Jamiyat | 12:58 / 15.06.2018
54419
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyati hokimining ikki o‘rinbosari o‘zgardi

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashining navbatdan tashqari 32-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining davlat maslahatchisi Umar Ismoilov ishtirok etdi. Yig‘ilishni kengash raisi, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev olib bordi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi sayti.

Sessiya kun tartibida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12-13 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilab bergan vazifalar va viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar, tashkiliy hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

Sessiya qaroriga ko‘ra, Farg‘ona viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sadriddin Burxonovich Qo‘chqorov o‘rniga Akmalxon Jo‘raxonovich Ortiqov hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alibek Ma'murjonovich Tursunov o‘rniga Shuhrat Jo‘raqulovich Teshayev tayinlanganligi ma'qullandi.

Yig‘ilishda viloyat hokimining yangi tayinlangan o‘rinbosarlari mamlakat rahbari e'tiboriga tushgan, yuqori bilim va kasbiy tajribaga ega, mehnat faoliyati davomida samarali ishlagan eng yaxshi kadrlardan ekanligi ta'kidlab o‘tilgan.

Mavzuga oid