacha foydalanamiz, bilmayman? Tabiiy gaz ikki yil oldin uzilgan. Mana, aholi qishga tappi tayyorlayapti. Elektrdan ham muammolar yetarli. Transformatorimiz 160 kilovattli, eskirib ketgan. Qishi bilan kuchlanishni ko‘tara olmay bezor qiladi”, - deydi mahalla oqsoqoli Usubjon ota Qo‘chqarov.   

Yuqorida aytganimizdek, “Shodlik” ko‘chasi tuman hokimligidan 2 kilometr uzoqlikdagi masofada joylashgan. Deyarli markaz joyda. Mahalla ahlining murojaatiga mutasaddilar “Keyingi yil Dasturga tushsa suv bo‘ladi”, deya javob qaytarishyapti, xolos.

Yon atrofdagi mahallalarda gaz yonib tursa-yu, mahallani uzib tashlashgan bo‘lsa. Elektr toki eng kerakli fasl qishda pand beradi. Mazkur ko‘chada yashaydigan yoshi ulug‘ onaxonlar bilan suhbatlashganimizda ular “Eng katta muammo suv masalasi. Qo‘shni mahallalardagi jo‘mragini burasang sharillab oqadigan pokiza vodoprovod suvini ko‘rib havasimiz keladi”, deyishdi.

Vodiy viloyatlarini aylansangiz, juda ko‘p joylarda o‘sha “kachalka” deya atalmish, quvurni yerga qoqib,  chiqariladigan sizot suvdan foydalanilayotganini ko‘rasiz.

Ko‘chada yashaydigan yoshi ulug‘lar tuman hokimligiga muammoni ko‘tarib chiqib, zerikishibdi. Tegishli idoralarga ko‘p bor yozilgan murojaatlar aylanib kelib yana tuman hokimligiga kelgach, mutasaddilar yozma ravishda: “Sizning ko‘changiz 2021 yilgacha ichimlik suvi tizimi  bilan ta'minlanadi”, deya javob berishibdi.

Darhaqiqat, tuman hududidagi yo‘llar ta'miri, ichimlik suvi muammolarni tizim asosida amalga oshirib boradi. “Shodlik” ko‘chasida yechimini kutib turgan mavjud kamchiliklarni aholi bir necha yillardan beri mutasaddilarga yetkazib bormoqda.

Biroq aniq javob yo‘q. Faqat so‘nggi to‘rt yil ichida qilinishi haqida mavhum javob aytilgan. “Obod qishloq” loyihasi ham mana shunday aholi muammolarini bartaraf etish yo‘lida amalga oshirilmoqda.

Bir paytlar tumanlarda “Suvoqava” tashkiloti tizimli ravishda ish olib borar, har bir mahalladagi aholiga markazlashgan holda suv yetkazib berish inshootlarining aniq egasi va mas'ul xodimlari bo‘lgan. O‘tgan yillar davomida mana shu tizimda xo‘jasizlik kuzatildi. Andijonning juda ko‘p qishloqlaridagi xonadonlar o‘zlariga hovlisidan quduq (kachalka) kavlab olib foydalanmoqda. Suvning tarkibi, inson salomatligiga xavf solishi nazorat qilinmayapti.   

Andijon tumani hokimligidan “Baxt” mahallasi, “Shodlik” ko‘chasidagi muammolar bo‘yicha aniq javobni kutib qolamiz. Hududdagi sharoit yaqin kunlarda nomiga yarasha bo‘lishidan  esa aholi umidvor.

O‘z muxbirimizdan

Mavzuga oid