Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekish taqiqlanishi mumkin
20 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakatni rivojlantirishning bugungi bosqichida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va amalga oshirilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshladilar.
Kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish huquqi mazkur sohada xizmat ko‘rsatadigan yuridik shaxslarga berilib, ular yengil avtomobillar va mototransport vositalarini o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish shartnomasini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkinligi belgilanmoqda.
Kun tartibiga kiritilgan navbatdagi qonun loyihasi ta'lim sohasidagi islohotlarining qonuniy asoslarini yaratayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, unda ta'lim tizimidagi yangi yo‘nalishlar qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Mazkur qonun loyihasi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta'limda 11 yillik tizimining majburiyligi, kasb-hunar ta'limining 11 yillik bazadan so‘ng ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi, nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, mazkur faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish hamda nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini soddalashtirishni nazarda tutadi.
So‘ngra deputatlar yangi tahrirdagi «O‘simliklar karantini to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qildilar. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida prezidentning sohani takomillashtirishga doir farmon va qarorlaridagi g‘oyalarni singdirishga jiddiy e'tibor qaratildi.
Shuningdek, mas'ul qo‘mita tomonidan mazkur loyiha yuzasidan hududlarda soha mutaxassislari, tadbirkorlar, dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari bilan davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi va ulardan 100 dan ortiq takliflar olindi.
Majlisda shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan bir guruh deputatlar tomonidan quyi palata muhokamasiga kiritilgan «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalarni chekishni cheklash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta'kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi fuqarolarning sog‘lig‘ini chilimlar va elektron sigaretalarning zararli ta'siridan, u bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, xususan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga, shuningdek butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimiz jamoatchiligi o‘rtasida ham kashandalikka qarshi kurash muhitini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
Munozaralar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillari tomonidan qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekish keng tarqalishining, chilim va elektron sigaretalarni chekilishi natijasida kelib chiqadigan kasalliklarning, shuningdek guruh bo‘lib chekish oqibatida yuqish xavfi bo‘lgan yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga xizmat qilishi qayd etib o‘tildi.
Deputatlar shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonunni ham qabul qildilar.
Majlis davomida parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
18:07 / 16.10.2024
Oliy Majlis saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi
17:44 / 20.09.2024
«Haddini bilmaganlarni mehmon deyolmaymiz» – O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi
23:26 / 25.06.2024
2024 yilning 5 oyi davomida yo‘l-transport hodisasi oqibatida 65 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi - Senat
22:58 / 25.06.2024