Nig‘matulla Yo‘ldoshev Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev boshchiligidagi parlament delegatsiyasining Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar bermoqda.
Prezident A.Lukashenko O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nafaqat davlatlar o‘rtasidagi, balki butun mintaqadagi do‘stona, o‘zaro samarali munosabatlarni mustahkamlash borasidagi yutuqlariga yuqori baho berdi. Belorussiya rahbari “oxirgi yilda O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlikda katta ijobiy siljish bo‘ldi va bunda O‘zbekiston rahbarining xizmati katta”, deb ta'kidlab o‘tdi.
O‘z navbatida, N.Yo‘ldoshev ikki davlat o‘rtasida tovar aylanmasi oshganini, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar ko‘payganini qayd etdi.
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi O‘zbekiston va Belarus biznes doiralari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan hamda tadbirkorlik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga, ikki respublikada ishlab chiqariladigan tovarlar eksporti va importini oshirishga, shuningdek iqtisodiyot va moliya sektorini rivojlantirishda har bir tomonning investitsiyalar bilan ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan davra suhbatida ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillarini O‘zbekistonda biznes bilan shug‘ullanish imkoniyatlari, mamlakatimizda tadbirkorlarni himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan xususiy sektorni yanada rivojlantirish islohotlari bilan tanishtirdi.
Shuningdek, parlament delegatsiyasi a'zolari “Belaz” OAJ va “Dzerjinskiy” OAJ agrokombinati kabi yirik korxonalarning ishlab chiqarish quvvati bilan tanishdilar.
Eslatib o‘tamiz, 12 iyun kuni mamlakat parlamenti a'zolari Belarus Respublikasi bosh vaziri A.Kobyakov bilan uchrashdilar. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarni ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi “Yuqori texnologiyalar saroyi ma'muriyati” davlat muassasasida bo‘ldi. Unda korxona direktori V.Yanchevskiy mehmonlarga mazkur saroy haqida batafsil ma'lumot berdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek innovatsiyalar markazi va “Yuqori texnologiyalar saroyi ma'muriyati” o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari kelishib olindi.
Mavzuga oid
20:49 / 11.11.2024
Belarus rasman BRIKS bo‘yicha sherik davlat maqomini oldi
22:17 / 07.11.2024
Lukashenko yana 31 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
14:30 / 05.11.2024
Lukashenko: RF Belarus orqali Polsha, Litva, Latviya va Ukrainaga hujum qilmoqchi emas
13:10 / 24.10.2024