Iqtisodiyot | 16:33 / 19.06.2018
4205
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya tashqi iqtisodiy faoliyati mahkamasi Toshkentda ofis ochishi kutilmoqda 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikramov Toshkent shahrida Ispan tashqi savdo va investitsiyasi agentligining ofisini ochishni taklif qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

19 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkilotchiligida Toshkent shahrida ish boshlagan «Ko‘p tomonlama hamkorlik» o‘zbek-ispan forumida shunday taklif bildirildi. 

«Men janob elchidan [Ispaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ignasio Ibanesa] tez orada Toshkent shahrida agentlikning ofisi ish boshlashida ko‘mak berishini so‘rayman», – deydi Ikramov o‘zbek-ispan biznes forumida davomida. 

Toshkent shahriga yetib kelgan ispan delegatsiyasi tarkibida Ispaniya qirolligi Iqtisodiyot vazirligi xalqaro savdo va investitsiyalar bo‘yicha rahbariyati, Ispaniya sanoati va raqobatbardoshligi mutasaddi vakillari, FIEM ispan jamg‘armasi va 20dan ortiq yirik kompaniya vakillari forumda faol qatnashmoqda. 

Delegatsiya tarkibida bo‘lgan qirollik vakillarining ko‘pchiligi infratuzilma va fuqarolik qurilish loyihalarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. 
O‘zbekiston hukumati ispan ishbilarmonlarini mamlakatda samarali faoliyat olib borishida yetarlicha imkoniyatlarni taqdim etishga tayyor ekanligini bildirdi. 

 «Biz Ispaniyani muhim hamkorlar qatorida ko‘ramiz, negaki Ispaniya Yevroittifoq tarkibida beshinchi iqtisodiyotga ega. Ispaniya biz uchun, strategik deya olmasam-da, istiqbolli hamkorlardan biri sanaladi», – deb ta'kidlagan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi. 

ICEX agentligi Ispaniya qirolligining chet eldagi iqtisodiy manfaatlari va uning hamkor davlatlar bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlash uchun xorijda 100ga yaqin ofislarni tashkil etgan.

Mavzuga oid