Iqtisodiyot | 18:41 / 19.06.2018
6864
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga noqonuniy olib kirishga urinilgan vitaminlar to‘xtatib qolindi

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, respublikaga chetdan olib kelinadigan dori-darmon vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari majburiy tartibda sertifikatlanadigan tovarlar turiga kiradi. Shuningdek, bu turdagi tovarlar davlat tilida ham markalanishi lozim.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan respublikaga bojxona rasmiylashtiruvi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan dori-darmon vositalarining olib kirilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarligi fosh etildi.

“Keles” temir yo‘l chegara bojxona postida Olmaotadan kirib kelgan yo‘lovchi poyezdi belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, yo‘lovchilardan biri, qo‘shni davlat fuqarosi O.N. yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, “Accele8”, “Elev 8”, “B-EPIC” nomli 22 quti hamda 19 dona vitaminlarni olib kirayotganligi aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ayni shu poyezdning yana bir yo‘lovchisi, qo‘shni davlat fuqarosi D.G esa “S.L.I.M”, “VITALITY SPRAY”, “MULTI VITAMIN” hamda “VERATROL PLUS” nomli 4 turdagi 218 dona sprey shaklidagi vitaminlarni bojxona nazoratidan yashirincha olib kirayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Mazkur ikkala holat yuzasidan vaqtincha olib qo‘yilgan yuqoridagi tovarlarning qiymati 43,5 mln. so‘mdan ortiqni tashkil qilmoqda.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid