Jamiyat | 01:07 / 09.06.2018
20821
7 daqiqa o‘qiladi

Er-xotin ilmda kuchli edi: halablik hukmdorlarning e'tiboriga tushgan oila

Foto: Fotolia

Biz tanishimiz, faxrlanishimizga loyiq ajdodlarimizdan biri, o‘z davrida “Malik al-ulamo” deya ta'riflangan ulug‘ vatandoshimizning to‘liq ismi Alouddin Abu Bakr ibn Ahmad al-Kosoniy bo‘lgan. Afsuski, bu zotning tug‘ilganlik sanasi va yoshlik yillari haqida hozircha ma'lumot yo‘q. Uning vafoti 1191 yilga to‘g‘ri kelishi tadqiqotchi olimlarimiz tomonidan aniqlangan. Koson – Movarounnahrdagi Shosh viloyatining orqasida, Farg‘ona vodiysi mintaqasi – Sayxunning(Sirdaryo) shimoliy qismida joylashgan shaharlardan biri (hozirgi Kosonsoy). Mana shu shaharda tug‘ilgani sababli unga Kosoniy nisbasi berilgan.

Alouddin Kosoniy ilm talabida Buxoro shahriga kelib, Imom Alouddin Muhammad ibn Abu Ahmad as-Samarqandiyga shogird tushgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, olim ustozining “Tuhvatul fuqaho” nomli asariga sharh sifatida kitob yozib, tuhfa qilgan. Yuksak saviya va mahorat bilan yozilgan asardan Alouddin Samarqandiy mamnun bo‘lib, yetuk olima va fiqhshunos qizi Fotimani shogirdiga nikohlab bergan ekan. Shu sababli ham “ustozining kitobini sharhlab, qiziga uylandi”, degan gaplar o‘z davrida tildan tilga o‘tib yurgan. Oila qurilganidan so‘ng fiqh, hadis va husnixat ilmida benazir bo‘lgan Fotima va Alouddin Kosoniy hamda bu ikki yosh olimlarning ustozi Alouddin Samarqandiy hammaslak bo‘lib faoliyat yuritishgan.

Alouddin Kosoniy taxminan 1146-1148 yillarda Halab hukmdori Nuriddin az-Zangiyning huzuriga elchi qilib yuboriladi va u umrining oxiriga qadar o‘sha yerda yashaydi. Kosoniy Halabda yashagan davrda hokimiyatni Zangiylar va Ayyubiylar boshqargan bo‘lib, mamlakatda ilmiy muhit barqaror edi. Kosoniy bu yerda qisqa vaqt ichida katta shuhrat qozonadi va mahalliy faqihlarning talablari bilan Nuriddin Zangiy tomonidan qurdirilgan Halaviya madrasasiga bosh mudarris qilib tayinlanadi. Bu ulug‘ zotdan avval madrasada ar-Roziy as-Saraxsiy bosh mudarris bo‘lib, toliblarning uning tili biroz chuchuk bo‘lgani sababli iboralarda talaffuz xatolaridan ko‘ngillari to‘lmas edi. Kosoniyning madrasada hurmati nihoyatda ulug‘ ekanini, manbalarda ta'riflanganidek, mudarrisning yo‘qligida ham unga atab joynamoz solib qo‘yishgani va u kishi kelganidan to turib ketgunicha atrofida o‘tirishganidan anglash mumkin. Kosoniy yuksak saviyali olim, shu bilan birga o‘tkir zehnli notiq bo‘lgan. U ilmiy bahslarda turli aqidaviy oqimlarga qarshi ayovsiz mafkuraviy kurash olib borgan. Mana shunday munozaralarda alloma nojoiz oqimdagi hamsuhbatlarining nomaqbul qarashlarining asl mazmun-mohiyatini rad etib bo‘lmas dalillar asosida ro‘y-rost ochib tashlashi va har bir fikrga haqiqiy islom ta'limoti asosida xolis, haqqoniy javob bera olgani bilan atrofidagilarning e'tirofiga musharraf bo‘lgan.

Shu o‘rinda Alouddin Kosoniyning turmush o‘rtog‘i hazrati Fotima haqida ham batafsilroq ma'lumot berish joiz bo‘lar. Chunki bu ayol Sharqda nomi chiqqan sanoqli olima ayollardan. U fiqh, hadis va husnixatda benazir bo‘lgan. Ushbu ziyolilar oilasi Halab shahrida umrguzaronlik qilayotganida hukmdor Nuriddin Zangiy tomonidan katta e'tibor va iltifot ko‘rsatilgan. Hazrati Fotimaning aql-zakovati va ilmiga behad hurmat bilan qaragan hukmdor ayrim muhim ishlarda u bilan maslahatlashar va turli fiqhiy masalalarda uning fikri bilan qiziqar edi. Hanafiy fiqh namoyandalaridan biriga aylangan olima ba'zan turmush o‘rtog‘ining sohadagi xatolarini to‘g‘rilab, kamchiliklarini ko‘rsatib bergani, Kosoniy ham uning fikrlarini qabul qilgani manbalarda qayd etilgan.

Tarixiy ma'lumotlarga ko‘ra, bu oila a'zolari Movarounnahrga qaytishga jazm qilganida, Kosoniyning har qanday vaziyatda ham umr yo‘ldoshining rayini qaytarmasligi yaxshi tushungan Halab hukmdori Fotima binti Muhammad nomiga ulardan shu shaharda qolishlarini iltimos qilib noma yuboradi. Buni qarangki, maktubni olib kelgan elchi erkak kishi bo‘lgani sababli Fotima uni qabul qilmaydi. Olimaning taqvosidan hayratlangan hukmdor ikkinchi marta ayol elchi yuboradi. Hazrati Fotima hukmdorning iltimosini qabul qiladi va bu ikki buyuk alloma umrlarining oxiriga qadar shu shaharda qolishadi.

Bu fiqhshunos olima o‘zining tilla buyumlarini sotib, ilm ahliga bir oy davomida iftor berib, xayrli an'anani boshlab bergan ilk ayoldir. Hozirga qadar bu an'ana halabliklarda saqlanib qolgan. Shu shaharda vafot etgan hazrati Fotima bugungi kunda “Er-xotin qabri”, deya mashhur bo‘lgan qabristonda dafn etilgan.

Manbalarda zikr qilinishicha, Kosoniy turmush o‘rtog‘ini juda yaxshi ko‘rgan va behad hurmat qilgan. Fotimaning vafotidan so‘ng u to so‘nggi kuniga qadar haftaning har juma kuni uning qabrini ziyorat qilgan.  Ulug‘ fiqhshunos olim 587 hijriy rajab oyining o‘ninchi kuni (1191 yil 3 avgust) vafot etgan. Uning qabri turmush o‘rtog‘ining yonidadir. Bugungi kunda bu yer ziyoratgohga aylantirilgan va bu muborak maskanda qilingan yaxshi duolar, albatta, ijobat bo‘lishiga mahalliy xalq ishonadi.

Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammaddan Mahmud ismli farzand qolgan. Ayyubiylar hukmdori Sulton az-Zoir G‘oziy uni o‘z qaramog‘iga olib, voyaga yetkazgan. 

“Kosoniyning eng e'tiborli asari, albatta, islom fiqhiga oid. Qolaversa, olimning islom ilohiyotiga oid “As-Sultonul mubin fi usul ad-din” va “Al kitob al-jalil” nomli asarlari borligi ham aytiladi, — deb yozadi tarix fanlari nomzodi, dotsent Muzaffar Komilov. — Turli manbalarda allomaning qalamiga mansub bo‘lgan ko‘plab asarlarning nomlari keltirilgan bo‘lsa-da, ular bizgacha yetib kelmagan”.

Yuqorida keltirilgan ma'lumotlardan ko‘rinib turibdiki, biz bu ikki ulug‘ ajdodlarimizning hayoti va ijodi, faoliyatini yanada chuqurroq tadqiq etishga chuqurroq jazm qilganimizcha yo‘q. Ajab emaski, kelgusida yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari sabab Alouddin Kosoniy va Fotima binti Muhammad haqida to‘liq ma'lumotlarga ega bo‘lsak.

Mavzuga oid