O‘zbekiston | 10:00 / 10.06.2018
14191
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ShHT makonida savdo munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining keng doiradagi muzokaralarida ishtirok etdi.

Unda tashkilotga a'zo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari qatnashdi.

Shavkat Mirziyoyev ShHT faoliyatini takomillashtirish, savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, xavfsizlikni mustahkamlashga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

«Joriy yil boshidan O‘zbekistonning ShHTga a'zo davlatlar, uning kuzatuvchilari va sheriklari bilan savdosi hajmi o‘ttiz foizdan ziyod oshdi. Lekin bu mavjud imkoniyatlarimizning cheki emas. 

Bizning fikrimizcha, tovar ayirboshlashni yanada o‘stirish uchun eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish kerak. 

Shuningdek, biz davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida agrosanoat klasterlarini shakllantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda «yashil yo‘laklar» tarmog‘ini kengaytirish tarafdorimiz», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati.

ShHT makonining transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish zarurligi, bu borada «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida mintaqalararo transport loyihalarini amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. 

Mamlakatimiz O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy, Mozori Sharif – Hirot temir yo‘llarini qurish, shuningdek, Markaziy Osiyo – Fors ko‘rfazi, Shimol – Janub va Sharq – G‘arb transmintaqaviy yo‘laklarni rivojlantirish tarafdori ekani qayd etildi.

Prezident yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar va loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari bo‘yicha ham o‘z takliflarini bildirdi.

Mavzuga oid